Al-Nasr bosh murabbiyi Ronalduga dam berilganini aytdi

"Al-Nasr" bosh murabbiyi Jorje Jezush Krishtianu Ronalduning yaqinlashib kelayotgan o‘yinda maydonga tushmasligi sababini izohladi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Ar-Riyod klubi chorshanba kuni OFK Chempionlar ligasi doirasida "Arkadag"ga qarshi bahs o‘tkazadi. Portugaliyalik yulduz hujumchi boykotdan so‘ng tez orada safga qaytishi kutilayotgandi, biroq bu uchrashuvda ham u tarkibda bo‘lmaydi.
Jezushning so‘zlariga ko‘ra, jamoa tig‘iz taqvim sabab Ronalduni va asosiy tarkibdagi yana bir qator futbolchilarni asrashga qaror qilgan. Murabbiy oldinda chempionatdagi "Al-Fateh"ga qarshi muhim o‘yin turganini ta’kidladi.
Shuningdek, u Ronalduning Saudiya Arabistonidan tashqarida o‘tadigan uchrashuvlarni o‘tkazib yuborishi yangilik emasligini, bu holat avval ham bir necha bor kuzatilganini eslatdi. Jezushning fikrlarini Al Nassr Zone keltirdi.
Saudiya chempionatida "Al-Fateh" — "Al-Nasr" bahsi shanba kuni, 14-fevralda bo‘lib o‘tadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!