
Milanning mashhur “Inter” klubi 2025 yilgi mavsumda so‘nggi umidini ham yo‘qotdi. Bosh murabbiy Kristian Kivu qo‘l ostidagi jamoa Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati 1/8 finalida Braziliyaning “Fluminense” klubiga qarshi bahsda 0:2 hisobida mag‘lub bo‘lib, musobaqani tark etdi.
Bu mag‘lubiyat bilan “nerazurrilar” joriy yildagi barcha titullar uchun kurashdan rasman chetlatildi.
Ortga nazar tashlaydigan bo‘lsak, 23 aprelgacha “Inter” bir vaqtning o‘zida to‘rt frontda chempionlik sari yurib kelayotgandi. Lekin barchasi bosqichma-bosqich quladi. Italiya kubogi yarim finalida “Milan”ga yutqazish — birinchi zarba bo‘ldi. Keyin A Seriyada “Yuventus”ga imkoniyatni boy berib, ikkinchi o‘rin bilan kifoyalandi.
Eng alamli mag‘lubiyat, shubhasiz, Chempionlar ligasi finalida ro‘y berdi. Parijning PSJ klubi “Inter”ni 5:0 hisobida taslim qildi va kubokni ularning qo‘lidan tortib oldi. Bu bahsda milanliklar juda kuchsiz ko‘rindi, barcha jihatdan ustunlik raqib tomonda bo‘ldi.
Qishda bo‘lib o‘tgan Italiya Superkubogi finali ham “Inter” uchun omadli kechmadi. Yana o‘sha “Milan” qarshi chiqdi va yana bir bor g‘alabani o‘z qo‘liga oldi.
2025 yil “Inter” uchun shuncha imkoniyatlar bo‘lgan, ammo hech biri oxirigacha yeta olmadi. Muxlislar ko‘z o‘ngida esa bir gap ayon bo‘ldi: jamoa qayta qurilishga muhtoj.
Kristian Kivu uchun ham bu mavsum katta sinovga aylandi. Endi jamoa rahbariyati unga ishonch bildirishda davom etadimi — bu savol ostida. Ammo aniqki, bu kabi mag‘lubiyatlar so‘zsiz tahlil va tub o‘zgarishlarni talab qiladi.
“Inter” yangi mavsumda hamon kuchli raqib bo‘lishi mumkin. Biroq, g‘alabalarga yetish uchun faqat istak emas, balki tuzuk reja, kuchli ruh va ustuvorlik kerak. Shu sababli, muxlislar endi klubdan amaldagi o‘zgarishlarni kutmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar