Poytaxtimizning Navoiy ko‘chasida, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi binosining shundoq yonida Saidxo‘ja ismli shinavanda yigit qo‘li-qo‘liga tegmay yeguliklar sotadi. Mana, u odatdagidek, sheriklari bilan bahslashmoqda. Stol ustida “InterFutbol”ning ruscha nashri.
- Tortishmanglar, pul qochib ketadi, - dedik ularga luqma tashlab va Saidxo‘jadan so‘radik:
- Futbolga qattiq qiziqasizmi?
Tamom. So‘rog‘imiz yakunlanmay turib, muxlisimiz tilining tushovi yechildi:
- “Paxtakor”ga nima bo‘lyapti? Muxlislariga-chi? Yaqinda Shimkentga borib, Roma amaki mehmoni bo‘ldim. Bitta katta xonaning devorlariga bo‘sh joy qoldirmay, “Paxtakor”ning mashhur futbolchilari suratlarini yopishtirib chiqibdi. Mezbon boshqa mavzuga chalg‘imay, nuqul sevimli jamoasi ahvolini surishtirdi. Men esa o‘zgarishlar sezilayotganligini aytdim, lekin maqtanolmadim.
Unga tasalli berib, murabbiy asosiy tarkibni tanlash va shunga yarasha uslub shakllantirishda qiynalayotganini, nasib etsa, hammasi izga tushishini ta’kidladik.
Shu kuni yana ikki qo‘ng‘iroq alohida e’tiborimizni tortdi. Avvaliga bir talaba - muxlis hammani “Bunyodkor” - “Buxoro” uchrashuviga ommaviy tarzda jo‘nashayotganini aytib, o‘yin natijasi bilan bog‘liq fikrimizni bilishga qiziqdi. Unga “Bunyodkor”da nisbiy ustunlik mavjudligi tushuntirdik va ommaviylikdan biroz ajablanganimizni aytdik.
- Mayli, futbol - talaba yoshlarning jonu-dili, - dedi u o‘ziga xos “diplomatiya” bilan. Keyin esa telefon go‘shagida doimiy muxlisimiz G‘ulomjon aka Hamidovning shodu-xurram ovozi yangradi:
- Muhammadjon! She’rlarimga e’tibor qaratmayapsizlarmi? Birov o‘qimayaptimi? Biz tomonga ham bir qiyo boqinglar. Lekin hozir kayfiya-tim chog‘. JCH-2018ga 2ta chipta sotib oldim. Ochilish marosimi va birinchi o‘yinga, yana Argentina - Islandiya uchrashuviga.
Birinchisi 440, ikkinchisi 330 dollarga tushdi. Bunday imkoniyatdan foydalanmasak bo‘lmaydi. Messi ijrosidagi o‘yinni stadionda turib kuzatmoqchiman. U “Sevilya” bilan bahsda maydonga tushmasa, “Barsa” rosa qiynalardi. Messi - yarim jamoa!
Faxriy muxlisning to‘xtamay so‘zlashidan zavqimiz toshdi. Salkam 80 yoshda shuncha g‘ayrat-shijoatni saqlab qolish - futbolga muhabbat va sog‘lom turmush tarzining natijasi.
Muhtaram muxlis! Sezib turibsizki, ushbu muloqotlarda bugungi futbol muhitimiz manzaralari o‘z aksini topgan. Go‘yo Saidxo‘janing so‘zlarini eshitgandek, Shota Arveladze “Neftchi”ga qarshi kechgan bahsda asosiy tarkibga o‘zgacha yondashdi. Bu safar Vladimir Kozak, Azim Ahmedov va Jasur Yaxshiboyevga imkoniyat yaratdi.
Muhimi, yigitlar murabbiyni uyaltirishmadi. O‘yindan, gollardan “sherlar”ning muxlislari rosa yayrashdi. Yana Shota Arveladzega savol: “Nihoyat, asosiy tarkib borasida bir to‘xtamga keldingizmi yoki izlanishlar mavsum oxirigacha davom etadi?” “Neftchi” esa “Stok Siti” kabi bahsning birinchi bo‘limida yaxshi ko‘rindi, aniqrog‘i, nisbatan ishonchli himoyalandi.
Deylik, Doston Tursunov jamoadoshlarini yetarlicha ruhlantirdi. Biroq birinchi bo‘lim oxiridagi avtogol “Neftchi”dagi maromni buzib yubordi. Eng achinarlisi, farg‘onaliklar 4 ta o‘yinda ham gol urolmadilar. Bu - jiddiy o‘ylashni taqozo etuvchi muammo.
Ana, tarkibdagi o‘zgarishlar sabab, “Paxtakor” o‘yinida jonlanish sezildi. Nazarimizda, “Neftchi” ham tarkib va taktik jihatdan shunday yangilanishga muhtoj. Aks holda, jamoaning o‘tgan mavsum bejiz oliy liga autsayderiga aylanmagani yana bir bor o‘z isbotini topadi.
“Qizilqum” mutasaddilarining dastlabki 3ta turdan tegishli xulosa chiqarishgani esa quvonarli hol. “Neftchi” rahbariyati ham Superligada ishtirok etish uchun berilgan imkon-imtiyoz hurmatidan vaziyatni nazorat ostiga olishi darkor. Fursat kutib turmaydi.
Faqat tezkor qarorlar jamoani qutqaradi. Umuman olganda, “So‘g‘diyona” va “Neftchi” tarkibida iste’dodli futbolchilar mavjud. Lekin har ikki jamoa boshqalarga nisbatan bo‘sh o‘yin ko‘rsatayotgani beixtiyor murabbiylar mavzusini yodga soladi. Fikrimizcha, ushbu klublar murabbiylar shtabi yangi va malakali mutaxassislarga ehtiyoj sezmoqda.
Kezi kelganda aytib o‘tamiz, malakali murabbiylar mavzusi hattoki, Superliga miqyosida muhokama qilishga arzigulik masala. To‘g‘ri, elit divizion uchrashuvlari qizg‘in kechmoqda, bahslarda shiddat yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Afsuski, bu hol saviya yuqoriligidan darak bermaydi. Superliga jamoalarini, asosan, kamtarona saviyaga ega murabbiylar boshqarishmoqda.
Ularning darajalarini oshirish - futbolimiz va Superliga saviyasini ko‘tarish demak. Futbolimiz mutasaddilari chempionat formati va reglamentini o‘zgartirib, zarur tashkiliy islohotlarni amalga oshirishdi. Superliganing 4ta turi doirasidagi bahslar ko‘rsatdiki, endigi islohot murabbiylar saviyasi bilan bog‘liq.
Balki O‘FA tashabbusi bilan yevrofutbolning taniqli mutaxassislari ishtirokida har bir jamoada sayyor darslar tashkillash kerakdir. Ehtimol, butunlay boshqacha yo‘l tanlanar. Har holda, bu muammo yechimini ortga surish yaramaydi. Murabbiylarning yangi avlodini tarbiyalaguncha futbol yana va yana olg‘a bosadi.
Ortda qolmaslikning yagona yo‘li - hozirgi murabbiylar tarkibini qo‘llab-quvvatlash va ularni izlanishga chorlash. Ayni holatda ular o‘z yog‘lariga qovurilishmoqda. Bizningcha, iste’folar futbolimizni innovatsiyalardan chegaralash bilan teng. Chunki qaysidir murabbiy iste’foga chiqarilsa, uning o‘rniga saviyasi yuksak boshqa mutaxassis kelmasligi aniq.
Axir futbolimiz muhitida shunday maqomga munosib murabbiylar yo‘q hisobi. Agar yuqori saviyali mutaxassis topilganida, “Lokomotiv” murabbiylar shtabi allaqachon o‘zgartirilardi. Kuchli tarkibga ega klubning muvaffaqiyatsizligini nuqul omadsizlik bilan izohlash yarashmaydi.
Jamoa ketma-ket mag‘lubiyatga uchramoqdami, demak, uni omadsizlik emas, balki qandaydir muammo ta’qib qilmoqda. Bu aynan murabbiy bilan bog‘liq bo‘lishi ham mumkin. Qarang, Xosep Gvardiola davrida asosiy tarkibdan nari surilgan ayrim futbolchilar Yupp Xaynkes boshqaruvida qanday o‘ynashmoqda?!
Ishonch ortidan avvalgi oltin tarkib “Bavariya”ni yana kuchaytirmoqda. Ha, bilamiz, bu jarayon uzoqqa cho‘zilmaydi. Aryen Robben va Frank Riberi kabi futbolchilarning yorqin faoliyati endi ortga qaytmaydi. Bu o‘rinda bizni qiziqtirgan masala murabbiy va futbolchi o‘rtasidagi munosabatdir.
Ayon bo‘lmoqdaki, keksa murabbiy davri o‘tayotgan futbolchilar bilan yana shonli lahzalarni qo‘msamoqda. Myunxen “mashinasi” bu yo‘lda “Borussiya” D. bilan ajo-yib repetitsiya o‘tkazdi. Raqib jamoa - “Sevilya” ham bo‘lajak jangga jiddiy hozirlanayotganini bildirib qo‘ydi. Eh, Messi bo‘lmaganida, “Barselona”ning ahvoli ne kechardi - bu endi ko‘pchilikka ayon haqiqat.
Xullas, bugun-erta futbol dunyosi sizu-bizni aslo zeriktirmaydi. Bir tomonda - YECHL olishuvlari, boshqa tarafda - “Loko”ning OCHLdagi taqdiri...
Muhammad Vali
Manba: www.interfutbol.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Tyumen oblastiga O‘zbekistondan mehnat migrantlari ishga jalb qilinadi
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Dunyoning mashhur ayollari kunni qanday boshlaydi?
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Global ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash alyansiga 82 mamlakat a’zo bo‘ldi