Honor Win Turbo: 10 000 mAs akkumulyator va IP69K himoyasiga ega smartfon

Honor kompaniyasi oʻzining yangi Honor Win Turbo smartfonini rasman namoyish etishdan avval uning asosiy texnik xususiyatlarini ochiqladi. Qurilma ikkinchi avlod Honor Hongyan Communication texnologiyasi bilan jihozlangan birinchi smartfon boʻladi. Ishlab chiqaruvchining taʼkidlashicha, ushbu texnologiya mobil signal kuchi boʻyicha bozorda yetakchilik qiladi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Smartfonda olti seksiyali antenna qoʻllanilgan boʻlib, u kuchsiz tarmoq signallarini avvalgi modellarga nisbatan 200 foizga kuchaytirib beradi. Bundan tashqari, qurilma C1+ radiochastota kuchaytiruvchi chipi, olti diapazonli uyali aloqa va maxsus Wi-Fi tarmogʻini qamrab olish moduli bilan taʼminlangan.
Honor Win Turbo apparat qismi AnTuTu testida 2,4 milliondan ortiq ball toʻplagan MediaTek Dimensity 8500 Elite chipiga asoslangan. Smartfon 6,79 dyuymli ekran, 50 megapikselli asosiy kamera hamda IP68, IP69 va IP69K standartlari boʻyicha yuqori darajadagi himoyaga ega boʻladi.
Qurilmaning eng asosiy jihati uning 10 000 mAs sigʻimli akkumulyatoridir. Bu quvvat 14 soatdan ortiq uzluksiz oʻyin oʻynash yoki 22 soat davomida qisqa videolarni tomosha qilish imkonini beradi. Shuningdek, u 80 W tezkor quvvatlash va 27 W teskari quvvatlash funksiyasini qoʻllab-quvvatlaydi, bu esa smartfonni portativ akkumulyator (Power Bank) sifatida ishlatishga imkon beradi.
Yangi Honor Win Turbo smartfonining rasmiy taqdimoti joriy yilning 29-may kuni boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!