Mavsum yakunlanishi bilan faoliyatini tugatayotgan Jordi Albaning o‘rnini kim to‘ldiradi? AQSHdagi manbalarga ko‘ra, «Inter Mayami»ning asosiy nomzodi — «Real» tarkibidan yetishib chiqqan, hozir erkin agent maqomiga ega Serxio Regilon.
Ispaniyalik qanot himoyachisi tezkorlik, katta hajmda yugurish va hujumga qo‘shilishdagi faolligi bilan tanilgan. Aynan mana shu sifatlar MLSdagi dinamik o‘yinga mos keladi, klubga chap qanotda yangi nafas berishi mumkin. Eng muhimi — transfer uchun haq to‘lanmaydi, bu esa shartnoma shartlarini kelishishni ancha osonlashtiradi.
Regilon karerasi davomida «Real Madrid», «Sevilya», «Atletiko Madrid», «Manchester Yunayted», «Tottenxem» va «Brentford» kabi klublarda to‘p surgan. «Transfermarkt» bahosiga ko‘ra, 27 yoshli himoyachining bozor qiymati 6 million yevroga teng.
Albaning ketishi ortidan chap qanotni qayta qurish klub uchun ustuvor vazifaga aylanadi. Shunday sharoitda tajribali, yuqori darajada musobaqalashgan Regilon «Inter Mayami» uchun mantiqiy va xavfsiz variant sifatida ko‘rilyapti. Qolgani — muzokaralar va murabbiylar shtabi qaroriga bog‘liq.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!