08:30 / 13.07.2021
2 321

Messi bu yil “Oltin to‘p”ga munosibmi?


Lionel Messi Argentina terma jamoasidagi faoliyati davomida birinchi sovrinini qo‘lga kiritdi va futbol jamoatchiligi argentinalik yulduz bu yilgi "Oltin to‘p" uchun kurashda favoritga aylangani haqida gapira boshladi. Biz esa 34 yoshli Messi bu yil o‘zining yettinchi "Oltin to‘p"ini olishga munosibmi yoki yo‘qmi degan savolga imkon qadar xolisona baho berishga harakat qilamiz.

"Oltin to‘p" futbolchilar orasida eng nufuzli individual mukofotdir. Ammo biz ushbu mukofot haqiqatan ham eng zo‘riga beriladi deb taxmin qilishimiz mumkinmi? Albatta yo‘q. Nima uchun? Chunki "Oltin to‘p" butun dunyo bo‘ylab jurnalistlarning ovoz berish natijalariga ko‘ra beriladi, ya’ni aslida bu faqat ma’lum bir guruh vakillarining sub’ektiv fikridir.

Istalgan futbol uchrashuvini oling, masalan so‘nggi Yevropa chempionati finalini eslang. Agar jurnalistlarning o‘yin haqidagi fikrlarini o‘qigan bo‘lsangiz, ular turlicha, chunki hamma o‘yinni har-xil ko‘radi. Xuddi shu narsa futbolchilarning o‘yinlariga ham tegishli. Har bir inson qanchalik ob’ektiv bo‘lishga harakat qilmasin, futbolchilarni turlicha baholaydi. Bundan tashqari, yoqtirish kabi oddiy omillar mavjud.

Shuning uchun, ob’ektivlikni unuting. “Oltin to‘p” bu ovoz beradiganlarning sub’ektiv fikrlaridan boshqa narsa emas. Bu yerda "Men rassomman, men buni shunday tushunaman" tamoyili juda mos tushadi. Bir paytlar Uesli Sneyder "Inter"ning trebli bilan ajoyib mavsumni o‘tkazgan va jahon chempionati finaliga chiqqan bo‘lsa ham, ovoz berishda kuchli uchlikka ham kira olmagan edi. Nima uchun bunday bo‘ldi? Chunki o‘sha yillarda "Oltin to‘p" France Football hamda FIFAning qo‘shma mukofoti bo‘lgan va ovoz berishda OAV vakillaridan tashqari, terma jamoalar sardorlari hamda murabbiylari ishtirok etishgan. Bunday ovoz berish jarayoni bilan xolislik chetda qolishi aniq.

Yana bir muhim jihat – “Oltin to‘p”ni olish mezonlari noaniq ishlangan. Mukofot ovoz berish natijalariga ko‘ra bir kalendar yilida eng yaxshi deb topilgan futbolchiga beriladi. Shunday ekan uning o‘yinini qanday baholash kerak? Agar biz 2021 kalendar yili haqida gapiradigan bo‘lsak, unda 2020/2021 yilgi mavsumning birinchi qismidagi ko‘rsatkichlarni inobatga olmasligimiz kerakmi? Katta ehtimol bilan France Football dagilarning o‘zlari ham bu savolga javob berisholmaydi. Bir vaqtlar ushbu nashr vakillari “Oltin to‘p” uchun ovoz berishda jurnalistlar nafaqat futbolchining bir yilda erishgan natijalari va yutuqlarini, balki umuman uning xulq-atvori va faoliyatini ham baholaydilar, degan edi. Biz esa yana jarayonning sub’ektivligiga kelamiz. Bunday noaniq mezonlarga binoan ovoz beruvchi jurnalist o‘z his-tuyg‘ulari va didiga tayanishi mumkin. Shu sababli Lionel Messidan ko‘ra ko‘proq Krishtianu Ronalduga simpatiyasi bo‘lgan jurnalistni ayblash kerak emas.

Mezonlarning noaniqligi haqida gapirar ekanmiz, o‘z-o‘zidan yana bir savol tug‘iladi. Eng muhimi nima? Gollar va assistlar soni yoki kuboklar? Bu yerda ham vaziyat tushunarsiz. Masalan, “Borussiya”da porlayotgan hujumchi Erling Xolandning Norvegiya terma jamoasi bilan Yevropa yoki jahon chempionatida g‘olib chiqish imkoniyati qanday? Xoland yana bir necha yil dortmundliklar safida o‘ynasa, u Bundesliga va Chempionlar ligasini yutish uchun qancha imkoniyatga ega? Aytaylik, Erling Xoland bir mavsumda 70 ta gol uradi, ammo "Borussiya" Chempionlar ligasini chorak finaldayoq tark etadi va Bundesligada 2-o‘rinni egallaydi, Robert Levandovski esa 35 ta gol uradi, ammo "Bavariya" Chempionlar ligasi va Bundesligada g‘olib chiqadi. Kim zo‘r? Balki Fransiya bilan Jahon chempionatini yutgan, ammo klub bilan hech narsaga erishmagan Kilian Mbappe? Menda javob yo‘q. Bunday vaziyatda jurnalistlardan biri Xolandga, ikkinchisi Levandovskiga, uchinchisi Mbappega ovoz beradi. Mana yana sizga sub’ektivlik.

"Oltin to‘p"ga nisbatan ancha xotirjamman. Agar mukofot Lionel Messiga topshirilsa, bu u albatta Krishtianu Ronaldudan kuchli degani emas. Bu aslida dunyodagi aksariyat jurnalistlarning fikrlaridan boshqa narsa emas deb bilaman. Qoidalar shunaqa. Umuman olganda, futbol jamoatchiligi, muxlislar bu ikki afsonaviy futbolchini taqqoslashdan uzoqlashishi va shunchaki ularning faoliyatidagi so‘nggi yillardan zavq olishga harakat qilishi lozim.

Lionel Messi “Oltin to‘p”ni olishiga shubha qilmayman. Uning terma jamoadagi birinchi sovrini va Amerika kubogidagi yorqin ishtiroki aksariyat jurnalistlar uchun muhim faktor bo‘lishi shubhasiz.

Shaxsan men Robert Levandovskiga ovoz bergan bo‘lardim. O‘tgan mavsumda "Oltin to‘p" sovrinining bekor qilinishini polshalik futbolchiga nisbatan qilingan adolatsizlikning eng yuqori darajasi deyish mumkin. U o‘sha mavsum gollarni qalashtirib tashladi va "Bavariya"ga barcha sovrinlarni yutishda qo‘lidan kelgancha yordam berdi. Bu yil myunxenliklar Chempionlar ligasida muvaffaqiyatsizlikka uchrashdi, ammo Levandovski hali ham individual darajada yaxshi harakat qilib kelmoqda. Bu esa unga yakunlangan mavsum "Oltin butsa"ni yutib olishga imkon berdi. Robert, albatta, "Oltin to‘p"ga loyiq edi.

Baxtiyorjon Toshtemirov

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Messi bu yil “Oltin to‘p”ga munosibmi?