
Mashhur avstriyalik rassom Gustav Klimtning “Elizabet Lederer portreti” nomli asari Nyu-Yorkdagi Sotheby’s auksionida 236,4 million AQSh dollariga sotildi. Bu holat zamonaviy san’at tarixida eng qimmat narxda sotilgan asar sifatida rekord o‘rnatdi, deb xabar berdi Bloomberg.
Noyob asar Estee Lauder kompaniyasining sobiq rahbari, marhum milliarder Leonard Lauder kolleksiyasining bir qismi bo‘lgan. Umumiy hisobda 24 lotdan iborat kolleksiya 527,5 million dollarlik savdo daromadini ta’minlagan bo‘lsa-da, Klimtning kartinasi kechaning eng katta muvaffaqiyati sifatida e’tirof etildi. Asarning boshlang‘ich bahosi 150 million dollar edi.
“Elizabet Lederer portreti” 1914-yilda chizilgan bo‘lib, Klimt ijodining so‘nggi bosqichiga mansub. Suratda Xitoy imperatorlarining libosini eslatuvchi oq kiyimdagi 20 yoshli Elizabet Lederer tasvirlangan. Portret Ikkinchi jahon urushi davrida natsistlar tomonidan musodara qilingan, biroq saqlanib qolib, 1948-yilda oilasiga qaytarilgan.
1985-yilda Leonard Lauder ushbu portretni o‘z shaxsiy kolleksiyasiga qo‘shgan. Endilikda esa bu asar dunyodagi eng qimmat zamonaviy san’at namunalaridan biriga aylandi. Rassom Gustav Klimt esa 1918-yilda vafot etgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.