
Tasavvur qiling, samoda parvoz qilayotgan samolyot ma’lum sabablarga ko‘ra vaqtinchalik yerga qo‘ndi. Bunday jarayondagi qo‘nish samolyot uchun foydadan xoli bo‘lmaydi. Deylik, qo‘shimcha yoqilg‘i quyib, holatini yaxshilab, avvalgidan ham muvaffaqiyatli parvoz qilishi mumkin. Bu misolni keltirganimga hayron bo‘lishingiz tabiiy. Yakuniga yetayotgan yil Toshkentning «Lokomotiv» klubida to‘p surgan Sardor Rashidov uchun o‘ziga xos «qo‘nish yili» bo‘ldi. U to‘p surgan jamoa esa ahvolini yaxshilashi uchun aerodrom vazifasini o‘tab berdi.
Umuman, «Lokomotiv» bundan avval ham ayrim futbolchilar uchun tiklanish joyi vazifasini o‘tagan, keyinchalik o‘sha o‘yinchilar muvaffaqiyatli parvoz eta olishgandi. Sanjar Tursunov «Gazovik» klubiga yo‘l olgan bo‘lsa, Server Jeparov «Eron» chempionatida yomon o‘yin namoyish etmadi. Endi navbat Rashidovga yetdi. Keling, ma’lum muddat arab futbolidan bahramand bo‘lgan futbolchining faoliyatiga biroz e’tibor qaratamiz.
2013 yili OK-2015 saralashi doirasidagi Vetnam termasiga qarshi uchrashuvning ikkinchi bo‘limida Mirjalol Qosimov «Bunyodkor»dagi shogirdiga imkoniyat berdi. Sardor dastlabki imkoniyatdan unumli foydalanib, debyutini gol bilan bezadi. Javob uchrashuvida ham raqib darvozasini ishg‘ol qilishga erishdi. Bu hali boshlanishi edi. Mavsum-2014ni ajoyib tarzda o‘tkazgan va o‘zining yuqori texnikasi bilan bir qator gollarga mualliflik qilgan Sardor terma jamoa safida «yashil qit’a»da bo‘lib o‘tgan Osiyo kubogiga yo‘l oldi. Bu uning hayotidagi dastlabki yirik musobaqa bo‘lishiga qaramay, ajoyib o‘yin namoyish etdi va muxlis-u mutaxassislar, shuningdek, skautlarning ham e’tiborini o‘ziga qaratdi.
Guruh bosqichidagi KXDR va Xitoyga qarshi uchrashuvlarda zahiradan o‘yinni kuchaytirgan futbolchi Saudiyaga qarshi bahsni asosiy tarkibda boshladi. Kechagidek yodimda, sharhlovchi hali tarkibni tanishtirib ulgurmasidan, Sardor hisobni ochgan, so‘ngra butun o‘yin davomida faolligi bilan ajralib turgandi. U uchrashuv oxirida yana bir bor to‘p kiritib, 3:1 hisobidagi g‘alabaga munosib hissa qo‘shgandi. O‘rni kelganda aytish joizki, mana shu o‘yin Sardorni Osiyoga tanitdi.
Qit’a chempionatidan a’lo kayfiyatda yurtimizga qaytgan futbolchi OChL «pley-off»ida «Bunyodkor» safida «Al-Jazira» darvozasini ishg‘ol qilgach, xorijliklarning unga bo‘lgan qiziqishi yanada ortdi. 2015 yilning yozida Rashidov Qatarning «Al-Jaish» klubiga yo‘l oldi. Bundan bir yil avval Chempionlar Ligasi guruh bosqichida Sardorning aynan «Al-Jaish» darvozasiga urgan goli «Bunyodkor»ni guruhdan olib chiqqandi. Buni ham bir fakt sifatida qabul qilish mumkin. Faoliyatida ilk bor xorijga yo‘l olgan vinger Qatar futboliga tezda moslashdi, murabbiylar, xususan, Sabri Lyamushining ishonchini qozondi. O‘z gollari bilan jamoasi g‘alabalariga munosib hissa qo‘shdi.
Qatarda ikki yilga yaqin vaqt mobaynida to‘p surgan Sardor mahalliy ishqibozlar yoqimtoyiga aylandi. Jasur Hasanovning «Lahviya» klubida muvaffaqiyatli to‘p surib, mamlakat chempioniga aylanganidan muxlislarning xabari bor. Shuning barobarida, Rashidovni ham ushbu ligada muvaffaqiyatli to‘p surdi, deya olamiz. Uning xorijda ko‘rsatayotgan o‘yini termamizga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. JCh-2018 saralashining dastlabki bosqichida Sardor o‘z hisobiga to‘rtta gol yozdirib qo‘ydi.
Lekin keyinchalik Qatarning ikki klubi - «Al-Jaish» va «Lahviya» birlashib, «Duhayl» nomini olgach, bir qator futbolchilar qatori hamyurtimiz ham jamoani tark etdi. Unga BAAning bir nechta klublaridan takliflar tushdi. Ular orasida «Al-Ayn ham bor edi. Shaxsan Umar Abdulrahmon Sardorga qo‘ng‘iroq qilib, jamoaga o‘tishini so‘raganidan muxlislarning xabarlari bo‘lsa kerak. Lekin Rashidov bu taklifni rad etib, «Al-Jazira»ga yo‘l oldi. Ushbu jamoaning gollandiyalik bosh murabbiyi Xenk Kate uni bir nechta o‘yinlarda sinab ko‘rgach, boshqa o‘yinlarda Sardorga imkoniyat bermadi. Maydonda harakat qilgan uchrashuvlarda esa o‘zini ko‘rsatishga astoydil intildi. Gol ham urdi. Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida birorta o‘yinda maydonga tushmagani tezkor vinger uchun og‘ir ruhiy zarba bo‘ldi.
Ha, futbolchi va noto‘g‘ri tanlov ko‘pincha yonma-yon yuradi. «Yiqilishimni bilganimda, tagimga yostiq qo‘yib olardim», deyilgani bejiz emas. Agar barchasi shunday kechishini bilganida, hamyurtimiz albatta, «Al-Ayn» variantini tanlardi. Shunday pallada Sardor avvalgi formasiga qaytish, holatini yaxshilash uchun boshqa jamoaga ketishi kerak edi. Mavsum boshida futbolchining «Renn»ga o‘tishi borasida xabarlar tarqaldi, ammo u kutilmaganda Toshkentning «Lokomotiv» klubi bilan shartnoma imzoladi. Rashidovning «temiryo‘lchilar» safiga qo‘shilishi ikki tomon uchun ham manfaatli hamkorlik bo‘ldi. Birinchidan, klub o‘z safini mahoratli futbolchi hisobiga to‘ldirdi. Ikkinchidan, Sardor o‘z holatini yaxshilab oldi, mahalliy muxlislar kutgan o‘yinni namoyish etdi, Superligada chempionlikni qo‘lga kiritdi. Buni stabil natija deyish mumkin. Kelgusi yili «Loko»ni tark etishi kutilayotgan ajoyib texnika sohibi o‘tgan mavsum o‘zini ancha o‘nglab, endi qayta parvozga tayorgarlik ko‘rmoqda. Yevropaga yo‘l olsa, nur ustiga a’lo nur, Osiyoda qo‘nim topsa, o‘zini yana bir bor ko‘rsatishiga shubham yo‘q.
Darvoqe, Ektor Kuperning Osiyo kubogi-2019 uchun e’lon qilgan tarkibidan Sardor Rashidov hujumchi sifatida o‘rin oldi. Demak, oldinda kutib turgan qit’a musobaqasida texnikasi yuqori yarim himoyachi forvardlik xislatlarini ham namoyish etishiga to‘g‘ri keladi. Bu musobaqa ko‘p narsaga oydinlik kiritadi. Agar Rashidov chiroyli gollari bilan bizni xushnud etsa, bu termamizga ham, uning o‘ziga ham foydali bo‘lib, skautlar e’tibori yana unga qaratilishi turgan gap.
Abdulaziz ISKANDAROV, Toshkent shahri
Manba: interfutbol.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar