17:50 / 14.04.2021
2 680

O‘zbekistonda Murodjon Ahmadaliyevdan keyin kim chempionlik kamarini qo‘lga kiritadi?

O‘zbekistonda Murodjon Ahmadaliyevdan keyin kim chempionlik kamarini qo‘lga kiritadi?
O‘zbekistonlik professional bokschilar orasida jahoning nufuzli to‘rt yo‘nalishining birinchi raqamli chempionlik kamarlarini qo‘lga kiritganlar unchalik ko‘pni tashkil qilmaydi. Jumladan, dastlabki shunday titulni yengil vazn toifasida o‘z janglarini o‘tkazgan Artur Grigoryan qo‘lga kiritadi. Ya’ni, u ushbu vazn toifasida WBO chempionlik kamari sohibiga aylanadi.

Keyinchalik Ruslan Chagayev og‘ir vazn toifasida WBA chempioniga aylangan bo‘lsa, yaxshi bilasizki, Murodjon Ahmadaliyev ikkinchi yarim yengil vaznda biryo‘la IBF hamda WBA Super chempionligiga erisha oldi. To‘g‘ri, o‘z vaqtida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Oleg Maskayev ham WBC chempioni bo‘la olgandi. Biroq, u o‘sha vaqtda Rossiya nomidan jang o‘tkazar edi.

Albatta, bu tarixiy voqeliklarga bejiz to‘xtalganimiz yo‘q. Sababi, hozirgi kunda o‘zbekistonlik bokschilar orasida bunday natija qayd etishga yaqin kelayotganlar bor. Shu nuqtai nazardan biz Murodjon Ahmadaliyevdan keyin jahonning nufuzli chempionlik kamarlarini qo‘lga kiritishga yaqin turgan va unga qodir bo‘lgan uch nafar bokschilarimiz borasida o‘zbekistonlik professional boks mutaxassislarining fikrlari bilan qiziqdik.

Nabijon Ismonov - murabbiy va O‘zbekiston professional boks federatsiyasi mutasaddisi
- Aslida, bunday bokschilarimiz juda ko‘plab topiladi. Lekin yaqin vaqtlar mobaynida ekanligini inobatga olsak, dastlabkisi Qudratillo Abduqahhorov deb ayta olaman. To‘g‘ri, uning vazn toifasida juda kuchli raqiblar mavjud. Shunday bo‘lsa ham Abduqahhorov anchagina matonatli va tartibli bokschi. Promouterlik kompaniyasini ham yangiladi. Agar, promouterlari yaxshi ishlasa, u ushbu darajaga erisha oladi.

Shubhasiz, Bektemir Meliqo‘ziyevning bu boradagi imkoniyati juda yuqori. U har qanday raqib bilan istalgancha jang qilishi mumkin va uni tez orada chempionlik maqomida ham ko‘rsak ajab emas. Isroil Madrimov ham hozirda reytingda yetakchilik qilmoqda. Unda ham yaxshi imkoniyat mavjud. Qolaversa, Eddi Xirn bilan ishlayotganligi ham unga qo‘shimcha plyus deb ayta olaman. Umuman o‘zining ham salohiyati bunga yetadi. Agar, to‘rtinchisini so‘rasangiz Olimjon Nazarov deb aytgan bo‘lardim. Albatta, bu meni shaxsiy fikrim!

Zufar Sulaymonov - O‘zbekiston professional boks federatsiyasi murabbiylar kengashi raisi
- Uch nafarini aytish juda qiyin. Chunki, bunday bokschilarimiz istalgancha topiladi. Har biri yetuk mahoratga ega va ularning barchasini chempionlik darajasiga chiqishini istardim va umid qilaman. Ishonch bilan aytishim muikinki, Bektemir Meliqo‘ziyev yaqin vaqtlar mobaynida chempionlik maqomiga erishadi. Sababi, u WBA reytingida kuchli 15 talikdan o‘rin olgan. Shuningdek, jahon professional boks olamining “akula”si Oskar De La Xoya bilan ishlamoqda. O‘zining darajasi esa barchaga ma’lum. U tug‘ma iste’dod!

Ikkinchisi, Olimjon Nazarov. Albatta, bu o‘zimning shogirdim ekanligi uchun aytmayapman. Nazarov hozirda WBO reytingida 5-o‘rinda bormoqda va u ancha yillardan buyon professional boks olamida faoliyat yurityapti. Demoqchimanki, tajriba yuqori. Qolaversa, o‘zidan yuqorida turgan raqiblaridan aslo qolishmaydi. Va nihoyat, Isroil Madrimov so‘ngi tanlovim. U Toshkentdagi jangida biroz qiyinchilikka uchragan bo‘lsa-da, jarohatidan keyingi holatida ekanligi va raqibning jismoniy holatini inobatga olsak, ideal jang o‘tkazdi va u bundan ham yuqori darajani ko‘rsata oladi.

Albatta, Qudratillo Abduqahhorov, Bahodir Jalolov, Shahram G‘iyosov va Shohjahon Ergashevda ham imkoniyat bor va barchasiga ishonaman. Biroq, ularga biroz vaqt kerak bo‘ladi nazarimda. Ularning promouterlik kompaniyasining vaziyati va vazn toifasidagi chempionlarning promouterlari kim bilan jang tashkil qilish moliyaviy ekanligini hisobga olishi nuqtai nazardan kelib chiqib aytmoqdaman.

Muhammadqodir Abdullayev - O‘zbekiston professional boks federatsiyasi raisi o‘rinbosari
- Qudratillo Abduqahhorov bunga juda yaqin. O‘ylaymanki, u chempionlikni qo‘lga kirita oladi. Tarbiyali, o‘z ustida ishlashdan to‘xtamaydigan bokschi. Bektemir Meliqo‘ziyevga ham ishonch yuqori. Promouter va menejerlari ham unga katta ishonch bildirmoqda. Sergey Kovalyov bilan jang tashkil qilishga urinishlari ham bunga misol bo‘la oladi va Shahram G‘iyosovni ham aytib o‘tgan bo‘lardim.

Alisher Rahimov - sobiq bokschi, murabbiy
- Bahodir Jalolov, Isroil Madrimov va Shahram G‘iyosov. Albatta bu mening shaxsiy fikrim. O‘ylaymanki, bunday natijalar qayd etadigan bokschilarimiz juda ko‘plab topiladi.

Azamat Murodov - jurnalist
- Hasanboy Do‘smatov. Chunki vazn toifasidagi raqobatning nisbatan past ekani hisobiga bu jarayon oson kechishi mumkin.

Isroil Madrimov. Birinchidan u chempionlik uchun eng yaqin turibdi. Chunki rasmiy da’vogar, lekin yelkasidan olgan jarohati sabab, so‘nggi vaqtlarda sport formasida emasligi chempionlik jangi muddatini kechiktirishi mumkin. Amaldagi chempion Erislandi Lara vazn toifasini ko‘tarishi kutilmoqda va agar kamarini vakant qoldiradigan bo‘lsa, Isroilda kamarni yutish imkoniyati oshadi. Lekin birinchi navbatda jarohatdan so‘ng, o‘sha bir necha yil oldingidek, yuqori sport formasiga chiqib olishi kerak bo‘ladi.

Yana bir narsani qo‘shimcha qilib ketishim kerak, professional boks biznesga aylangach, jahon chempionlik kamarini taqdim etuvchi nufuzli to‘rtta tashkilot (WBC va WBA ayniqsa) har xil qo‘shimcha kamarlarni o‘ylab topa boshladi va bitta vaznda birgina yo‘nalishning o‘zida 3-4talab chempionlar paydo bo‘la boshladi. Boshqa tashkilotlar esa o‘z navbatida bu kabi “yurish”larni tan olmayapti va har bir vaznda bitta chempion haqiqiy chempion sifatida tan olinadi. Isroil Madrimov da’vogar bo‘lib turgan kamar ham WBA ning super (hamma tan oladigan haqiqiy chempionlik kamari emas. Masalan Murodjon xuddi shu kamarni yutib olgan). Bu WBA ning oddiy tilda tushuntirgan ikkinchi darajalai jahon chempionlik kamari bo‘lib WBA Regular deb nomlanadi.

Agar haqiqiy chempionlik kamari haqida so‘rasangiz, bu kamar uchun kurashishga ancha bor. Chunki superchempion Charlo butunlay boshqa raqobatchi promouterlik kompaniyasi mijozi hisoblanadi va odatda ular Isroil Madrimov so-promouterlik kompaniyasi sanalgan “Matchroom” bilan boks kechalarini birga tashkil qilmaydi (nima deysiz, biznes shunaqa, raqobatchini tan olgisi kelmaydi hech biri). Ya’ni Isroil va uning jamoasi xohlagan taqdirda ham bu jangni tashkil qilish qariyb imkonsiz.

Bektemir Meliqo‘ziyev. Uchinchi bo‘lib chempionlikka erishishi mumkin bo‘lgan bokschini izlab ko‘rdim. Lekin ularning ko‘pi bu yo‘lda hali ancha uzoqda ekan degan xulosaga keldim. Demoqchi bo‘lganim yaqin bir yil ichida bizda to‘rtinchi chempion chiqishi deyarli imkonsiz. Bu birinchidan, o‘sha da’vogarlik va chempionlik janglarini tashkil qilish bilan bog‘liq muammolar sabab kechikadi. Ikkinchi tarafdan esa qolgan bokschilarimizning saviyasi bilan taqqoslaganda raqiblari o‘ta jiddiy va raqobat juda kuchli vaznlarda faoliyat olib borishmoqda.

Shu boisdan iqtidor va xorijda promouterlarning e’tibori jihatidan ham bu nomga eng yaqini deb Bektemir Meliqo‘ziyevni hisobladim. Bugun xorij matbuotida, ommaviy axborot vositalarida eng ko‘p aynan Bektemir Meliqo‘ziyev nomini ko‘proq tilga olishmoqda. Eng ko‘p tilga tushgan bokschimiz — “bezori” Shu omillar ham uning chempionlik jangiga tezroq chiqishiga turtki bo‘ladi, deb o‘ylayapman. Lekin hammasini vaqt ko‘rsatadi.

Boshqalarni tanlamaganim haqida. Albatta bizda chempionlik uchun rasmiy da’vogar bo‘lgan va reytingda yaqin kelgan boshqa sportchilar ham bor. Masalan Qudratillo Abduqahhorov. Ammo yaqin tarix shuni ko‘rsatdiki, Qudratillo Abduqahhorov qanchalik harakat qilmasin, yaxshi menejerlar, promouterlik kompaniyais bo‘lmasa, hammasi bir pulga aylanadi. U vaqtinchalik chempionlik kamari uchun jangiga hatto birgina vizani hal qilib bera olmagan promouterlik kompaniyasi bilan qandaydir natijaga erisha olishiga shaxsan ishonmayman. Ikkinchidan Errol Spensdek bokschini yengish hozircha, faqat Krouford yoki kecha Lipines nokautga uchratgan Jaron «Buts» Ennisning qo‘lidan kelishi mumkin deb hisoblayman.

Shohjahon Ergashev haqida ham shu gap. Bilishim bo‘yicha IBF bo‘shab qolgan majburiy da’vogarlik uchun reytingda 3 va 4 o‘rinlarni egallab turgan Liam Paro va Shohjahon Ergashev o‘rtasida jangga buyruq bergan, Salita promouterlik kompaniyasi bu jangni tashkillashtirmoqchi bo‘lganida, negadir Shohjahon ular bilan munosabatini eng muhim pallada yomonlashtirib, bu jang bekor bo‘ldi va katta ehtimol bilan Shohjahon chempionlik kamariga eng yaqin kelishi mumkin bo‘lgan birinchi va oxirgi imkoniyatini boy berdi. Shu jangni o‘tkazib olib, rasmiy da’vogar bo‘lgach, Salita bilan hamkorlikni bekor qilish mumkin edi. Albatta bu mening shaxsiy fikrim.

Yana bir bokschimiz bu Shahram G‘iyosov. Uning promouterlari chempionlik jangiga shoshilishmayotganini ma’lum qilgandi. Shu boisdan ham Shahram hozircha birinchi navbatda reyting janglarida tajriba to‘plab o‘z ustida ishlab boradi. Chempionlik jangi uchun real imkoniyat unda taxminan 2022 yillarning ikkinchi yarmida bo‘lishi mumkin. Shunda ham vazndagi raqobat qay darajada bo‘lishi muhim, bu vaznda kimlar raqobatchi bo‘lishiga qarab qandaydir fikr bildirsa bo‘ladi.

Reytinglarni esdan chiqarmagan holda, o‘ta yengil vaznda kurash olib borayotgan Olim Nazarovni ham eslab o‘tib ketgan bo‘lardim. Tajribali bokschi raqobat yuqori bo‘lmagan vaznda chempionlik kamari uchun da’vogar darajasiga yetib borishiga ishonaman, unchalik kuchli bo‘lmagan promouterlik kompaniyasi bilan bunga erishish mumkin, ammo chempionlik jangida bu kabi vaznlar qiroli bo‘lgan yaponiyaliklarga qarshi janglarda g‘alaba qozonishi biroz qiyinroq bo‘ladi degan fikrdaman. 36 yoshga kiradigan bokschi uchun jahon chempionlik kamari uchun da’vogar sifatida ringga chiqishining o‘zi katta gap menimcha.

Ahmadbek Eshmatov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekistonda Murodjon Ahmadaliyevdan keyin kim chempionlik kamarini qo‘lga kiritadi?