10:40 / 13.11.2019
3 128

Safar Ostonov: "Xalqimiz qo‘yayotgan talabdan kelib chiqib baho bersak, birorta partiyaning faoliyatidan qoniqmayman"

Safar Ostonov: "Xalqimiz qo‘yayotgan talabdan kelib chiqib baho bersak, birorta partiyaning faoliyatidan qoniqmayman"
Xabaringiz bor, 10 noyabr kuni O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi tomonidan poytaxtimizdagi “Naesmi Media Hall” (“Zarafshon” konsert zali)da siyosiy partiyalar vakillari ishtirokida 4 raundli "Demokratik debat" tok-shousi bo‘ldi. Unda partiya raislari tomonidan bildirilgan fikr va munosabatlar ikki kundirki jamoatchilik muhokamasida bo‘lmoqda. "Darakchi" muxbiri ana shu tadbir doirasidagi bir nechta savollar bilan “O‘zbekiston ovozi” gazetasi rahbari Safar Ostonovga murojaat qildi.

Safar Ostonov, “O‘zbekiston ovozi” gazetasi bosh muharriri:
— Bunday tadbirlarga o‘rganishimiz kerak. Shu orqali xalq 5 ta siyosiy partiya rahbarlari kimligidan xabardor bo‘ladi. (Tok-shouda partiya rahbarlarini xalq tanishi yoki tanimasligi bo‘yicha o‘tkazilagn so‘rovnoma natijalari ko‘rsatildi. Ma’lum bo‘ldiki, xalq ularni deyarli tanimas ekan, hatto nechta partiya borligini, ularning nomi nima ekanini bilmasligini ham aytishdi) Ularning yuzini ko‘radi hamda fikrlashi, dunyoqarashi qanday ekanidan xabardor bo‘ladi. Ayni damda esa ularning jamiyat uchun o‘z oldiga qanday masalalar qo‘ygani, maqsadlari, takliflari nimalardan iboratligi tinglanadi. Xalq biror partiyaga ovoz berishi uchun avval uni tanib olishi kerak.

Qaysi siyosiy partiyaning ishidan qoniqasiz?
— Bugungi zamon va aholimiz partiyalar oldiga qo‘yayotgan talabidan kelib chiqib baho beradigan bo‘lsak, to‘g‘risi shaxsan o‘zim ham birorta partiyaning faoliyatidan qoniqmayman (Safar Ostonov Xalq demokratik partiyasining a’zosi sanaladi).

Ochig‘ini aytish kerak, partiyani partiya qiladigan kishi uning rahbari. Agar u kuchli siyosatchi, tashkilotchi, bilimli, ilmli bo‘lsa, o‘z navbatida o‘z atrofiga ham shunday odamlarni jamlaydi. Ertaga partiya faollari kimlardan tarkib topadi, ular qay darajada harakatga tushadi, jonlanadi, bu ham partiya raislariga chambarchas bog‘liq. Rahbardan aniq taklif, tashabbuslar chiqmasa ham, shunchaki mayda-chuyda ishlar bilan kuni o‘taveradi, hayotda shunaqalarini ham ko‘rdik.

Yana shuni aytish kerakki, o‘tgan davrlarda tasodifiy odamlar ham partiya rais bo‘lib qoldi: misol, siyosatni chuqur tushunmagan fermerlar partiya raisligiga saylandi.

Mana hozir partiyamizga (O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashiga) ham yangi rahbar keldi, yangi faollar bilan to‘ldirildi, bizga ma’qul bo‘lgan odamlar partiya safiga kirishdi. Bu esa mazkur saylov dasturida foydali bo‘ladi deb hisoblayman.

O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi Ulug‘bek Inoyatov 2013-2018 yillar davomida Xalq ta’limi vazir bo‘lib ishladi. Ayni damda bu lavozimda faoliyat yuritayotgan Sherzod Shermatov bir nechta yig‘ilish va tadbirlarda Ulug‘bek Inoyatov davrida o‘qituvchi va o‘quvchilar saviyasi, holati juda abgor holatga kelib qolgani, maktablar va ularning moddiy-texnika ta’minotiga esa loqaydlik bilan qaralgani aytilgan. Buni aynan vazir aytmasa ham barchamizga ma’lum, aslida. Siz xalq ta’limiga shunday befarq bo‘lgan kishiga partiya kelajagini ishonib topshirsa bo‘ladi deysizmi?

— To‘g‘risini aytsam, xalq talimining bundan besh yil avvalgi ahvoli qanday bo‘lgan, hozir qay ahvolda hamda bundagi yutuq va kamchiliklarga kim sababchi ekanini aniq bilmayman. Mening ixtisoslashuvim sud-huquq, sport sohasi, qisman ma’naviy-ma’rifat masallalari bo‘yicha. Bizning gazetada ta’lim sohasi bo‘yicha bo‘lim rahbari bor va xalq ta’limi haqida u ko‘proq ma’lumotga ega. Shuning uchun ta’lim sohasini o‘rganmaganman va vaqtim ham yo‘q bu bilan shug‘illanishga. Shunday ekan, ushbu savolingizga aniq bir javobim yo‘q.

Ushbu tok-shoudan nimarni kutgan edingiz?
— Men bitta narsaga qarshiman — mazkur tok-shouga o‘xshash tadbirlar yoki boshqasi bo‘ladimi, hammasi madaniyat doirasida bo‘lishi kerak, ya’ni baqiriq-chaqiriqli, sun’iy qilinadigan shovqinlar bilan o‘tkazilishiga qarshiman. Bundan xalqqa foyda yo‘q. Baqir-chaqir bilan biror narsaga erishib bo‘lmaydi. Shuningdek, tadbirlarda savol-javoblar shovqinlardan holi bo‘lib, aniq nuqtaga qaratilgan bo‘lishi kerak, shunda bahslar ham jonli, saviyali bo‘ladi. Bu tadbirda mana shu biroz yetishmadi.

Masalan, shouda ko‘plab jurnalistlar ham qatnashdi. Bilamizki, jurnalist etikasi bor: har bir jurnalist o‘zini o‘zi hurmat qilishi, kimgadir savol yo‘llaganda vazminlik bilan murojaat qilishi kerak. Ushbu tadbirda ayrim jurnalistlar “...siz nimaga qilmadingiz, nega bajarmaysiz” deb huddiki gunohkor odamni ayblov stuliga o‘tqazib qo‘yib, so‘roq qilayotgan odamlarga o‘xshab savol yo‘llashdi. Shuning uchun jurnalistlarimizning tajribasini oshirish, o‘z ustida ishlashi va malakalarini oshirib borishlari uchun manzilli va vaqtli seminarlar tashkil qilib turish kerak. Bu juda ham muhim.

Yaqinda Farg‘onaga qilgan tashrifim chog‘ida «Bloger va internet jurnalistlarini o‘qitish kerak!» degan gapim ayrim blogerlar tomonidan noto‘g‘ri talqin qilindi. Ko‘ryapmizki, ayrim blogerlar noto‘g‘ri va yolg‘on ma’lumotlar tarqatyapti, o‘zining shaxsiy bloklarida emotsiyaga berilib har xil andishasiz gaplar yozyapti. Ertaga mana shu gap-so‘zlari uchun biror javobgarlikka tortilmasin, o‘z ishining ustasi bo‘lsin, xatolikka yo‘l qo‘ymasin degan maqsadda ularni o‘qitib turish kerakligini aytgandim.

Shuningdek, jurnalistlardan yo‘llangan savollarga partiya raislari tomonidan berilgan javoblarni ham qoniqarli deya olmayman. Aniq ma’lumot va asoslarsiz berilgan umumiy javoblar odamlar ishonchsizligiga sabab bo‘ladi. O‘ylaymanki, keyingi tadbirlar yanada saviyali bo‘ladi.

Tadbirda partiya vakillari tomonidan sun’iylik va ortiqcha hatti-harakatlar ko‘p sezildi. Partiya raislari odamlar ishonchini qozona oladigan ta’sirli nutq qila olmadi. Bahs-munozara yuzakilashib ketdi. Partiyalar qarama-qarshi kurashishi bilan o‘z pozitsiyasini himoya qilishi kerak edi. Milliy tiklanish partiyasi raisi Alisher Qodirov esa hamma partiyalar birlashib harakat qilishi, bir-birini qo‘llab-quvvatlashi kerakligini aytdi. Afsuski, agar partiyalar bir-birini qo‘llab-quvvatlamasa sog‘lom raqobat va o‘sish bo‘lmaydi.

Rivojlangan Yevropa davlatlarida siyosiy partiyalar doimo bir-biri bilan raqobatlashadi, xatosini qidiradi va buning yechimi bo‘yicha qilgan ishlari uchun xalq ishonchiga sazovor bo‘ladi. Qolaversa, partiya rahbarlari jurnalistlarning ko‘plab savollariga qoniqarsiz javoblar qaytardi. Ayniqsa, nonning nega qimmatlashgani, nega kontraktda o‘qiydigan talabalar stipendiyasi bir xil qilib qo‘yilgani, tadbirkorlar faoliyatiga bo‘layotgan to‘siqlar nega partiya tomonidan o‘rganilmayayotgani va himoya qilinmayotgani kabi ko‘plab izoh talab savollarga asosli javoblar bo‘lmadi.

Alisher Qodirov o‘z partiyasi dasturiga kiritilgan “kommunal to‘lovlarni tabaqalashtirish” haqidagi g‘oyasini ilgari surdi. Uning aytishicha, kommunal to‘lovlar odamlarning topayotgan daromadiga qarab belgilanishi kerak ekan.

P/S: Mazkur debatni “Sevimli” va “MY5” telekanallari orqali ko‘rib, partiya va partiya raislarining faoliyatiga o‘zingiz baho berishingiz mumkin.
Abduqodir Mo‘minov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Safar Ostonov: "Xalqimiz qo‘yayotgan talabdan kelib chiqib baho bersak, birorta partiyaning faoliyatidan qoniqmayman"