
SSKAning yozgi mavsumdagi eng muhim masalalaridan biri – jamoadagi eng iqtidorli futbolchilardan biri Abbos Fayzullayevning kelajagidir. O‘zbekiston terma jamoasi safidagi yarqin o‘yinlari orqali katta e’tibor qozongan yosh futbolchi ayni paytda Moskva klubida murakkab pallaga kirgan faoliyat yo‘lida turibdi.
Ma’lumki, SSKAning sobiq murabbiyi Marko Nikolich ketganidan so‘ng, jamoa boshqaruviga shveysariyalik Fabio Chelestini tayinlandi. Bu o‘zgarish jamoa sxemasida ham jiddiy yangiliklarga sabab bo‘ldi. Nikolich davridagi taktik tuzilma Abbosning qanotdagi faol o‘yiniga mos tushgan bo‘lsa, Chelestini esa boshqa uslubni tanlashi mumkin.
Yangi murabbiy – yangi imkoniyatmi?
Fayzullayevning klubdagi kelajagi aynan Chelestinining unga bo‘lgan ishonchiga bog‘liq bo‘ladi. Agar yangi murabbiy unga markaziy rol bersa, Abbosbek o‘zining SSKAdagi maqomini saqlab qolishi mumkin. Aks holda esa, mutaxassislar ta’kidlashicha, yosh futbolchi transfer masalasini ko‘rib chiqishga majbur bo‘ladi.
Chunki u so‘ngi yilda bir qator top-klublar diqqat markazida bo‘ldi. Avvalroq Germaniyaning mashhur “Bavariya” klubi uning o‘yinini kuzatayotgani haqida xabarlar tarqalgandi. Shuningdek, Turkiyaning “Istanbul Bashakshehir” klubi ham o‘z safiga qo‘shib olishni maqsad qilgani aytilmoqda.
Abbosbek – SSKAning oltin aktivimi yoki tranfer potensialimi?
Muxlislar va mutaxassislar Fayzullayevni klubning kelajakdagi yetakchilaridan biri deb hisoblashadi. Uning texnik salohiyati, maydondagi faol harakatlari va to‘p bilan ishlash madaniyati yuqori baholanadi. SSKA rahbariyati uchun esa bu ikki yoqlama vaziyat: bir tomondan jamoada uni saqlab qolish manfaatli, ikkinchi tomondan esa yuqori transfer narxi orqali yaxshi mablag‘ ishlab olish imkoniyati ham yo‘q emas.
Shu bois, Chelestinining qarori juda muhim. U Abbosga ishonch bildirsa, yosh vinger yanada rivojlanishi va jamoaning markaziy figurasiga aylanishi mumkin. Aks holda esa, biz uni Yevropaning boshqa klubi safida ko‘rishimiz ehtimoli yuqori.
Xulosa o‘rnida
Futbolda har bir qaror katta o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin. Hozircha esa hammasini Fabio Chelestinining Abbosbek Fayzullayev borasidagi tanlovi hal qiladi. Unda mavjud salohiyat bor, endi esa buni namoyon etish uchun imkoniyat beriladimi-yo‘qmi, shu savol barcha muxlislarni o‘ylantirmoqda.
Abbosbekning SSKAdagi taqdiri bir necha hafta ichida aniqlik kasb etadi. Shunisi ma’lumki, u qayerda bo‘lmasin, o‘zbek futboli uchun katta iftixordir. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing