1 960
Koronavirusning ta’siri, Xitoydagi hayoti, Chanchungdagi faoliyati va boshqalar - Samvel Babayan bilan suhbat
O‘z vaqtida koronavirus o‘chog‘iga aylangan Xitoyda endilikda hayot tarzi yaxshilanib bormoqda. Joriy etilgan karantinlar esa bekor qilinmoqda. Xitoy futbolida esa o‘zbekistonlik hamyurtlarimiz ham faoliyat olib borayotganini yaxshi bilasiz. Jumladan, Islom To‘xtaxo‘jayev, Odil Ahmedov hamda murabbiy Samvel Babayan allaqachon o‘zining jamoalarida zimmalariga yuklatilgan vazifalarni bajarishga kirishishgan. Bu ham u yerdagi vaziyat iziga tushayotganidan darak bermoqda.
Hech kimga sir emaski, Xitoy futboli dunyo nigohidagi chempionatlardan biriga aylangan. Boisi u yerda jahon miqyosidagi taniqli futbolchi-yu, murabbiylarning faoliyat olib borishi bugungi kunga kelib odatiy holga aylanib bo‘lgan. Rivojlanib borayotgan Xitoy chempionatida esa ilk o‘zbekistonlik murabbiy sifatida Samvel Babayan ish boshlagani barchamiz uchun syurpriz bo‘lgandi.
Lekin u faoliyati davomida turli qiyinchiliklarga qaramasdan o‘z irodasini ko‘rsatdi va yana katta futbolda oldiga qo‘ygan maqsadi sari qanday harakatlanish kerakligini hammaga ko‘rsatib qo‘ydi. Qolaversa, O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasi uchun kurashda u ham Odil Ahmedov singari yaqinda yurtimizdagi shifokorlarga insonparvarlik yordamini yubordi. Bu esa uning O‘zbekiston fuqarolarining salomatligiga befarq emasligini ko‘rsatmoqda va ularning sog‘ligi uchun qayg‘urayotganidan darak bermoqda.
Biz Samvel Babayan bilan oxirgi marta Xitoyga ketishidan oldin uchrashib, suhbat uyushtirgandik. Oradan esa to‘rt oydan ortiq vaqt o‘tdi. Albatta, bu davr davomida ko‘p narsa o‘zgarib ketdi. Chunki chempionat hali ham boshlangani yo‘q. Ammo hozirgi jarayonda o‘zbekistonlik mutaxassis qiyinchiliklarni yengib o‘tgan holda “Chanchung Yatay”dagi ishini davom ettirmoqda. Uning Xitoydagi hozirgi faoliyati qanday ketayotganini bilish maqsadida o‘zi bilan bog‘landik. Shu fursatdan foydalangan holda unga bir qator qiziqtirgan savollarimizni yo‘lladik va bunga javoban Samvel Vyacheslavovich o‘zining fikr va mulohazalarini ham bildirib o‘tdi.
- Xitoyda yuz bergan koronavirus tufayli hammaning rejalari butunlay o‘zgarib ketdi, shu jumladan sizni ham. Bunday paytda esa Xitoyda faoliyat olib borayotgan legionerlar yoki xorijlik murabbiylar ketish haqida ham o‘ylab qolishgandi. Bunday xohish va istak sizda ham kuzatilmadimi?
- Koronavirus pandemiyasi sayyoramizdagi aholining turmush tarzini global tarzda o‘zgartirib yubordi. Shak-shubhasiz, shuningdek sportchilarning ham hayoti o‘zgarib ketdi. Shuning evaziga butun sport musobaqalari to‘xtatildi. Xitoyda epidemiya boshlangan paytda biz jamoa bilan 27 yanvar kuni Antaliyadagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga jo‘nab ketgandik. Ortga qaytishimiz esa 24 martda yuz berdi. Endilikda esa bu yerda hayot tarzi yaxshilanmoqda.
- U yerdagi karantin paytida Toshkentga qaytdingizmi? Umuman, mavsumga tayyorgarlikni endi qay tariqa o‘tkazmoqdasiz?
- Chanchungga qaytganimizdan keyin ikki haftalik karantinda qoldik. 9 apreldan mashg‘ulotga qaytdik. Mos ravishda men Toshkentda bo‘la olmayman. Chunki zimmamdagi professional majburiyatlarni bajarishim kerak.
- Futbolchilaringiz yoki klubingizdan boshqa hech kim koronavirusga chalinmabdimi?
- Shunisi katta baxtki, jamoada ham va uning atrofida ham koronavirusga chalingan biror-bir kishi yo‘q. Umuman olganda, epidemiya bizning mintaqa va shaharga unchalik katta ta’sir ko‘rsatmadi. Chunki hozirgi paytda Chanchung provinsiyasida birorta ham epidemiyaga chalingan inson yo‘q.
- Karantindan futbolchilaringiz qanday holatda qaytishdi?
- Biz hatto karantin chog‘ida ham ishlashdan to‘xtamadik. To‘g‘ri, karantin tufayli har bir o‘yinchi individual dastur asosida ishladi. Shuning evaziga karantin poyoniga yetganidan so‘ng boshlagan mashg‘ulotlarimizda hech qanday muammolar yuzaga kelmayapti.
- “Chanchung Yatay”da ish boshlaganingizda o‘zbekistonlik futbolchilarni ham jamoangizda ko‘rishni taxmin qilgandik. Ammo bu amalga oshmadi. Sababi nimada?
- “Chanchung Yatay” klubida ishlar o‘ta yuqori darajadagi professional tarzda yo‘lga qo‘yilgan. Bu yerda seleksion ishlar obdon o‘ylab olingan holda, rejalashtirilgan tarzda amalga oshiriladi. Jamoaga kelgan paytimda klubda salkam 15 ta transfer ustida ish boshlangan ekan. Biz birgalikda qaysi pozitsiyalarni kuzatish va kuchaytirish ustida tahlil olib bordik. Faqat shundan keyin tanlovda so‘nggi to‘xtamga kelishda qaror qildik. Shuning evaziga legionerlar va mahalliy futbolchilardan iborat tanlovni amalga oshirdik. Bundan keyin o‘zbekistonlik futbolchining “Chanchung Yatay”ga taklif etilishini istisno qila olmayman. Boz ustiga Anzur Ismoilov bu yerda to‘p surgan holda o‘zidan juda yorqin iz qoldirgan.
- Adashmasam, klubning o‘tgan mavsumdagi legionerlari ketishgan. Ularning o‘rnini qanday futbolchilar bilan to‘ldirmoqdasiz? Siz ham klubning moliyaviy imkoniyatidan foydalanib, super transferlarni amalga oshirishingiz mumkinmidi?
- O‘tgan yili klubimiz sharafini himoya qilgan barcha legionerlar “Chanchung Yatay”ni tark etishdi. Shundan keyin biz jamoaga braziliyalik ikki nafar futbolchini taklif qildik. Yaponiyaning “Kashima” jamoasidagi Serjino bilan chempionlar ligasi g‘olibi bo‘lgan Lukas bizning jamoamizda to‘p surishadi. Kiprni “Apoel” klubidan esa nigeriyalik Aron Alanare ham bor. Oxirgi mavsumni Xitoyda o‘tkazdi. U ilgari Moskvaning SSKA sharafini ham himoya qilgan. Bu futbolchilarning barchasi o‘ta yuqori saviyadagi ijrochilar hisoblanishadi. Qolaversa, ular o‘zlarini turli musobaqalarda, jumladan, Osiyo va Yevropa chempionlar ligasida namoyish etishga ulgurishgan.
- Bugungi kunda Xitoydagi kundalik hayot qanday? Aytaylik, siz yashab turgan shaharda hayot odatdagidekmi?
- Hozir biz Chanchungdagi bazada istiqomat qilyapmiz. Shahardagi hayot me’yorida. Birgina ta’lim maskanlarini inobatga olmaganda, boshqa barcha tashkilotlar ish boshlagan. O‘quv-mashg‘ulot jarayonini tashkil etish borasida bizda hech qanday muammo yo‘q.
- O‘zbekistonda ham karantin joriy etilganidan xabaringiz bor. Xitoy esa deyarli koronavirusni yengib o‘tyapti. Ular buni qanday uddalashdi va bu borada yurtimizda koronavirusdan tezroq qutulish uchun nimalarga e’tibor qaratish kerak deb o‘ylaysiz?
- Yurtimiz rahbariyati tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar koronavirus pandemiyasi bilan kurashda albatta o‘z samarasini bermasdan qolmaydi. Xitoyga kelsak, bu yerga tashrif buyurgan paytimda har biri uyushqoq tarzda amalga oshirilganini ko‘rdim. Kommunikatsiya va barcha xizmatlar xuddi soat minlari kabi ishlaydi. Eng muhimi, bu yerda qattiq intizom o‘rnatilgan. Shuning evaziga epidemiyaga qarshi kurashda intizom muvaffaqiyat kaliti bo‘lib xizmat qildi.
- Endilikda butun dunyo deyarli futbolsiz qoldi. Bunday jarayonda o‘z ishingiz bilan faol tarzda shug‘ullana olmayotganingizdan zerikib qolmayapsizmi? Mashg‘ulotlar o‘z yo‘liga, ammo, baribir rasmiy o‘yinlarning o‘tkazilmasligi bu katta yo‘qotish...
- Koronavirus pandemiyasi tufayli ayni paytda dunyoda yuzaga kelgan vaziyat barcha soha kishilari uchun o‘ziga xos sinov chorlovidir. Tabiiyki, futboldagi kishilar qatori biz ham juda og‘ir vaziyatga tushib qoldik. Xitoyda chempionatning qachon boshlanishi borasida taxminiy sanalar aniqlandi. Bu iyun oyining oxiri yoki iyul oyining boshlarida bo‘lishi mumkin. Ayni damda biz mavsumga tayyorgarlik ko‘rish uchun mashg‘ulotlarda astoydil ishlayapmiz.
- Ayting-chi, xitoylik futbolchilar bilan o‘zbekistonlik futbolchilarning farqlari nimada? Masalan, siz ularning yurish-turishlari, mashg‘ulotlari, o‘yinlari va kundalik hayot tarzlarini ham bilasiz. Shuni inobatga olganda, ularni bir-biridan ajratib turadigan xususiyatlari bormi?
- Albatta, Xitoy va o‘zbek futboli o‘rtasida farq juda katta. Buning sababi shuki, ikkala mamlakatning madaniyati va an’analari borasida o‘ziga yarasha tarixi bor. Ammo, umuman aytganda, bizning O‘zbekistondagi futbolchilar xitoyliklardan aslo qolishmaydi. Ular maydonda maksimal darajada kuch sarflagan holda g‘alaba qozonishga intiladilar.
- Xitoy tilini ham o‘rganyapsizmi? Tarjimon orqali barcha gaplaringiz va nimalarni xohlayotganingizni futbolchilarga o‘zingiz istagandek yetkazib bera olyapsizmi?
- Xitoyda ishga kirishishimdan oldin ushbu mamlakatning madaniyatini, an’analarini, urf-odatlarini va futbolini o‘rgandim. Albatta, ish jarayonida Xitoy tilini bilish ham kerak. Tabiiyki, bu ancha vaqt talab qilinadigan jarayondir. Shu bois tarjimon xizmatidan foydalanishimga to‘g‘ri kelmoqda. Menga tarjimonlik qilayotgan yigit anchadan beri futbolda ishlab kelmoqda. U o‘z ishini juda puxta biladi va mendagi his-tuyg‘ularni hamda ehtiroslarni futbolchilarga yetkazib bera olmoqda.
- Ma’lumki, Xitoyning taomlari bizlarga unchalik ham to‘g‘ri kelavermaydi, har xolda achchiq deyishadi. Taom borasida qiyinchilikka duch kelmayapsizmi yoki alohida oshpazingiz bormi?
- Menga Xitoy oshxonasi doim yoqqan. U o‘ziga xos an’analarga ega. Xitoy ulkan davlat bo‘lgani kabi undagi mintaqalarning ham oshxonalari o‘ziga yarasha.
- Xitoy futboli yaratilayotgan sharoit va e’tibor yuzasidan O‘zbekistondan ancha ilgarilab ketganmi?
- Infratuzilmaga kelsak, bu masalada Xitoy dunyoda yetakchi o‘rinlardan birida turadi. Men buni o‘z tajribamdan kelib chiqqan holda aytmoqdaman. Chunki hammasini – bu yerda ishlar qanday tashkil etilayotganini ko‘rib turibman. Zamonaviy texnologiyalar tufayli bu yerda ishni o‘ta yuqori darajada olib borishning iloji bor. Bu bolalar futbolidan boshlanib, mamlakatdagi yetakchi klublarga ham birdek tegishli.
- U yerdagi ish jarayoningiz davomida biror taniqli mutaxassis bilan tanishish imkoniyati ham bo‘ldimi?
- Bu yerda ishlayotgan boshqa biror-bir hamkasbim bilan hali yaqindan tanishishga ulgurganim yo‘q. Bundan hayron qolish yaramaydi. Nega deganda, hali rasmiy o‘yinlar boshlanmagan.
Shuhratbek Jo‘rayev
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi