Hojatxonaga tashlab ketilgan chaqaloq 28-yildan so‘ng oilasini topdi...

Foto: mp.weixin.qq.com
Insoniyat tarixida ba’zan shunday voqealar yuz beradiki, ularning zamiridagi fojia va keyingi mo‘jizaviy baxt kishini hayratga solmay qo‘ymaydi. Xitoyda yuz bergan bir oilaviy drama va oradan 28-yil o‘tib yangragan shodlik sadosi bugun dunyo ommasi e’tiborini tortmoqda. Zamin.uz mudhish taqdir sinovlaridan o‘tib, o‘z ildizlarini topgan qizning hikoyasini taqdim etadi.
Xitoylik Xun Yanli oilada uchinchi qiz bo‘lib dunyoga kelganida, hali o‘zini qanday sinovlar kutayotganini bilmas edi. Uning onasi Yan Syaoin endigina tug‘ruqdan keyin tiklanayotgan, otasi esa safarda bo‘lgan bir paytda, xonadonning kattasi — bobo "nevaraga o‘zim qarayman" deya chaqaloqni olib chiqib ketadi. Ammo qalbida faqat o‘g‘il nevara orzusi bo‘lgan qariya, ojiza go‘dakni qo‘shni qishloqdagi jamoat hojatxonasiga tashlab yuboradi.
Tasodifiy najot va Yevropa sari yo‘l
Yaratganning marhamati bilan yo‘lovchilardan biri go‘dak yig‘isini eshitib qoladi. Chaqaloqning yonidan ozroq mablag‘, sut kukuni va tug‘ilgan sanasi yozilgan xat topiladi. Bolalar uyiga topshirilgan qizaloqning taqdiri bir yildan so‘ng tubdan o‘zgaradi: uni Niderlandiyadan kelgan mehribon juftlik asrab olib, Yevropaga olib ketadi.
Xun Yanli Niderlandiyada to‘kis mehr va g‘amxo‘rlik og‘ushida voyaga yetdi. U nafaqat yuqori ma’lumot oldi, balki ilm-fan cho‘qqilarini zabt etib, doktorlik dissertatsiyasini ham muvaffaqiyatli himoya qildi. Biroq qalbining bir chetidagi "men kimman?" degan savol uni tinch qo‘ymasdi.
28 yillik ayriliqqa nuqta qo‘yildi
Ko‘ngillilar yordamida DNK namunasini topshirgan Xun Yanli, nihoyat, o‘z biologik ota-onasini topdi. 14 mart kuni u tug‘ilgan qishlog‘iga tashrif buyurdi. Uni haqiqiy bayram — mushakbozlik va tantanalar bilan kutib olishdi.
- Ona iztirobi: Qizning onasi qaynotasini bu qilmishi uchun bir umr kechirmaganini va u o‘lguniga qadar gaplashmaganini so‘zlab berdi.
- Ota sovg‘asi: Yillar davomida aybdorlik hissi bilan yashagan ota, qiziga oltin bilaguzuk va nafis nefrit taqinchoq sovg‘a qilib, o‘z sog‘inchini ifoda etdi.

Foto: mp.weixin.qq.com
"Bir oila — bir farzand" siyosatining achchiq mevasi
Xitoyda 1980-1990-yillarda yuritilgan demografik cheklovlar minglab qizlarning taqdirini ostin-ustun qilib yuborgan edi. O‘g‘il bolani avlod davomchisi va qarilikdagi suyanchiq deb bilishgan an’anaviy qarashlar ko‘plab oilalarni o‘z jigarbandlaridan voz kechishga majbur qilgan. Xun Yanlining voqeasi — ana shu davrning minglab aks-sadolaridan biridir.
Endilikda xitoylik ota-ona yozda Niderlandiyaga safar qilib, qizini tarbiyalab, voyaga yetkazgan xorijlik juftlikka o‘z minnatdorchiligini bildirmoqchi.
Aziz muxlislar, sizningcha, inson o‘z ildizlarini qancha vaqt o‘tsa ham izlashi kerakmi? Farzand jinsiga qarab ajrim qilish insoniylikka to‘g‘ri keladimi?
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!