20:39 / 17.06.2018
9 440

O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati: islohot sabablari (foto)

O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati: islohot sabablari (foto)
2018 yilning 5 aprelida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston Respublikasining Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi.

Milliy xavfsizlik xizmatini (MXX) isloh qilish doirasida idoraning nomi Davlat xavfsizlik xizmatiga (DXX) o‘zgartirildi. Mazkur xizmatning isloh qilinishi haqida ilk bor prezident 2017 yil yakunlari bo‘yicha mamlakat parlamentiga murojaatnomasida aytib o‘tgan edi. 2017–2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi umumiy konsepsiyasida bu rejali va oqilona qadam sifatida tilga olingan: «MXXni isloh qilish fursati yetib keldi…». Bu gaplar bilan davlatimiz rahbari qonunning qabul qilinishi zaruriyati va fursat yetib kelganini ta’kidlagan edi.

Biz hujjatni tahlil qilib, bunga sabablarni tushunishga va xulosalar chiqarishga qaror qildik.

Tarixdan bir shingil

Shu faktni qayd etish joizki, SSSR davrida Davlat xavfsizlik xizmati katta rol o‘ynagan va ulkan vakolatlarga ega bo‘lgan. SSSRda DXQ (KGB) 1954 yilning 13 martida SSSR Ministrlar kengashi qoshida tuzilgan edi. DXQ tarkibida tuzilmaning bosh boshqarmasi bilan birgalikda 21 boshqarma mavjud edi va butun mamlakat bo‘ylab DXQning «birinchi bo‘limi» faoliyat ko‘rsatib, u korxona va muassasalarda ish olib borgan: jamoatchilik kayfiyati ustidan nazoratni vujudga keltirgan. Xalq o‘rtasida DXQ «qilich va qalqon» tashkiloti deyilar, bunga idoraning ramzi asos bo‘lgan edi. Ko‘pchina tashkilot ishida «qalqon» emas, «qilich» prinsipi ishga solinishi haqida gap-so‘zlar yurardi, bu holda tuzilmaning kuchishlatar uslublari va total ijtimoiy nazoratni qo‘llashiga shama qilishardi. DXQ hamma ish bilan shug‘ullanardi — birinchi shaxsni qo‘riqlashdan tortib, razvedkagacha.

O‘tgan asrning 60-yillarida DXQning ahamiyati yanada oshdi, chunki 1967 yilda unga Yuriy Andropov rahbar etib tayinlandi. 1978 yilda DXQning beshinchi bo‘limi siyosiy qatag‘onlarni qo‘llay boshladi. Hattoki Yuriy Andropovning KPSS MQga ishga o‘tganidan so‘ng ham u eng asosiy lavozimlarga o‘ziga sadoqatli insonlarni qo‘ya boshladi. 70-80-yillarda xalq DXQni «kontora» deb atay boshladi, bunda tuzilma rahbariyati partiyaga oidligiga ishora qilindi. DXQ o‘z «yuzi»ni yo‘qota boshladi. 80-yillar so‘ngida uni qayta jonlantirishga urinish bo‘ldi, DXQ tuzilmalari respublika hokimiyati organlari tasarrufiga o‘tdi, biroq SSSR inqirozga uchrab, parchalangach — 1991 yilda qo‘mita tarqatib yuborildi.

Sovet ittifoqi tanazzulga uchragach, respublika manfaatlarini himoya qilish maqsadida 1991 yilning 25 avgustida O‘zbekiston SSR prezidenti farmoni bilan Davlat xavfsizlik qo‘mitasi (DXQ) respublika yurisdiksiyasiga olinib, partiyadan ajratildi. 1991 yilning 26 sentyabrida O‘zbekiston SSR DXQsi O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmatiga aylantirildi. Idoraga general-leytenant G‘ulom Aliyev rahbar etib tayinlandi.

1995 yilda MXXga G‘ulom Aliyevning o‘rinbosari Rustam Inoyatov rahbar bo‘ldi. Idoraning vazifasi sirasiga endi mustaqil O‘zbekistonning hududiy yaxlitligi va suverenitetini saqlash bo‘lsa-da, ish tuzilmasi va kadrlar tizimi eski davrning «merosxo‘ri» sifatida qolaverdi.

MXXning faoliyati haqidagi nizom 26 yil muqaddam tasdiqlangan edi. Mirziyoyevning baholashicha, bu davr ichida MXX o‘z vakolatlari va faoliyat ko‘rsatish sohasini asossiz ravishda kengaytirgan, garchi xizmat haqidagi qonun tuzilmasi o‘zgarmagan bo‘lsa ham. Hukumatning yangi strategiyasi shakllantirilishi jarayoni va tarixiy shart-sharoitlar inobatga olinib, idorani isloh qilish va qayta tashkil etish masalasi ko‘ndalang bo‘ldi. O‘zining navbatdagi chiqishlaridan birida Shavkat Mirziyoyev MXXning «idora»ni ro‘kach qilib xalq va vatan manfaatlarini mensimasdan barcha sohalarga aralashish vaqti o‘tganini bayon qildi. Tarix nuqtai nazaridan bu absolyut normal jarayondir: yangi yetakchi — yangi dinamika degani. Mazkur holatda xavfsizlik va qonuniylik dinamikasi ishga tushdi.

Kadrlar hammasini hal qiladi

Foto: Bosh prokuratura
2018 yil yanvar oyining oxirlarida prezident MXX raisi general-polkovnik Rustam Inoyatovni lavozimidan ozod qilish haqidagi farmonni imzoladi. Davlat xavfsizlik xizmatiga respublikaning bosh prokurori bo‘lib ishlab turgan Ixtiyor Abdullayev yangi rahbar etib tayinlandi. Ixtiyor Abdullayev sud tizimi — huquqni himoya qiluvchi va nazorat etuvchi organlar harakatlarini muvofiqlashtiruvchi, qonunchilikni monitoring etuvchi tizimda ishlagani inobatga olinsa, uning DXX raisi lavozimiga tayinlanishini oqilona qaror deyish mumkin. Bosh prokuraturaning DXX faoliyati ustidan nazorat etish omili hisobga olinsa, bu holatda ham sobiq bosh prokurorning tajribasi juda asqotadi.

OAVga bergan intervyularidan birida Ixtiyor Abdullayev 26 yil mobaynida xizmatning faoliyati qonun doirasida tartibga solinmagani, bu esa, o‘z navbatida, juda ko‘plab muammolarni keltirib chiqarganini qayd etdi.

Kadrlar borasida so‘z ochilsa, DXXda strukturaviy siljish yuzaga kelganini qayd etmoq kerak. Endi DXX rahbari va uning o‘rinbosarlarini mamlakat prezidenti tayinlaydi. Ilgari MXX raisining birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlari MXX raisining tavsiyasiga ko‘ra prezident huzuridagi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tayinlanar edi. Bunday o‘zgarish muhim lavozimlar ustidan nazoratning kuchaytirilganiga o‘xshaydi. Bu qonun nuqtai nazaridan o‘zini oqlaydimi? To‘liq oqlaydi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti fuqarolar huquqlari va erkinliklari kafolati bo‘lib xizmat qiladi hamda mamlakat suvereniteti va xavfsizligini himoya qilish bo‘yicha zarur choralarni qo‘llaydi, shu sababli bunday qadam to‘liq mantiqli hisoblanadi.

Yangi qonun — yangi prinsiplar?

Qonun vazifa, ish strukturasi, uslublari va prinsiplarini aniqlashtiruvchi 9 bob va 48 moddadan iborat. Birinchidan qonuniy asosiy tushunchalari bu: davlat xavfsizligi, davlat manfaatlari, razvedka va kontrrazvedka faoliyatidir. Bu yerda hammasi shaffof va tushunarli. Faoliyatning asosiy yo‘nalishi sifatida davlat xavfsizligini ta’minlash, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash, davlat sirlarini qo‘riqlash, strategik tashabbuslarni amalga oshirishda ishtirok etish (mudofaa qobiliyati).

Prinsiplarga to‘xtaladigan bo‘lsak, yangi qonunda ular huquqiy asosni saqlab qoldi, biroq yanada ijtimoiy muhimlik kasb etdi. Masalan, fuqarolarning yordamiga tayanish va DXXga ko‘mak ko‘rsatish uchun rag‘batlantirish, davlat organlarida korrupsiyaga qarshi kurash, madaniy-tarixiy va ma’naviy meroslarni himoya qilish kabilarda.

Qonun tizimining o‘zi ham asosiy protsessual jihatlarni e’tiborga olishini ham qayd etmoq joiz. Masalan, tezkor faoliyat davomida DXX xodimlarining turar-joylarga kirishida prokurorni 24 soat ichida yozma ravishda xabardor qilish singari.

Jismoniy kuch, maxsus vositalar va qurollarni ishlatish chegarasiga ham alohida e’tibor berilgan. Masalan, insonning boshi, bo‘yni, o‘mrov sohasi, qoni, jinsiy a’zolari va yurak proyeksiyasi sohasiga rezina tayoq bilan urish taqiqlanadi, bu holda fuqarolar va DXX xodimlarining hayotiga real tahdid tug‘diruvchi qurolli qarshilik ko‘rsatish va guruh bo‘lib hujum qilish istisno etiladi.

Mustaqillik prinitsipi: xizmat faqat qonunga bo‘ysunadi. Davlat organlari va mansabdor shaxslarning idora ishiga aralashuvi taqiqlangan, bu esa DXX harakatlari xolisona va mustaqil olib boriladi, degani;

Yagonalik prinsipi: idora markazlashgan, rais tomonidan boshqariladi, rais esa o‘z navbatida faqat prezidentga bo‘ysunadi;

Konspiratsiya prinsipi: bu xizmatning ixtisoslashgani, axborotni olish va saqlash inobatidan faoliyatning maxsus tartibi hisoblanadi.

Qonunga rioya qilish

Yuqorida biz o‘z faoliyatini amalga oshirishda faqat O‘zbekiston Respublikasiga bo‘ysunadi va hisob beradi, deb yozdik. U shuningdek Oliy Majlis Senatining mudofaa va xavfsizlik masalalari bo‘yicha qo‘mitasiga o‘z faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha muntazam axborot berib turadi. DXX faoliyatida qonunlarning aniq va og‘ishmasdan amal qilinishi ustidan nazorat O‘zbekiston Respublikasining bosh prokuraori va unga bo‘ysunadigan prokurorlar tomonidan amalga oshiriladi.

Bunday ko‘rinishdagi nazorat xizmat ishida qonuniylik prinsipini ta’minlash uchun zarur. DXX to‘g‘risidagi qonunda Konstitutsiyaga rioya qilish me’yorlari aniq yozib qo‘yilgan. Binobarin, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga rioya qilish ham. Yangi qonun bilan Davlat xavfsizlik xizmati O‘zbekistonning konstitutsiyaviy tuzumi, suvereniteti va manfaatlarini ichki va tashqi tahdidlardan himoya qiluvchi maxsus vakolatli organi sifatida qayd etilgan. DXX rahbari prokuratura organlarida katta ish tajribasiga ega ekanligidan kelib chiqsak, qonuniylik prinsipi ustuvorligi yanada o‘zini oqlaydigan ko‘rinishga keladi.

Fuqarolar va davlat himoyasi


Davlat mexanizmida muhim jihatlardan biri rivojlanishning barqarorligi va tinchlik ta’minlanishidir. Davlat va jamiyat uchun ham jahon, ham mintaqa nuqtai nazaridan xavfsizlikka tahdid dolzarbligicha qolmoqda. Masalan IShID terrorchilarining faollashuvi, qurol-yarog‘ va narkotik moddalarni olib kirishga urinishning ko‘payishi, turli ayirmachi kuchlarning din va madaniyatni dastak qilib, jamiyatga ta’sir o‘tkazishga urinishi kabilar.

Jahon miqyosida davlatni beqarorlashtirishga «investitsiya» kiritish deb ataluvchi muammo ayniqsa dolzarb bo‘lib turibdi. Bu legitim hokimiyatni ag‘darish bo‘yicha turli loyihalar, davlatni ichidan yemiruvchi siyosiy ekstremizmdir. Bu masalalar MDH bo‘yicha ayrim «qo‘shni»larimizni chetlab o‘tmadi. Davlat tizimi va iqtisodiyot puli to‘lab qo‘yilgan «siyosiy muxolifat», «rangli inqiloblar», diniy fanatiklar tomonidan vayron qilinadi. Barqarorlik va tinchlikka ushbu tahdidlarni hisobga olib, jamiyat va mamlakat xavfsizlik tashkiloti Davlat xavfsizlik xizmati faoliyati va tashkiloti tizimiga yangicha nigoh tashlashni taqozo etadi.

Xulosa

«Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida»gi qonun, kadrlar almashinuvi va o‘rnatilgan qonuniylik va huquq ustuvorligini tahlil qilar ekanmiz, ishonch bilan aytish mumkinki, o‘zgarishlar davri yetib kelgan. Bu davrda maxsus xizmat monopolist bo‘lmaydi. Bu esa barcha davlatlar o‘z tarixining u yoki bu davrida boshdan kechiradigan normal jarayon hisoblanadi. Davlat xavfsizligi birinchi navbatda «qalqon» bo‘lgan davlatlarda fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonun va tinchlik himoya qilinadi.
Natasha Kucheryavaya

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati: islohot sabablari (foto)