Riberi advokati unga qo'yilgan ayblovlarni rad etdi

So'nggi kunlarda oshkor qilingan «Epshteyn fayllari» butun dunyoda katta shov-shuvga sabab bo'ldi. Hujjatlarda futbol olami ham chetda qolmadi: ularda Fransiya terma jamoasining sobiq a'zosi va «Bavariya»ning sobiq futbolchisi Frank Riberining ismi ham tilga olingan. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Vaziyat yuzasidan Riberining manfaatlarini himoya qiluvchi advokat Karlo Alberto Bruza ijtimoiy tarmoqlarda munosabat bildirdi. U tarqalayotgan ma'lumotlarni yolg'on, deya atadi.
«Bu feyk! Ertadan boshlab janob Riberining advokati sifatida chiqaman va mijozim hamda uning oilasi sha'niga putur yetkazadigan yolg'on xabarlarni tarqatayotganlarni jazolash uchun barcha zarur yuridik choralarni ko'raman», — deb yozdi Bruza.
Qayd etilishicha, Riberining ismi e'lon qilingan fayllarning uch sahifasida uchragan. Taxmin qilinayotgan jabrlanuvchi uni noqonuniy fohishabozlik bilan bog'liq aloqalarda ayblagan, shuningdek Riberining iltimosiga ko'ra uchinchi shaxs tomonidan bir kishiga hujum qilinganini ham da'vo qilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!