13:13 / 08.04.2017
7 055

Suriyada yuz bergan fojiaga javoban AQShning harakati adolatli edimi?


4 aprel kuni Suriyaning Idlib provinsiyasida ko‘ngilsiz voqea yuz bergani haqida xabar bergan edik. Havoga zaharli gaz tarqatilishi sabab o‘nlab odamlar, jumladan, bolalar va ayollar bevaqt hayotdan ko‘z yumishdi. Bu fojia butun dunyoni larzaga soldi. Ko‘plab mamlakatlar hamda xalqaro tashkilotlar rahbarlari odamlarning vafot etishiga sabab bo‘lgan havo hujumiga o‘z munosabatini bildirdi. Ayrimlar bu hodisaning etakchisi Suriya prezidenti Bashar Asad ekanligini iddao qilgani ham sir emas.

Keyinchalik AQSh fojia tufayli Suriyaga javoban raketalar yordamida mamlakat aviabazasini o‘qqa tutdi. Hujum oqibatida Xoms provinsiyasida Suriyaning kamida 20 ta samolyoti yo‘q qilindi. Pentagondan xabar berishlaricha, 59 ta raketa uchirilgan. Xoms provinsiyasi gubernatori 7 kishi, xususan, 5 nafar harbiy vafot etganini xabar qildi. Rossiya Mudofaa vazirligi esa 2 nafar harbiy bedarak yo‘qolganini, 4 kishi vafot etganini va o‘tni o‘chirish vaqtida 6 kishi kuyish jarohatlarini olganini ma’lum qildi, deb yozadi "Qalampir.uz" nashri.

Shuningdek, hujum vaqtida moddiy-texnik zaxirasi saqlanadigan ombor, o‘quv binosi, oshxona, ta’mirlashda bo‘lgan MiG-23 samolyotlar yo‘q qilingan.

Avvalroq, fojia sababchisi deb ko‘rsatilgan Bashar Asadni Rossiya Federasiyasi himoya qilgani haqida xabar berilgandi. Rossiya vakillari zaharli gaz hujumining Bashar Asadga aloqasi yo‘qligini ta’kidladi. Ammo Rossiyaning bunday vaziyatda qolishi ko‘plab noroziliklarga sabab bo‘ldi.

BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida AQShning doimiy vakili Nekki Xayli Suriya prezidenti Bashar Asadning jinoyatiga qarshilik ko‘rsatmagani uchun Rossiyani aybladi.

“Rossiya ham yuz bergan voqea uchun mas’ul hisoblanadi. Bashar Asad har safar insoniylikdan chiqadigan darajadagi harakatlarni amalga oshirganida, Rossiya uning tomonida bo‘lgan”, deydi Xeyli. Uning so‘zlariga qaraganda, bu orqali Rossiya Bashar Asadning siyosat yo‘lini mustahkamlaydi.

O‘z navbatida, BMTning Rossiyadagi doimiy vakili o‘rinbosari Vladimir Safronov AQShni bosqinchilikni to‘xtatib, terrorizmga qarshi kurashishga chaqirdi.

Ko‘plab siyosatchilar, hukumat rahbarlari Suriyadagi fojiaga javoban AQShning bombardimon harakatini yoqlagan bir vaqtda, rossiyalik siyosatchi o‘ziga xos chiqish qildi. Rossiyaning harbiy siyosatchisi, zaxiradagi podpolkovnik Aleksandr Perenjiev AQSh harakatiga izoh berdi. Uning fikricha, AQSh Suriya aviabazasiga qilingan hujum orqali dushmani terrorchilar emas, Bashar Asad ekanligini ko‘rsatdi. Hatto IShID va boshqa terrorchilik guruhlari ham AQSh uchun manfaat keltiradi, deya ta’kidlagan Aleksandr Perenjiev Bashar Asad aksincha, ularga qarshi kurashganini aytib o‘tdi.

Jahonning etakchi siyosatchilari yuz bergan voqea va unda tomonlarning qarashlari AQSh va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarga putur etkazishini taxmin qilishdi. Ammo Oq uy rasmiy vakili AQSh va Rossiya Suriya masalasi bo‘yicha bir to‘xtamga kelishlari mumkinligini ma’lum qildi.

AQSh huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari Suriyadagi zaharli gaz hujumini “yadro urushi”, deb atashdi. Prezident Donald Trampning qizi Ivanka Tramp esa o‘z otasining Suriyadagi aviabazalarni bombardimon qilish haqidagi qarorini qo‘llab-quvvatlab, u bilan faxrlanishini aytdi.

Ivanka Tramp Twitter’dagi sahifasi orqali “Biz yashayotgan hozirgi davrda keskin qaror qabul qilish talab etiladi. Insoniyatga qarshi qaratilgan bunday dahshatli jinoyatni qo‘llab-quvvatlamagani uchun otamdan faxrlanaman”, deb yozib qoldirdi.

Suriyadagi voqea Rossiya va AQSh siyosatchilarining fikrlarini ikki tomonga tarqatgani tayin. Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Suriyada yuz bergan fojiaga javoban AQShning harakati adolatli edimi?