18:00 / 09.09.2019
3 028

Faoliyatida yangi sahifa yozishni boshlagan O‘zbek murabbiyi

Faoliyatida yangi sahifa yozishni boshlagan O‘zbek murabbiyi
5 sentyabr kuni JCh-2022 saralash bosqichining ikkinchi raundiga start berildi. Ming afsuski, dastlabki turda O‘zbekiston o‘zidan kuchsiz bo‘lgan Falastinga yutqazib, hammaning yuzini yerga qaratdi. Lekin biz hozir bu haqida to‘xtalmoqchi emasmiz. Boisi, terma jamoamizning o‘yini va mag‘lubiyati haqida yetarlicha munosabat bildirildi va tanqidlar qilinmoqda. Bu safar esa e’tiboringizni boshqa bir jihatga qaratmoqchimiz. O‘zbekistonlik mutaxassis Usmon Toshev ayni damda Tojikiston milliy terma jamoasini boshqarayotganidan xabardorsiz.

Tojiklar esa JCh-2022 saralash bosqichining ikkinchi raundidagi dastlabki uchrashuvni o‘z maydonida Osiyo Kubogida kichik sensatsiya ko‘rsatgan Qirg‘iziston terma jamoasiga qarshi o‘tkazishdi. Toshevning bunday nufuzli musobaqadagi debyut uchrashuvi esa muvaffaqiyatli chiqqan holda 1:0 hisobidagi g‘alaba bilan muxlislarni quvontirdi. Bu esa bosh murabbiyning o‘zi uchun ham juda jiddiy qadam edi. Axir u yerda hamyurtimizning oldiga ham aniq va yuqori maqsadlar qo‘yilgani sir emas. Shunday ekan, JCh-2022 saralashini g‘alaba bilan boshlash esa katta ahamiyatga ega.

Axir biz o‘zimizdan kuchsiz bo‘lgan raqibga yutqazib, saralashni mag‘lubiyat bilan boshlab turgan bir paytimizda Tojikiston Toshev boshqaruvida oxirgi paytlarda katta o‘sishga erishayotgan va hurmat qozonayotgan Qirg‘izistonni yengib, olqishlarga sazovor bo‘lyapti. Albatta, bu birinchi o‘yin va oldinda yana yettita uchrashuv kutib turibdi. Tojikistonning Qirg‘izistonga qarshi uchrashuvi tugaganidan keyin bosh murabbiy bilan aloqaga chiqdik hamda uni muhim g‘alaba bilan tabriklagan holda o‘zaro muloqot qildik.

«Bizda o‘sish uchun hamma narsa bor»
- Tabrik uchun rahmat. O‘yinimiz albatta yomon chiqmadi – deb gap boshladi, Usmon Qudratovich. - Asosiysi, uchrashuvdan oldin ham bosh maqsadimiz faqat g‘alaba qozonish edi. Har holda bu birinchi o‘yin va o‘z maydonimizda o‘ynayotgandik. Bizda yana bir nechta golli imkoniyatlarimiz ham bor edi. Ammo endi meni imkoniyatlarimiz bor yoki yo‘qligi qiziqtirmaydi. O‘yinimizda ayrim vaziyatlarda ma’no ko‘ringan bo‘lsa, yana ayrim pallalarda buning aksi ham kuzatildi. Biroq biz o‘yinimizni yanada yaxshilashimiz kerak va buning uddasidan chiqamiz ham.

Bizga rahbariyat har tomonlama yordam beryapti, ishimizga hech kim aralashayotgani yo‘q. Bizda o‘sish uchun hamma narsa bor. Xabaringiz bor, bizda ko‘p yoshlar o‘ynashyapti, jamoani yangilaganman. Toshkentda Tojikiston U-23 terma jamoasi musobaqada qatnashgandi. O‘sha tarkibdan 60 foizi milliy termaga o‘tgan. Futbolchilarimizning o‘zlarida o‘sish uchun hoxish juda katta. Mashg‘ulotlarimiz va taktikalarimiz ham ularga yoqyapti. Lekin tushunaman, bizga sira oson bo‘lmaydi. Raqiblar ham qarab turishmaydi.


O‘zbekistonning mag‘lubiyatiga ishonmadim»
Afsuski, Tojikiston – Qirg‘iziston uchrashuvi bilan bir xil vaqtda boshlangan Falastin hamda O‘zbekiston bellashuvida kutilmaganda vakillarimiz mag‘lubiyatga uchrab, sharmandali natija qayd etishdi. Terma jamoamizning mag‘lubiyatga uchraganini Usmon Qudratovich xazm qila olmaganini yashira olmadi.

- Tojikistonda mening O‘zbekistondan ekanligimni hamma biladi-ku, shu bois o‘yindan keyin ko‘pchilik yonimga kelib, aka terma jamoangiz Falastinga yutqazib qo‘yibdi, desa bu gaplarga sira ishonmadim. Sizlarga boshqatdan qaranglar, adashyapsizlar dedim. Qanaqasiga Falastinga 2:0 hisobida yutqazishimiz mumkin deb, hayron bo‘lib qoldim. Lekin men ham internetdan qarasam, rostdan shu hisob! Hamma menga qo‘ng‘iroq qilyapti. O‘zim haligacha nimalar bo‘lganiga tushunmayapman.

Albatta, uchrashuvdan so‘ng haligacha menga qo‘ng‘iroq va smslar orqali tabrik yo‘llashyapti. Ammo O‘zbekistonning mag‘lubiyati xayolimdan chiqmayapti. Afsuski, bu mag‘lubiyatdan keyin kayfiyatim buzildi. Baribir O‘zbekistonga ham muxlislik qilaman va ularning g‘alabasini kutgandim. Ha, futbolda g‘alaba bilan mag‘lubiyat bo‘ladi. Muhimi, murabbiylar bu o‘yindan jiddiy xulosa chiqarishlari kerak. Oldinda albatta g‘alabali o‘yinlar bo‘lishiga ishonaman.


«O‘zbek futboli orqaga ketdi deb ayta olmayman»
Baribir O‘zbekistonning mag‘lubiyati hammamiz uchun juda og‘ir botdi. Sharmandali mag‘lubiyatdan keyin esa tabiiyki tanqidlar ko‘paydi. Kimdir futbolchilarni ayblasa, kimdir murabbiyning iste’fosini talab qilyapti. Yana kimdir esa chempionatimiz saviyasi pastligini iddao qilmoqdalar. Yoki o‘zbek futboli orqaga ketyaptimi? Mazkur masala bo‘yicha tajribali mutaxassisidan ochiq-oydin fikr bildirishini so‘radik.

- Juda og‘ir savol. Men o‘zbek futboli orqaga ketdi deb ayta olmayman. Salkam bir yildan buyon Tojikistonda ishlayapman va yashayapman. Lekin o‘yinlarimizni ko‘rib turaman. Chempionatimizda ham intriga va keskinlik bor. Shu sababli futbolimiz orqaga ketdi deya olmayman. Albatta, hammada kayfiyat yo‘q, barcha tanqid qilyapti. Bitta mag‘lubiyat bilan hech nima to‘xtab qolmaydi. Oldinda o‘yinlar bor va g‘alabali yurishlarimiz albatta bo‘ladi, nasib qilsa. Lekin Falastinga yutqazish juda alamli. Bundan albatta xulosa chiqarish shart.

«Bu o‘yin men uchun katta dars»
Xullas, Tojikiston terma jamoasi Usmon Toshev boshchiligidagi dastlabki o‘yinni g‘alaba bilan boshladi va bu eng muhimi edi. Chunki u o‘zbekistonlik bo‘lgani uchun ham endilikda unga va Tojikiston terma jamoasiga befarq emasmiz. Bunday muvaffaqiyatli start Toshevning xalqaro maydondagi statusini oshirishi ham turgan gap.

- Shubhasiz, g‘alabalar yoqimli va bundan xulosa chiqarib, yana ko‘proq g‘alabalar bo‘lishini istaymiz. Men uchun esa bu o‘yin katta dars. Bunday nufuzli musobaqalar hech qachon oddiy bo‘lmaydi. Bunday vaziyatda bosim va hayajon seziladi. Tepangizda rahbariyatning ishonchini his qilib turasiz. Muhimi, biz Tojikiston davlati nomidan maydonga chiqyapmiz. Shuning uchun har bir g‘alaba bizga qo‘shimcha kuch bag‘ishlaydi. O‘ylaymanki, har bir o‘yin va musobaqa murabbiylar hamda futbolchilar uchun oldinga siljishga yordam beradi.

«Har bir o‘yin men uchun katta sahna»
Aytish kerakki, bungacha Toshev asosan klublarda ishlagan. Terma jamoada esa ilk bor mehnat qilyapti. Bu borada uning faoliyatida yangi sahifa ochildi va uni Toshevning o‘zi yozishni boshladi. Bemalol ayta olamizki, hozirgi vaziyat uning uchun faoliyatidagi eng muhim palla.

- Qarang-da, biz shuncha o‘qidik, ishladik, dars beryapmiz. Futbolga to‘satdan ko‘chadan kirib kelganimiz yo‘q. Hammasini boshidan, yoshligimizdan boshlaganmiz. Hali yana ko‘p o‘qib, izlanishimiz va o‘rganishimiz kerak. Chunki biz hali ko‘p narsalarni bilmaymiz. Bilasizmi, har bir o‘yin men uchun katta sahna. Shu bois har bir o‘yinni, mashg‘ulotni kutaman. Hech kim halaqit bermasa bemalol ishlay olamiz. Shuning uchun bu yerda shunday sharoitlar yaratib berilganki, birov mening ishimga qo‘shilmaydi, aksincha aytganlarimni bajarishib yordam berishadi.

Lekin bu endi birinchi o‘yin, hali oldinda o‘yinlar ko‘p va vaziyat qanday bo‘lishini bilmaymiz hatto. Ammo biz harakat qilamiz. Bunday o‘yinlar menga ham katta motivatsiya beradi. To‘g‘risi, men baxtliman. Odamlar menga ishonishyapti. Bularni his qilish juda yoqimli va bu sizni yanada kuchliroq qiladi. Qayerda bo‘lsa ham ishonchni oqlashga harakat qilamiz. Biz o‘qituvchi, murabbiy va o‘rgatuvchimiz. Shuning uchun doim o‘rnak bo‘lishga intilamiz.


«To‘g‘risi, 30 foiz kuchimiz bilan o‘ynadik xolos»
Ayni paytda murabbiyda shu narsa sezilyaptiki, bungacha asosan klublarda ishlab kelgan Toshevning terma jamoada faoliyat olib borishi o‘zi uchun ham bir muncha qulayroqdek taassurot uyg‘otyapti. Bu vaziyatda murabbiy shunday javob berdi?

- Klub bilan terma jamoada ishlashning katta farqi bor. Klubda ishlasangiz har kuni 20-25 nafar futbolchi sizning qo‘l ostingizda bo‘ladi. Terma jamoada esa mutlaqo boshqacha. Sizga FIFA kunlarida faqat to‘rt kun vaqt berishadi. Lekin bir tomondan qaraganda, siz faqat eng yaxshi o‘yinchilarni yig‘asiz. Shuning uchun qisqa muddat ichida murabbiy futbolchilar bilan qanday til topib, munosabat o‘rnatishi muhim masala. Hozir terma jamoada shunday vaziyat: men qilayotgan ish futbolchilarga yoqyapti, futbolchilarning qilayotgan ishlari esa menga yoqyapti.

Biroq biz o‘sishimiz uchun juda ko‘p ishlashimiz lozim. Sizga bir gapni aytaymi? Biz Qirg‘iziston bilan uchrashuvda faqatgina 30 foiz kuchimiz bilan o‘ynadik xolos. O‘yinchilarimizning bir-birini to‘laqonli tushunib o‘ynashlari uchun ko‘p o‘yinlar kerak bo‘ladi. Terma jamoada esa doim qisqa fursatlar ichida hammasini joy-joyiga qo‘yib olish lozim bo‘ladi. Xudoga shukr, nolimayman, biz bularni asta-sekin yo‘lga qo‘yib olyapmiz. Lekin menga qayerda ishlashning farqi yo‘q, u yerda ham, bu yerda ham faqat futbol!


«Rahbariyat jamoani juda yaxshi rag‘batlantiryapti»
Tojikiston uchun ham hozir juda muhim. Boisi jahon chempionati saralashini imkon qadar muvaffaqiyatli o‘tkazish bosh maqsadga aylangan. Shu ma’noda, futbol rahbarlari va mamlakat hukumati ham futbolga befarq emas, har tomonlama qo‘llab-quvvatlashyapti. Shuningdek, jamoani ham yetarlicha rag‘batlantirib kelayotgani ham tabiiy. Bu vaziyat bo‘yicha o‘zbekistonlik mutaxassisning fikrlari shunday bo‘ldi:

- Rahbariyat bilan oramiz juda yaqin. Ular katta lavozimlarda ishlashayotgan bo‘lishsa-da, nihoyatda oddiy insonlar. Ular bilan o‘tirib, maslahatlashib gaplashsangiz katta lavozimda ishlaydi deb ham o‘ylamaysiz. Rag‘batlantirish ham judi yaxshi, ular aytgan narsalarini bajarishyapti. Bizda ishlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan. Rag‘batlantirish futbolchilarga ham yoqyapti. Bu borada bizda balans bor.

Shuhratbek Jo‘rayev

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Faoliyatida yangi sahifa yozishni boshlagan O‘zbek murabbiyi