O‘zbekiston yoshlar va o‘smirlar terma jamoalari Osiyo chempionatiga 3ta maqsad bilan boradi.
Birinchisi - Jahon chempionati yo‘llanmasiga ega chiqish;
Ikkinchisi - Finalga chiqish;
Uchinchisi - Chempion bo‘lish.
Kattalar futbolidan farqli o‘laroq o‘smirlar va yoshlar chempionatida JCH yo‘llanmasi eng avval hal qilinadi. Chunki chorak finaldan o‘tdingiz degani - JCH yo‘llanmasi cho‘ntakda degani. Buyog‘iga natija qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, yarim finalga yetib kelgan 4ta jamoa U-17 jahon chempionati ishtirokchisi hisoblanadi.
Tailandda bo‘lib o‘tayotgan U_17 Osiyo chempionatida O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi birlamchi vazifani uddaladi. Avvalgi bosqichda Saudiya Arabistonini 2:0 hisobida mag‘lub etish bilan birga ham yarim finalga yo‘l oldik, ham JCH chiptasiga ega bo‘ldik.
Endi ikkinchi vazifani bajarish turibdi: yarim finalda Janubiy Koreyani mag‘lub etib, finalga chiqish. Ikkinchi vazifa bajarilsa uchinchisi haqida o‘ylaymiz, ammo bunga hali erta. Avval koreyaliklar to‘sig‘idan o‘tishimiz kerak.
Janubiy Koreya bu - Saudiya Arabistoni emas, ularning futboli ancha yaxshi. Mazmunli, ham sifatli. Tezlik borasida ulardan qolishmaymiz, texnika borasida ham ortda emasmiz, jismoniy kuch borasida ham kurasha olamiz. Faqat bitta jihatda ulardan ortda bo‘lishimiz mumkin: tez fikrlash, tez qaror qabul qilish.
Futbol - yuksak aql talab etiladigan o‘yin. Va odatda aql va fikrlash tomonlama ustun jamoa g‘alaba qozonadi. Janubiy Koreya to‘sig‘idan o‘tish uchun ular kabi tez fikrlay olishimiz kerak. Tezkor qaror chiqarish faqat foydamizga xizmat qiladi deb o‘ylayman. Ular kabi tez fikrlab ular darajasiga chiqamiz va ularni shu yo‘l bilan yenga olamiz.
Taktika, texnika, tezlik, jismoniy kuch - bu tomonlama muammo yo‘q, Xudoga shukur. Endi tez fikrlash ham kerak. Maydonda uyqusirab Koreyani yuta olmaymiz. Bir muddat mudrab qolsangiz, ular gol urib yutib ketadi. Shunday ekan, aslo "uxlab qolmang", hamisha tetik bo‘ling, 90 kerak bo‘lsa 120 daqiqa hushyor turing, Yaratganning o‘zi bizni qo‘llaydi.
P.S. Naqib qilsa, ertadan uchinchi maqsad haqida gapirishni boshlaymiz.
Muallif: Xayrulla Xoliqov
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring