O‘zbekiston yana diqqat markazida: FIDE saylovi Samarqandda o‘tkaziladi

O‘zbekiston yana bir yirik xalqaro tadbirga mezbonlik qiladi. FIDEning navbatdagi kongressi va prezidentlik saylovi joriy yil Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati ma’lum qildi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, kongress 20–27 sentyabr kunlari o‘tkaziladi. Mazkur tadbir doirasida nafaqat FIDE prezidenti, balki vitse-prezidentlar va mintaqaviy rahbarlar lavozimlari uchun ham saylovlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, tashkilotning eng muhim yig‘inlaridan biri hisoblangan Bosh assambleya 26–27 sentyabr kunlariga belgilangan. Ayni paytda FIDEga 2018 yildan buyon Arkadiy Dvorkovich rahbarlik qilib kelmoqda. Uning o‘rinbosari sifatida esa 15-jahon chempioni, hindistonlik Vishvanatan Anand faoliyat yuritmoqda.
E’tiborlisi, ayni davrda — 15–27 sentyabr kunlari Samarqandda 46-Butunjahon shaxmat Olimpiadasi ham bo‘lib o‘tadi. Ushbu nufuzli musobaqa O‘zbekiston tarixida ilk bor o‘tkazilayotgani bilan ham ahamiyatli.
Mutaxassislar fikricha, bunday yirik xalqaro tadbirlarning O‘zbekistonda o‘tkazilishi mamlakatning sport va turizm salohiyatini oshirish, shuningdek, uning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlashga xizmat qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!