19:30 / 31.10.2018
2 368

Shavkat Imomov: "Bizning murabbiylar til bilishmaydi"

Shavkat Imomov: "Bizning murabbiylar til bilishmaydi"
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan futbolning barcha bo‘g‘ini izchil ravishda rivojlantirilyapti. Masalan, murabbiylar borasida ham oxirgi paytlarda e’tiborga molik o‘zgarish va islohotlar qilinmoqda. Chunki futbolchini chinakam futbolchi bo‘lib yetishishi avvalo murabbiyga, uning bilim va salohiyatiga bog‘liq. Shu maqsadda O‘FA avvalo murabbiylarning malakasini oshirishga jiddiy qaramoqda. Dastlab bolalar futbolida ishlayotgan murabbiylarning tajribalarini yanada rivojlantirish borasida amaliy ishlar olib borilmoqda.

O‘FAda murabbiylar qo‘mitasi boshlig‘i sifatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Shavkat Imomov viloyatlarda bo‘lib, u yerdagi bolalar futbolida mehnat qilayotgan murabbiylarni saralab, imtihonlar o‘tkazmoqda va bunga asosan O‘FA talabiga javob beradiganlari o‘z ish faoliyatini davom ettirishyapti. Aksincha, quruq murabbiy nomi bilan yurganlar bilan esa xayrlashilyapti. Yaqinda SPORTS.uz muxbiri Shavkat Imomov bilan uchrashib, sohaga taalluqli bir qator masalalar yuzasidan fikr almashdi.

- May, iyun va iyul oylarida barcha viloyatlarda murabbiylar uchun seminarlar uyushtirganmiz va bu jarayonda hamma murabbiylardan nazariy hamda amaliy imtihonlarni qabul qilganmiz, - deya gap boshladi Imomov. - Maqsadimiz shuki, mazkur harakatlarimiz bugungi kunda O‘zbekistonda ishlab kelayotgan barcha bolalar murabbiylarining salohiyatini va darajasini bilish uchun qilinmoqda. Ikkinchi maqsadimiz futbolimiz talablariga javob bera oladigan murabbiylarni qoldirib, ularni tarbiyalash, qayta o‘qitish va malakasini davom ettirish lozim. Bizning talablarga umuman javob bera olmaydigan murabbiylar bilan xayrlashyapmiz. Vaziyatga real qarasak, noto‘g‘ri ishlagandan ishlamagan yaxshi.

Chunki bitta murabbiyning qo‘l ostida ko‘plab futbolchilar bo‘ladi va avvalo murabbiy tarbiyaga javob beradigan shaxs hisoblanadi. Noto‘g‘ri yo‘nalishda ishlab, ertaga bolani chala tarbiyalab qo‘yishi mumkin. Ularning o‘rniga biz yana yangi murabbiy bo‘lishni istaganlarni tarbiyalab, ularni bir-ikki yil ichida murabbiylik salohiyatini oshirishga yordam beramiz. Dastlabki bosqichda imtihonlarni yaxshi topshirgan murabbiylarimiz ham bo‘ldi. Qaysidir murabbiylar umuman o‘ta olishmadi. Yana ayrimlarining holati 50x50 bo‘lib qoldi. Agar o‘shalarga yana nimadir berib, to‘g‘ri yo‘naltira olsak, keyingi imtihonlardan o‘ta olishlari mumkin.

Mana shunday murabbiylarga biz ikki oylik muddat bergandik. Oradan vaqt o‘tgach, ularda o‘zgarish bormi yoki yo‘qligini tekshirishimizni oldindan aytganmiz. Mana, o‘sha ikki oy sinov muddati ham o‘tib ketdi. Navbatdagi qayta imtihonni dastlab Qashqadaryodan boshladik. Keyin Surxondaryoga bordik. Jizzax bilan Sirdaryo Toshkentga yaqinligi uchun u yerdagi murabbiylar poytaxtga kelishdi. Toshkent viloyati va Toshkent shahridagi murabbiylardan ham qayta imtihonlar olindi. Keyin esa vodiyda bo‘ldik.

- Hozirgi kunda o‘zbek murabbiylarining bilim va salohiyatini qay darajada deb o‘ylaysiz?

- Bunga atroflicha yondashish mumkin. Masalan, bizdagi murabbiylar qaysi mamlakatdagi hamkasblari bilan raqobatlasha olishlari mumkin? Agar Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasi misolida olib qaraydigan bo‘lsak, Eron hamda o‘zbek murabbiylari kuchli. Aslini olganda, bizda ham o‘z ustida ishlaydigan yaxshi mutaxassislar bor. Shu bilan birga professional futbol o‘ynab, ajoyib murabbiy bo‘lib yetishganlari ham yo‘q emas. To‘g‘ri, pro-liga yoki Superligada ayrim murabbiylar borki, ularni kimdir ortidan yo‘lab turishi kerak. Bunisini endi o‘zbekchilikda deb qo‘yamiz. Lekin bir narsani tushunimiz kerakki, professional va oddiy murabbiylar bor. Misol uchun bolalar va o‘smirlar futbolida ishlaydigan murabbiylarni professional murabbiylar bilan solishtirish noto‘g‘ri. Chunki ularning ish faoliyati turlicha.

- O‘zimizning murabbiylarga ko‘proq e’tibor qaratilib, imkoniyat berilsa, ular ham o‘zlarini ko‘rsata oladilar. Qaysidir murabbiy biror-bir vaziyatga tushmaguncha o‘sha holatni bilmaydi. Masalan, pro-ligada ishlamagan murabbiy u yerda ishlamagunga qadar o‘sha joydagi vaziyatni yaxshi bilmaydi. Xuddi shunday tarzda faoliyati davomida asosan pro-ligada ishlab, Superligada faoliyat ko‘rsatmagan murabbiy u yerda mehnat qilmaguncha o‘sha joydagi muhitni bilmaydi. Demoqchimanki, birinchi navbatda o‘zimizning murabbiylarga sharoit yaratib, imkoniyat berish kerak. Ana shundan keyin unga chetdan turib baho berish mumkin. Imkoniyat deganda bir yildan uch yilgacha bo‘lgan davrni nazarda tutyapman.

Murabbiy kelgach, hamma narsa birdaniga o‘zgarib ketmaydi. Negaki, har bir murabbiyning ishga o‘z qarashi, uslubi bor. Hamma murabbiyning bir-biridan farqi bor. O‘zbekiston milliy terma jamoasiga bosh murabbiylik qilayotgan Ektor Kuper dunyodagi top-murabbiylar qatoriga kiradi. Lekin hamma ham bir xil emas. Masalan kimnidir xorijlik bo‘lgani uchun albatta o‘zimizda ishlatishimiz kerak degani emas. Biz chetdan chindan ham mutaxassis olib kelmoqchimizmi? Unda albatta top-saviyadagi murabbiyni olib kelishimiz kerak. Nimaga? Boshqa murabbiylar va biz uning ishini ko‘ramiz va o‘zimizga nimadir olishimiz lozim. Ya’ni, uning kelishi o‘zbek futboli manfaati uchun xizmati qilish darkor. Biz boshqa davlatlardagi ko‘plab murabbiylarni bilamiz va ularga ishimiz ham tushgan, o‘zaro aloqalarimiz bor.

Shunday mutaxassislar borki, ularning maqsadi boshqa. Ya’ni, Osiyo deganda ular ko‘proq pul topishni o‘ylashadi. Zo‘r murabbiylar kam demoqchi emasman. Shunchaki, top-murabbiylarning Yevropada o‘z o‘rni bor. Shunga yarasha ularning xaridorlari ko‘p. Ular avvalo murabbiyning ishiga, natijasiga qarashadi. So‘ngra, uning yurish-turishiga, insoniylik qadriyatlariga ham ko‘p e’tibor berishadi. Agar yaxshi mutaxassis bo‘lsa, hech qachon Yevropadan tashqariga chiqib ketmaydi. Yevropada o‘z joyini topa olmaganlar – bular top-murabbiylar emas. Albatta, bu mening shaxsiy fikrim. Aytmoqchimanki, u yerda joyini topa olmaganlar keyin Osiyoga kelishadi. To‘g‘ri, qit’amizga kelayotgan murabbiylar orasida yaxshilari ham bor. Ammo aksariyati faqat pulni o‘ylashadi.

- Nima uchun o‘zbek murabbiylari chetga chiqib ishlashmaydi?

- Buning uchun katta muammo bor. Bilasizmi, nima? Bizdagilar tilni bilishmaydi. Faqatgina barmoq bilan sanaladigan murabbiylargina qaysidir darajada tilni bilishlari mumkin xolos. Hali bu ham ularni ingliz tilini yaxshi biladi degani emas. Ertaga sizni chetdan kimdir taklif qilmoqchi bo‘lsa, tarjimon kerak bo‘ladi. Unga esa pul to‘lash kerak. O‘sha klub uchun esa bu ortiqcha chiqim hisoblanadi. Agar murabbiy tilni bilsa bu boshqa gap. Murabbiy ishini biladiyu, ammo tilni bilmaydi. Osiyoda ishlash uchun tilni bilish kerak. Yevropaga chiqaman desa ham baribir til bilmasa qiyin.

- Shuningdek, murabbiylarimizning agentlar bilan ishlash tizimi ham hali takomillashmagan. Sizningcha, buning zarurati bormi? Har xolda bu reklama bo‘larmidi...

- Eng yaxshi reklama – bu ishlagan joyidagi natijasidir. Murabbiyning ish uslubi qanaqa, qanday yo‘nalishda ishlaydi? Shu kabi jihatlarga e’tibor berishadi. Xo‘p, u Superligada ancha ishlagan. Ammo qanday natija ko‘rsatgan? Hammasi natijasiga qaraladi. Yevropada agentlar va skautlar kuchli ishlashadi. Ular murabbiyni har tomonlama o‘rganib chiqishadi. Boya aytganimdek, murabbiylarimizning til bilmasligi – bu katta muammo.

- Shunday ekan, assotsiatsiya tomonidan murabbiylarimizga qo‘shimcha ingliz tilini ham o‘rganish talabi qo‘yilsa bo‘lmaydimi?

- Gapingizni tushundim. Xabaringiz bo‘lsa, bu yildan murabbiylarni tayyorlash tizimi yanada takomillashtirilyapti. Endi bundan bu yog‘iga murabbiylarning o‘quv kurslariga ingliz tili darsini qo‘shyapmiz va oxirida ushbu til bo‘yicha murabbiylardan imtihon qabul qilamiz. Futbolni o‘z termin so‘zlari bor va aynan shular bo‘yicha murabbiylarning ingliz tili bo‘yicha imtihon qilamiz.

- Yana murabbiylarimizga taalluqli bo‘lgan qanday o‘zgarish va yangiliklarni ayta olasiz?

- Boya aytganimdek, tizimni o‘zgartiryapmiz. Hozirda butun Osiyoda Yevropadagi tizimga o‘xshash tizim yaratilyapti. 23 oktyabr kuni Toshkentda OFKning “A” litsenziyasi uchun kursni tashkil qildik va bu 28 kun davom etadi. Aytishim lozimki, bu oldingi tizim bo‘yicha oxirgi kurs hisoblanadi. Yangi yildan esa OFK bilan kelishuvga ko‘ra Yevropa andozasi asosida o‘qishlar tashkil etiladi. Endi o‘quv kurslari 28 kun davomida har kuni o‘tilmaydi. Biz seminarlarni 4 ta modulga bo‘lib chiqamiz. Masalan, dastlab 6 kun o‘qiydi va murabbiylarga vazifalarni beramiz. Bir oy davomida hammasi o‘z ish joylarida ishlashadi va shu asnoda berilgan vazifalarni ham bajarib borishadi. Bir oydan keyin ularni yana chaqiramiz va 6 kun o‘qitamiz. O‘shanda ularning bir oy ichida qilgan ishlarini ko‘ramiz. Shundan keyin ularni yana bir oyga qo‘yib yuborib, vazifalar beramiz.

Oldin o‘qish birdaniga 28 kun ichida o‘tib ketgan bo‘lsa, endilikda ushbu o‘qish 4 yoki 5 oyga cho‘ziladi. Bu murabbiyga ham qulay bo‘ladi. Berilayotgan yangi ma’lumotlar, taktikalar va qo‘llanmalarni murabbiyga qabul qilishi osonroq bo‘ladi. O‘qituvchilikda shunday prinsip bor: oddiydan mukammallikka o‘tiladi. Bizda ham xudda shunday tizim yaratilyapti. Bunday o‘quv jarayonlari murabbiyning effektini bosqichma-bosqich yuqori darajaga olib chiqadi. Albatta, murabbiylarimizning ushbu tizimga moslashishi uchun vaqt kerak. Nasib qilsa, bir-ikki yildan keyin buning mevasini ko‘rishni boshlaymiz.

Bundan tashqari, murabbiylarimizni Yevropaning kuchli chempionatlariga malaka oshirishga yuborishni ham o‘ylab qo‘yganmiz va hozirda bu borada ishlar olib borilyapti. Yangi yildan keyingi professional o‘quv kurslarining 3-modulida malaka oshirish lozim bo‘ladi. Bu mart oyidan aprelgacha davom etadi. Ularga amaliyot bo‘lishi uchun Yevropaga olib chiqib, jamoalarning mashg‘ulot jarayonlarini ko‘rib tahlil qilishadi. Joyida o‘yinlarini kuzatishadi. Shundan keyin Osiyoning kuchli chempionatlarida ham amaliyot o‘tkazishni maqsad qilganmiz. Yaponiya, Janubiy Koreya, Avstraliya yoki Xitoy chempionatlaridan biriga yuborishni ham mo‘ljallaganmiz.

- Chempionatimizda xorijdan kelgan murabbiylar ham bor. Masalan, Shota Arveladze va Andrey Kanchelskisni aytishimiz mumkin. Bunday mutaxassislar o‘zbek futboli uchun nima bera olishadi?

- Arveladzening ishini ko‘ryapmiz. U Yevropa futbolida ishlagan. Asta-sekin o‘sha yerdagi tizimni bizga olib kiryapti. Ammo uning qo‘l ostidagi futbolchilar bir kunda o‘zgarib qolishmaydi. Bunga vaqt kerak. Kimdir Arveladze nima qildi yoki faqat katta pul olyapti deb gapirishi mumkin. Ammo u yaxshi ishlayapti. “Paxtakor”da jamoani tayyorlash tizimi anchagina o‘zgargan. Kanchelskisning ishini esa hali ko‘rganimiz yo‘q. O‘z o‘rnida shuni aytmoqchimanki, Noyabr va dekabr oylarida oldingi kurslarimizda o‘qigan murabbiylarimizning bilimlarini yangilash maqsadida kurslarni tashkillashtiramiz. Ushbu kursga Superligadagi murabbiylarni ham taklif qilmoqchimiz va shu bilan birga Ektor Kuperni ham ushbu kurslarimizga jalb qilmoqchimiz. Bundan maqsadimiz nima? Kuper terma jamoamizni tayyorlayotgan tizimini o‘zimizning murabbiylarimizga ham tushuntirib beradi. Yaqinda Kuper matbuot anjumanida futbolchilarning jismoniy tayyorgarligiga qaramaymiz, chunki ular o‘z klublarida tayyorlanib kelishadi. Biz faqat taktika tomondan ishlab, jamoaviy o‘yinni yo‘lga qo‘yamiz deb aytgandi. Shu bois uning yo‘nalishini o‘zimizning murabbiylarga ham tushuntiramiz. Terma jamoalarimiz va klublarimiz bitta tizimda ishlashlari kerak. Ana shunday effekt bo‘ladi.
Shuhratbek Jo‘rayev suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shavkat Imomov: "Bizning murabbiylar til bilishmaydi"