
Abbosbek Fayzullayev uchun 2025/26 yilgi mavsum juda muhim sanaladi. U nafaqat terma jamoamizning asosiy kuchlaridan biri, balki SSKA tarkibidagi yetakchilardan biriga aylangan futbolchi sifatida e’tiborda.
Fayzullayev kelasi yili AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasining asosiy yukini yelkasiga olishi kutilmoqda, deb yozadi sports.ru. Shu sababli, klub darajasida muntazam o‘yin amaliyoti, jismoniy holat va barqaror forma uning shaxsiy va milliy muvaffaqiyati uchun hal qiluvchi omil bo‘ladi.
Shu paytda SSKAda kutilmagan o‘zgarish sodir bo‘ldi: jamoani Kubok sohibi va chempionat bronza medalchisiga aylantirgan Marko Nikolich boshqa jamoaga o‘tib ketdi. Uning o‘rnini esa tajribali shveysariyalik mutaxassis Fabio Chelestini egalladi.
Chelestini yig‘inlar haqida fikr bildirar ekan, Fayzullayevni jamoa yetakchilaridan biri sifatida alohida tilga oldi. Uning ta’kidlashicha, dastlabki kunlarda Abbos Oblyakov, Krugovoy va boshqa bir qator muhim o‘yinchilar bilan birga yig‘inda bo‘lmagan, ammo tayyorgarlik individual ravishda boshlangan.
- Butun jamoa yig‘inda jam bo‘lishini kutish kerak. Dastlabki kunlarda biz bir necha muhim o‘yinchilar – Ivan Oblyakov, Danil Krugovoy, Seyku Koyta va Abbosbek Fayzullayevsiz ishlashimizga to‘g‘ri keldi.
Biz jamoaga yaqinda kelganmiz, futbolchilar esa endigina ta’tildan chiqdi, dastlabki kunlardagi mashg‘ulotlar o‘ziga xos tarzda yengillashtirilgan bo‘ladi va asosiy e’tibor funksional tayyorgarlikka qaratiladi, - dedi Fabio Chelestini.
Yangi murabbiy murabbiylar shtabiga katta e’tibor qaratayotganini, ular orasida “An-Nasr”da Ronaldu bilan ishlagan nutritsiolog Xose Blesa, jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha mutaxassis Xaver Noyya va tajribali Manel Eksposito borligini ta’kidladi. Shuningdek, SSKAning tajribali a’zolari Berezutskiy, Kramarenko va Aksenov ham murabbiylar shtabida qolgan.
Abbos SSKA safidagi ilk mavsumidayoq katta taassurot qoldirdi. U 71 ta uchrashuvda maydonga tushib, 8 ta gol urib, 22 ta assist muallifiga aylandi. Bu natijalar klub rahbariyatining unga bo‘lgan ishonchini mustahkamladi.
Fayzullayevning shartnomasi 2026 yil yozigacha amalda bo‘lsa-da, unga Yevropa va Turkiya klublari – xususan, “Vulverxempton” hamda “Bashakshehir”dan qiziqish bo‘layotgani haqida xabarlar tarqalgan.
Bosh murabbiy o‘zgargan, jamoa strategiyasi qayta shakllanmoqda. Yangi mavsumda Abbos o‘z o‘yini bilan yanada yorqinroq porlashi, ham klub, ham mamlakat sharafini munosib himoya qilishi kutilmoqda. Muxlislar esa yangi mavsumda undan yuqori natijalar kutmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar