date

Erdo‘g‘an: Turkiy mamlakatlar xavfsizlikda katta mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi

Erdo‘g‘an: Turkiy mamlakatlar xavfsizlikda katta mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi

Ozarboyjonning Gabala shahrida o‘tayotgan Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT)ning 12-sammitida nutq so‘zlagan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an turkiy dunyo mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashda yanada ta’sirchan o‘rin egallashi mumkinligini qayd etdi. Uning so‘zicha, Anqara Janubiy Kavkazda kechayotgan jarayonlarni nafaqat kuzatib boradi, balki tinchlikka erishishga qaratilgan barcha tashabbuslarni chin dildan qo‘llab-quvvatlaydi. Prezident Ozarboyjon va Armanistonning 8-avgustdagi qo‘shma bayonotini “mintaqadagi tinchlikka tomon ijobiy qadam” sifatida olqishladi.

Suriya masalasiga to‘xtalar ekan, Erdo‘g‘an “o‘tgan to‘qqiz oyda to‘siqlarga qaramay qayd etilgan yutuqlar optimizm uyg‘otadi”, deb ta’kidladi va barcha turkiy davlatlarni Suriyaning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlash, Damashq bilan amaliy muloqotni faollashtirishga chaqirdi.

Turkiya rahbari, shuningdek, yaqinda Qatarga qaratilgan zarbalar ortidan mintaqaviy barqarorlikka asosiy tahdid Isroilning amaldor hukumatidan kelayotganini aytdi. U G‘azo sektoridagi qon to‘kilishini to‘xtatish bo‘yicha so‘nggi urinishlardan qoniqish bildirib, 66 ming begunoh inson halok bo‘lganiga urg‘u berdi va barqaror adolat uchun xalqaro huquqqa tayanadigan “ikki davlat” yechimidan o‘z pozitsiyasini yana bir bor tasdiqladi.

Erdo‘g‘an BMT Xavfsizlik Kengashi samaradorligini tanqid qilib, “insoniyat vijdonini xafa qiladigan ko‘plab mavzular e’tibordan chetda qolayotganini” aytdi. U TDTni “o‘zgaruvchan voqelikka moslasha oladigan, adolatni himoya qiladigan va xalqaro masalalarda yagona pozitsiyaga ega ishonchli tuzilma”ga aylanishga da’vat etdi.

Prezident terrorizm, noqonuniy migratsiya, kibertahdidlar va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishda a’zo davlatlarning birdam pozitsiyasi hal qiluvchi ahamiyat kasb etishini qayd etdi. Shu munosabat bilan u Chingiz Aytmatov va “O‘g‘uznoma” haqidagi kitobni umumiy alifboda nashr etish tashabbusini turkiy mamlakatlar uchun yagona alifboga qadam sifatida eslatdi.

Nutq yakunida Erdo‘g‘an sammit davomida turkiy davlatlar yana bir bor “birdamlik, o‘zaro hurmat va qardoshlik”ni namoyon etganini ta’kidlab, tinchlik va barqarorlik yo‘lida hamkorlikni kuchaytirishga chaqirdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Erdo‘g‘an: Turkiy mamlakatlar xavfsizlikda katta mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi