Antonin Panenka panenka uslubidagi penalti haqida gapirdi

Afsonaviy futbolchi Antonin Panenka penalti tepishda "panenka" uslubidan foydalanish raqibni mensimaslik degan fikrga qo‘shilmasligini aytdi. U bu zarbani 1976 yilgi Yevropa chempionati finalida amalga oshirgani bilan mashhur. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Panenkaning ta’kidlashicha, o‘sha vaziyatda u raqib ustidan kulish haqida emas, balki gol urish ehtimoli eng yuqori bo‘lgan yechim haqida o‘ylagan. "Bunday zarba raqibga hurmatsizlikmi? Men bunga qo‘shilmayman. O‘sha paytda bu gol urishning eng ishonchli yo‘li deb o‘ylagandim. Yevropa chempionati finalida raqib ustidan kulish xayolingga ham kelmaydi. Men futbolni yaxshi ko‘raman va hech kimni masxara qilishni istamaganman. Men uchun bu gol urishning eng yaxshi yo‘li edi", — dedi Panenka Cadena SER radiosining El Larguero dasturida.
Shuningdek, u avvalroq o‘z fikricha, Brahim Dias Afrika millatlar kubogi finalida nega "panenka" uslubida gol ura olmagani sabablarini ham izohlagandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!