2025 yil 17 aprel kuni Farg‘ona viloyati Furqat tumanida maktab direktori Gulira’no Qosimova IIB xodimlari tomonidan yechintirilib, tahqirlangani va kaltaklangani haqida Kun.uz nashri xabar berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, voqea mahalliy soliq inspeksiyasi va ichki ishlar rahbarlari o‘rtasidagi adovat tufayli kelib chiqqan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Gulira’no Qosimova erining operatsiyasi uchun qarz so‘rab, tanishi — tuman soliq boshlig‘iga borgan paytda IIB xodimlari uyga bosqinchiday kirib kelgan. Ular ayolni va soliq boshlig‘ini yechintirib, kaltaklashgan, hamda tahqirlovchi video yozib, undan yolg‘on ariza yozishni talab qilishgan.
Ayol yolg‘on ayblovni rad etganidan keyin, u va uning oilasi turli bosimlarga duch kelgan. Manbalarga ko‘ra, sobiq IIB boshlig‘i bu holatni “hisob-kitob” maqsadida tashkil etgan. Keyinchalik ayol ruhiy tushkunlikka tushib, o‘z joniga qasd qilishga uringan, ammo omon qolgan.
Hozirda mazkur ish bo‘yicha sobiq tuman IIB boshlig‘iga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va u lavozimidan ozod etilgan. Biroq uning o‘rinbosari va tezkor xodimlar hali ham ishda ekanligi ma’lum qilingan. Gulira’no Qosimova ularning barchasiga nisbatan qonun doirasida qat’iy chora ko‘rishni so‘ragan.
Oliy sud matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, sobiq Furqat tumani IIB boshlig‘i va uning o‘rinbosari ishi hozirda Quva tuman sudida ko‘rib chiqilmoqda. Senat bu holatni parlament nazoratiga olganini va Ichki ishlar vazirligi ham ishni nazorat qilib borayotganini ma’lum qildi.
Farg‘ona viloyati IIBning rasmiy bayonotida “holat bo‘yicha tergov jarayonlari hali yakunlanmagani, sud hukmi chiqmasdan turib asossiz xulosa chiqarmaslik kerakligi” ta’kidlangan. Tergov natijalari yuzasidan xolis bayonot berilishi ma’lum qilingan.
Farg‘onada maktab direktorini yechintirganlar ishi nazoratga olindi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar