23:49 / 07.05.2024
493

Putin taktik yadro quroli bilan mashg‘ulot o‘tkazishni buyurdi. Bu nimani anglatadi?

Putin taktik yadro quroli bilan mashg‘ulot o‘tkazishni buyurdi. Bu nimani anglatadi?
Vitaliy Nevar / Sputnik / IMAGO / SNA / Scanpix / LETA
Rossiya mudofaa vazirligi Bosh shtab prezident Vladimir Putinning topshirig‘iga ko‘ra yaqin vaqtlar ichida Janubiy harbiy okrugning raketa tuzilmalari va Harbiy-dengiz flot kuchlarining o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rishni boshlagan: unda «nostrategik yadro qurollarini tayyorlash va qo‘llash masalalari» (taktik deb ham ataladi)ni ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Xabarda aytilishicha, mashg‘ulotlar «g‘arblik rasmiy shaxslarning provokatsion bayonotlari va tahdidlari»ga javoban tayyorlanmoqda hamda «yaqin vaqtlar ichida» o‘tkaziladi. Aynan qanday bayonot haqida gap ketayotganiga xabarda aniqlik kiritilmagan. Mashg‘ulotlarning o‘tkazilish joyi haqida ham xabar berilmagan.

Keyinroq dushanba kuni Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov gap Fransiya prezidenti «janob Makron, britan rasmiylari» va go‘yoki Ukrainaga qurollangan kontingent yuborish niyatlari haqida gapirgan «AQSH senati vakillari» haqida borayotganini aytdi.

«Bu keskinlik kuchayishining butunlay yangi bosqichi. Bu misli ko‘rilmagan holat bo‘lib, alohida e’tibor va chora-tadbirlarni talab qiladi», — deya Kreml vakilidan iqtibos keltirgan «Interfaks».

2024 yil fevrali oxirida Financial Times Rossiyaning o‘z jurnalistlari tanishgan maxfiy hujjatlari haqida xabar bergandi: bu hujjatlar Rossiyaning taktik yadro qurollariga aloqador bo‘lgan.

Maqolada keltirilishicha, Rossiya uni qo‘llashi ehtimoli amalda rossiyalik rasmiy shaxslarning oshkora bayonotlaridagidan ancha past hisoblanadi.

«Mutlaqo o‘rinsiz» bayonot

Peskovning dushanba kungi bayonotiga javoban Qo‘shma Shtatlar Moskvaning «mas’uliyatsiz ritorikasi»ni qoraladi.

«Bu biz o‘tmishda ham Rossiyadan eshitgan mas’uliyatsiz ritorika namunasi», — dedi jurnalistlarga Pentagon matbuot kotibi Patrik Rayder.

«Hozirgi xavfsizlik holati hisobga olinsa, bu mutlaqo o‘rinsiz bayonot», — deya qo‘shimcha qilgan general.

Shu bilan birga, Rayder Amerika razvedkasi «[Rossiyaning] strategik kuchlari pozitsiyalarida hech qanday o‘zgarishlar»ni qayd etmaganini ma’lum qildi.

«Shubhasiz, biz kuzatishda davom etamiz», — deya xulosa qilgan Pentagon matbuot kotibi.

BBC rus xizmati harbiy sharhlovchisi Pavel Aksenov: «Taktik yadro quroli siyosatchilar va harbiylar uni qo‘llashdan tortinmasligi bilan xavfli:

Yadro quroli bilan mashg‘ulot o‘tkazilishi faktining o‘zi xavotirli fakt bo‘lolmaydi — Rossiya muntazam ravishda taktik yadroviy kuchlari bilan turlicha manyovrlar o‘tkazib, qurolni qo‘llashning turli bosqichlarini mashq qiladi — qit’alararo harakatlanuvchi ballistik raketalarni joylashtirishdan tortib uchirishgacha. Strategik yadro quroli esa nisbatan kuchliroq va dahshatliroq.

Strategik yadro qurolidan foydalanishning shart-sharoitlari va oqibatlari hamma uchun tushunarli, shu tufayli bunday harakatlar kimnidir cho‘chitishi dargumon.

Taktik yadro quroli, strategik quroldan farqli ravishda, siyosatchi va harbiylarda uni qo‘llashning «cheklangan» effekti tufayli noto‘g‘ri hissiyot hosil qilishi mumkin.

Taktik yadro bomba yoki raketa mamlakatni vayron qila olmaydi va hatto biror katta shaharni yer yuzidan supurib tashlay olmaydi. Va bunday «cheklangan quvvat» hissi taktik yadro qurolini qo‘llash chegarasini pasaytirishi mumkin.

Ammo boshqa tomondan — dunyoda yadro qurolidan qo‘rquv shunchalik kuchliki, uning qo‘llanishi juda jiddiy siyosiy oqibatlarga olib kelishi mumkin, bu «atigi» taktik kallak bo‘lsa ham.

Ikki yildan oshiq vaqtdan buyon Ukrainada vayronkor va qonli urush olib borayotganiga qaramay, Rossiya ko‘plab mamlakatlar, masalan Xitoy va Hindiston kabilar bilan hamkorlik yoki do‘stona munosabatlarni saqlab qolgan. Yadroviy qurol hatto mashg‘ulotlarda qo‘llanishi ham bunday munosabatlarni ancha murakkablashtirishi mumkin.

Yadroviy qurollarning bir xususiyati bor: u tiyib turish vositasi bo‘lib xizmat qiladi, ya’ni uni qo‘llashmaydi, undan faqat tahdid qilish uchun foydalanishadi.

Rossiya Ukrainadagi urush davrida taktik yadro quroli bilan tahdid qilishga ulgurgan — 2023 yil bahorida u G‘arbning Ukrainaga harbiy yordamiga javoban Belarus hududida taktik yadro kallaklarini joylashtirgandi.

Hozirda e’lon qilingan mashg‘ulotlar, Kremlning ma’lum qilishicha, Fransiya va Buyuk Britaniya rahbarlarining o‘z mamlakatlarining Ukrainadagi urushga jalb etilishi borasidagi bayonotlari bilan bog‘liqdir.

Bu chindan ham xavotirli, ishonchli signal. Ammo o‘tmishda bunday ogohlantirishlar g‘arb texnikalari va snaryadlari Ukrainaga yetkazib berilishini to‘xtata olmagandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Putin taktik yadro quroli bilan mashg‘ulot o‘tkazishni buyurdi. Bu nimani anglatadi?