22:42 / 07.04.2019
7 705

Amir Temur roliga da’vogar 5 aktyor: bu obrazga kim munosib?

Amir Temur roliga da’vogar 5 aktyor: bu obrazga kim munosib?
Teatr sahnasida katta, ayniqsa, tarixiy voqealarni jonlantirish ancha mushkul ish. Tomoshabin ko‘z o‘ngida jang sahnalarini tashkil etish ham oson emas.

Tarixiy spektakl muvaffaqiyatli chiqishi uchun rejissyordan mahorat, rassomdan sahna bezaklariga jiddiy e’tibor berish va aktyorlardan o‘z rolini maromiga yetkazib ijro etish talab etiladi. Aks holda, tomoshabin istagan vaqti tomosha zalini tark etishi mumkin.
“Jaloliddin Manguberdi”, “Chingizxon”, “To‘maris”, “Bibixonim” va “Amir Temur” spektallarini sahnalashtirgan rejissyor Sayfiddin Meliyev har bir detalga, aktyor salohiyatiga alohida e’tibor beradi. U qahramonlarning kiyimi, hatto rolni ijro etayotganda o‘zini tutishi, voqelikka bo‘lgan holatini ham ko‘zdan qochirmaydi.

Rejissyor tarixiy spektallar olishni o‘z burchi, deb bilib yana bir marta Amir Temur mavzusiga qo‘l urdi.
– O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutini tamomlash arafasida diplom ishi sifatida tarixchi Bo‘riboy Ahmedovning “Amir Temur” romani asosida spektakl sahnalashtirganmiz, – deydi Mudofaa vazirligi madaniyat va ma’rifat markazining “Turon” teatr-studiyasi badiiy rahbari, rejissyor Sayfiddin Meliyev. – O‘shandan buyon Amir Temurga bag‘ishlangan ko‘plab kitoblarni o‘qidim. Xorijiy davlatlarda qo‘yilgan spektakl, operalarni ko‘rdim. “Amir Temur” spektaklini ikkinchi marta 2015-2016 yilda Buxoro viloyati musiqali drama teatrida sahnalashtirganmiz. Bu spektaklga 7 oy vaqt sarflagandim, ammo postanovkachi rejissyor men bo‘lsam-da, e’lonlardan ismim olib tashlangan edi. Bu ham yetmagandek, voqealari ham qisqartirilgandi. Xabar berishlaricha, bugungi kunda e’lonlarga ismim tiklanibdi. Sohibqiron hayotiga oid kitob va pesalarni qayta o‘qib, bu mavzuga yana qo‘l urdim.

Rejissyorning ma’lum qilishicha, spektakl Amir Temur haqidagi ilmiy va badiiy kitoblar asosida sahnalashtirilmoqda. Bu spektaklga yuzaki yondashib bo‘lmaydi. Shuning uchun rassom, aktyorlarga aniq talablar qo‘yilgan. Birinchi navbatda, ular tarixni yaxshi bilishi kerak. O‘sha davrda kiyimlar, qurol-aslahalar qanday bo‘lgan? Ularning yurish-turishi va so‘zlashuvi ham juda muhim rol o‘ynaydi.
Har bir aktyor Amir Temur, aktrisalar esa Bibixonim rolini ijro etishni istaydi. Spektakl bosh roli uchun 5 nafar aktyorning har biri bilan repetitsiya jarayoni olib borilmoqda. Ularning eng yaxshisi Amir Temur roliga tanlab olinadi.

P/S.: Ushbu aktyorlarning kimligi haqida rejissyordan so‘raganimizda, “Hozircha sir bo‘laqolsin, spektakl premerasida bilib olasiz”, deya javob berdi. Spektakl premerasi joriy yilning iyun oyida rejalashtirilmoqda.
Xurshid Qodirov, O‘zA

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Amir Temur roliga da’vogar 5 aktyor: bu obrazga kim munosib?