
2025 yilning yanvar–sentyabr oylari yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston turizm sohasida o‘sish sur’ati bo‘yicha jahon reytingida yettinchi pog‘onani egalladi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi World Tourism Barometer xalqaro hisobotiga tayanib ma’lum qildi. Ko‘rsatkichlar mamlakat uchun nafaqat quvonarli, balki strategik jihatdan ham muhim natija sifatida baholanmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, respublikaga tashrif buyurgan xorijiy sayyohlar soni pandemiyagacha bo‘lgan 2019 yilgi darajadan 73 foizga yuqori bo‘lgan. Bu O‘zbekistonning global turistik bozordagi mavqei tiklanibgina qolmay, yangi bosqichga ko‘tarilganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, turizm oqimini tiklash sur’ati bo‘yicha mamlakat Yevropada ikkinchi o‘rinni egallab, 2024 yilga nisbatan 13 foizlik o‘sish bilan mintaqaning eng jozibali to‘rt yo‘nalishidan biri sifatida e’tirof etildi.
2025 yil O‘zbekiston turizmi uchun ichki rekordlar yili ham bo‘ldi. Yilning 11 oyi mobaynida mamlakatga 10,7 milliondan ortiq xorijiy mehmon tashrif buyurdi. Ayniqsa, aprel oyidan boshlab har oylik turistlar oqimi barqaror ravishda 1 million kishidan oshib borishi soha uchun yangi tendensiya shakllanayotganini anglatadi.
Turizm xizmatlari eksporti ham sezilarli darajada o‘sdi va 4,4 milliard dollardan oshdi. Mutaxassislar bu natijani vizasiz rejimning kengaytirilishi, avia va temiryo‘l qatnovlarining ko‘payishi, shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro maydonda faol targ‘ib qilinishi bilan bog‘lamoqda.
An’anaviy turistik markazlar — Samarqand, Buxoro va Xiva hamon asosiy qiziqish nuqtalari bo‘lib qolmoqda. Biroq so‘nggi paytlarda ekologik, gastronomik va mintaqaviy turizm yo‘nalishlariga bo‘lgan talab ham keskin ortmoqda. Ayniqsa, uzoq xorijiy davlatlardan kelayotgan sayyohlar ulushining o‘sishi O‘zbekistonning dunyo xaritasidagi turistik jozibadorligi mustahkamlanayotganidan dalolat beradi.
Qisqasi, 2025 yil natijalari O‘zbekiston turizmi uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochib, mamlakatni jahon miqyosidagi yetakchi yo‘nalishlar sari yana bir qadam yaqinlashtirdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.