09:50 / 16.11.2019
2 571

Tramp va Zelenskiy o‘rtasida o‘tgan ilk suhbatning to‘liq matni e’lon qilindi

Tramp va Zelenskiy o‘rtasida o‘tgan ilk suhbatning to‘liq matni e’lon qilindi
Foto: Getty Images
Oq uy AQSh va Ukraina prezidentlari Donald Tramp va Vladimir Zelenskiyning joriy yil 21 aprelda bo‘lib o‘tgan ilk suhbatining to‘liq matnini e’lon qildi. Ushbu suhbat Trampga nisbatan impichment jarayoni boshlanishiga sabab bo‘lgan iyuldagi suhbatdan 3 oy oldin bo‘lib o‘tgan.
Quyida Zelenskiy prezident etib saylangandan keyin bo‘lib o‘tgan ushbu suhbatning to‘liq matni keltirilgan.

Vladimir Zelenskiy: Qo‘ng‘irog‘ingizdan xursandman. Katta rahmat. Sizni eshitishdan xursandman, tabrik uchun rahmat.
Donald Tramp: Aqlbovar qilmas saylovlar bo‘lib o‘tdi.

Vladimir Zelenskiy: Yana bir bor katta rahmat. Biz juda harakat qildik. Siz bizga ajoyib o‘rnak bo‘ldingiz.
Donald Tramp: Ishonchim komil, siz uddasidan chiqasiz. Ukrainada sizni biladigan va yaxshi ko‘radigan ko‘p do‘stlarim bor. Sizning g‘alabingizga ishongan ko‘plab ukrainalik do‘stlarim bor. Siz bunga erisha olganingiz, hayratlanarlidir. Ha, qandaydir ma’noda men ham shu kabi natijaga erishganman. Biz AQShda aqlbovar qilmas taraqqiyotga erishdik – hozirda iqtisodiyotimiz tarixdagi eng yaxshi holatda. Sizni muborakbod etmoqchiman. Shubhasiz, siz ajoyib prezident bo‘lasiz.

Vladimir Zelenskiy: Avvalambor, tabrik uchun yana bir bor katta rahmat. Ukraina mustaqil davlat va biz xalqimiz uchun barcha ishni qilamiz. Siz, men aytganimdek, biz uchun o‘rnaksiz. Biz siz erishgan natijalarga erishishga umid qilamiz. Siz ko‘pchilik uchun doimo yaxshi o‘rnak bo‘lib qolasiz. Agar ilojisini qila olsangiz, sizni inauguratsiyaga taklif qilmoqchiman. Bilaman, siz juda bandsiz, biroq agar inauguratsiya marosimiga kelsangiz, bu kun biz bilan bo‘lsangiz ajoyib bo‘lardi.

Donald Tramp: Naqadar yoqimli. Bu voqea qachon bo‘lishini aytsangiz, men surishtirib ko‘raman – eng kamida biz ajoyib vakilni jo‘natamiz. Hattoki bir necha vakilni yuborishimiz mumkin. Biz o‘sha kuni siz bilan birga bo‘ladigan eng kamida juda yuqori lavozimdagi amaldorni yuboramiz. Bu haqiqatan ham aqlbovar qilmas natijadir.

Vladimir Zelenskiy: Yana bir bor rahmat, biz sizning yoki yuqori darajadagi delegatsiya tashrifini kutib qolamiz. Bizning ajoyib davlatni so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydi. Bu yerda juda xushmuomala, mehribon va mehmondo‘st odamlar, shirin taomlar bor. Ukraina g‘oyatda ajoyib davlat. So‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydi, shu sababli uni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rishingiz kerak. Kelolsangiz, ajoyib bo‘ladi. Yana bir bor taklif qilib qolaman.

Donald Tramp: Davlatingiz borasida qo‘shilaman, intiqlik bilan kutib qolaman. Men “Miss Koinot” tanlovini o‘tkazganimda har doim ajoyib odamlar bo‘lgan. Ukraina unda har doim yaxshi taqdim qilingan. Ishni boshlab olganingizdan keyin, sizni Oq uyga taklif qilmoqchiman. Biz ko‘p narsani muhokama qilishimiz kerak, biz sizni qo‘llab-quvvatlaymiz.

Vladimir Zelenskiy: Taklif uchun rahmat. Biz uni qabul qilamiz va safarni intiqlik bilan kutib qolamiz. Yana bir bor rahmat. Butun jamoam va shaxsan o‘zim bu safarni kutib qolamiz. Biroq inauguratsiya kuni kelsangiz ajoyib bo‘lardi. Saylovlar natijalari aqlbovar qilmas bo‘ldi – ular bizni hayratlantirdi. Bu kun biz bilan bo‘la olsangiz ajoyib bo‘lardi.

Donald Tramp: Ajoyib. Biz tez orada sizga javob beramiz va har qanday vaziyatda tez orada ko‘rishamiz. Sizdan Ukraina xalqi va oilangizga salomimni yetkazishingizni so‘rab qolaman. Men ularga barcha ezgu niyatlarni tilab qolaman.

Vladimir Zelenskiy: Yana bir bor rahmat. Muvaffaqiyatli parvoz tilab qolaman.
Donald Tramp: Bugun yaxshi ishtirok etishingizni tilab qolaman. Barcha ezgu niyatlar sizga. Yaxshi qoling, tez orada uchrashamiz.

Vladimir Zelenskiy: Katta rahmat. Menga oson bo‘lmaydi, ammo inglizchani yaxshilab o‘rganib olaman va siz bilan inglizchada suhbatlashaman. Katta rahmat.
Donald Tramp (kulib): Buni eshitishdan xursandman! Juda yaxshi. Men sizning tilingizda gapira olmasdim. Katta rahmat.

Vladimir Zelenskiy: Katta rahmat. Tez orada uchrashamiz.
Donald Tramp: Kuningiz yaxshi o‘tsin. Omad.

Vladimir Zelenskiy: Xayr.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tramp va Zelenskiy o‘rtasida o‘tgan ilk suhbatning to‘liq matni e’lon qilindi