Ilm-fan sohasida yangiliklar: Doktorantlar stipendiyasi oshiriladi, byurokratiya esa qisqaradi

Prezident Shavkat Mirziyoyev ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Asosiy o‘zgarishlar va yangiliklar:
- Stipendiyalar oshiriladi: Sun’iy intellekt, yashil energiya, tibbiyot va oziq-ovqat xavfsizligi kabi ustuvor yo‘nalishlardagi doktorantlar stipendiyasi 1,7 barobarga oshiriladi.
- Byurokratiya 50% ga qisqaradi: Dissertatsiya himoyasi jarayonlari to‘liq raqamlashtiriladi. Ko‘p sonli hujjatlar chop etish va avtoreferatlarni katta miqdorda tayyorlash kabi ortiqcha talablar bekor qilinadi.
- OAK tizimi o‘zgaradi: Oliy attestatsiya komissiyasi faoliyati Fanlar akademiyasi tizimida tashkil etiladi va ilmiy kengashlar reytingi yuritiladi.
- Amaliy doktorantura: Endilikda PhD ilmiy darajasini real iqtisodiyot korxonalari bilan hamkorlikdagi loyihalar doirasida “Loyiha doirasida ilmiy daraja” hamda “Amaliy doktorantura” dasturlari yo‘lga qo‘yiladi.
- Xalqaro kengash: Xorijdagi vatandosh olimlarni jalb etgan holda Ilm-fan maslahat kengashi tashkil etiladi.
Prezident ushbu takliflarni puxta ishlab chiqish va ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlarni berdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!