date

Giyohvand o‘simligini tandirda yondirib qutilmoqchi bo‘lgan ayol dron yordamida qo‘lga olindi

Giyohvand o‘simligini tandirda yondirib qutilmoqchi bo‘lgan ayol dron yordamida qo‘lga olindi
Buxoro viloyatining Shofirkon tumanidagi Arabxona qishlog‘ida yashovchi ayol o‘z tomorqasida giyohvandlik moddasi hisoblanadigan “kannabis” o‘simligini parvarishlayotgani dron orqali aniqlandi. Ushbu holat Buxoro viloyati IIB, soliq va profilaktika organlari tomonidan olib borilayotgan keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlar chog‘ida fosh qilindi.

Buxoro viloyati IIB axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Shukurlayev “Xabar.uz” nashriga ma’lum qilishicha, so‘nggi oylarda ichki ishlar organlari tomonidan mahallalardagi hovli va tomorqalarda giyohvand modda turlarini noqonuniy parvarishlash holatlariga qarshi keskin choralar ko‘rilmoqda.

Aynan shunday tadbirlardan biri paytida, Shofirkon tumani Qayrag‘och mahallasining bir xonadonida dron orqali kuzatuv amalga oshirilib, tomorqada noqonuniy usulda kannabis yetishtirilayotgani aniqlangan.

Ma’lumotga ko‘ra, dron uy hududida aylanayotgan paytda, ayol undan shubhalana boshlagan va vaziyatni anglab, shoshilinch ravishda o‘simliklarni uzib, ularni yoqib yuborishga uringan. Shu maqsadda u tezda tandirni yoqqan va o‘simliklarni tashlab, dalillarni yo‘q qilishga harakat qilgan.

Boshlang‘ich so‘rovda u shunday degan: “Uyimiz ustidan uchib o‘tayotgan dron “ishkal” chiqarishini oldindan payqab qoldim. Shuning uchun ham zudlik bilan tomorqamdagi o‘simliklarni uzib, ularni tandirda yoqib tashlash uchun olov yoqdim. Ammo, ulgurolmadim... aybimni tan olaman”.

Biroq profilaktika inspektorlari olingan xabar asosida manzilga tezkorlik bilan yetib borishgan. Ayol avvaliga darvozasini ochishni istamagan bo‘lsa-da, bir necha daqiqadan so‘ng qonuniy talablarga bo‘ysinishga majbur bo‘lgan. Undan so‘ng hovli ko‘zdan kechirilib, ko‘p miqdordagi o‘simliklar aniqlangan.

Buxoro viloyati IIB ekspert-kriminalistika markazi tomonidan olib borilgan kimyoviy ekspertiza natijasiga ko‘ra, tomorqada yetishtirilgan va yo‘q qilishga uringan o‘simliklar “kannabis” ekanligi rasman tasdiqlangan. Holat belgilangan tartibda hujjatlashtirilgan.

Ayni vaqtda mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari boshlab yuborilgan. Hozirda ayolning qonuniy javobgarlikka tortilishi masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Giyohvand o‘simligini tandirda yondirib qutilmoqchi bo‘lgan ayol dron yordamida qo‘lga olindi