Chevrolet Onix O‘zbekistonda ommalashib borayotgan avtomobillardan biri. Yanvar-avgust oylarida 14,2 ming dona sotilgani buni tasdiqlaydi. Biroq bu modelda bir qator kamchiliklar ham mavjud, deb Kursiv Uzbekistan xabar berdi. Ular yoqilg‘i turidan tortib, salon ergonomikasigacha bog‘liq.
Avtomobilning 1,2 litrli, uch silindrli dvigateli faqat AI-95 yoki yuqori sifatli benzinni talab qiladi. AI-91 yoki AI-80 yoqilg‘isini quyish qat’iyan tavsiya etilmaydi. Turbokompressorga ega versiyalarga ayrim mutaxassislar AI-98 benzin tavsiya qiladi. Bu holat ko‘pchilik haydovchilar uchun muammo tug‘diradi.
Dvigatelning sog‘lom ishlashi uchun har 5–6 ming kmda moy va filtrlar almashtirilishi lozim. Gaz uskunasi o‘rnatish texnik jihatdan mumkin emas. Bu esa o‘zbekistonlik haydovchilarning aksariyati uchun katta kamchilik hisoblanadi.
Uch silindrli motor xolostoy holatda engil tebranishni keltirib chiqaradi. Bu holat xavfsizlikka ta’sir qilmasa-da, komfortga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Salonidagi plastik qismlar qattiq, ba’zi qulayliklar yetishmaydi: yukxona tutqichi, quyosh soyabonlarida yoritgichlar mavjud emas. Bundan tashqari, yukxona hajmi 469 litrni tashkil qilib, Cobalt modelidan kichikroq. Qattiq podveska baland tezlikda barqarorlikni ta’minlasa-da, notekis yo‘llarda silkinishni kuchaytiradi.
Xavfsizlikka kelsak, yangi Onix 5 yulduzlik baho olgan, ammo O‘zbekistonda sotilayotgan versiyalarda faqat 4 ta xavfsizlik yostiqchasi bor. Orqa tormozlar baraban turida bo‘lib, zamonaviy disk tormozlariga qaraganda samarasizroq.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!