Nazarbekov yoshlar uchrashuviga Hermes'ning $1200 lik poyabzalida bordi

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov 12 mart kuni Andijonda bo‘lib o‘tgan “Vazir va yoshlar uchrashuvi”ga qimmatbaho, dizaynerlik oyoq kiyimida qatnashdi. Bu vazirlikning rasmiy sahifalarida e’lon qilingan videolarda ko‘rish mumkin.
Tadbirda, Madaniyat vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 300 nafarga yaqin yoshlar ishtirok etdi. E’tiborli tomoni shundaki, vazir Hermes brendiga tegishli, Yevropa va AQSHda 1200 dollardan qimmat turadigan oyoq kiyimda borgan. Bu Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2022 yil 14 oktyabrda qabul qilingan “Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloq qoidalariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorga to‘g‘ri kelmaydi.
Qarorning 6-bandida davlat xizmatchisining tashqi ko‘rinishi mehnat shartlari va xizmat turiga qarab, fuqarolarga hurmatni namoyon qilishi, umumiy ish uslubiga muvofiq bo‘lishi, rasmiylik, xolislik, kamtarlik va intizomni saqlashi lozimligi qayd etilgan. Ya’ni, davlat xizmatchisining tashqi ko‘rinishi kamtarona bo‘lishi shart.

Hermes rasmiy sayti ma’lumotiga ko‘ra, Ozodbek Nazarbekov kiygan oyoq kiyim — “Bouncing sneakers” modeli AQSHda o‘rtacha 1275 dollardan sotiladi. Yevropa uchun 895 yevro, Angliyada 970 funt sterling, Osiyo davlatlariga esa taxminan 15 mln so‘mdan yetkaziladi. O‘zbekistonga bunday tovarlar 1000 dollardan yuqori bo‘lsa, 30 foiz boj solinadi, shuning uchun poyabzal mahalliy mijoz qo‘liga taxminan 1500 dollarga yetadi.
Ma’lumot uchun, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021 yil 6 iyulda qabul qilgan farmonda davlat xizmatchilari va davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlar rahbarlari, ularning oila a’zolari mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish tizimi joriy qilingani qayd etilgan. Ammo hali hamon “Davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinmagan.