Foto: YouTube
So‘nggi paytlarda o‘zining «qaynoq ijod»larini tortiq qilib charchamayotgan xonanda Jahongir Otajonovning kechagi klipi hammasidan oshib tushdi. O‘zi shundoq ham keyingi vaqtlarda muxlislar toqatini sinab, asablarni yoy kabi tarang tortayotgan xonanda bu safar tannoz ayollar qiyofasida ko‘rinish berdi.
Ayollar o‘rtasida odatga aylanib borayotgan shishirilgan lablar, boshqa tana a’zolari, qo‘lga chizilayotgan har xil rasmlar (tatuirovka)larni tanqid qilgan bo‘lib, o‘zi ham birma-bir o‘sha qiyofalarga kiradi. Bo‘yanib, hatto tanasiga sharlar joylab, ayollar ko‘rinishida harakatlar qilgan...
Qaysidir ma’noda u ko‘tarayotgan mavzu asoslidir. O‘zbek ayollari orasida labni shishirish, qomatni o‘zgartirish operatsiyasi avj olayotgani bor gap. Avvallari ayollarimizning latofatini uzun sochlaru, surmali ko‘zlar namoyon etgan bo‘lsa, endi barcha go‘zallik go‘yoki lablarga ko‘chgandek, selfichi qizlarimizning lablari cho‘chchaygan. Agarda jahon yulduzlari Rianna yoki Beyonsega taqlidlar shu tarzda ommalashgan bo‘lsa, bilib qo‘yingki, u qo‘shiqchilar buni ataydan qilishmaydi, bu shunchaki yaqin tarixi qaynoq Afrikaga borib tutashuvchi odamlarga xos tashqi ko‘rinish, xolos.
Lekin oxirgi klipni ko‘rib, Jahongir Otajonov ayollarni tanqid qilishni chindan ham xohlaganmikin degan xayolga boradi kishi. Bosh planda o‘zi — erkak kishi uchun yot obrazlarga kirishi, yasama tana a’zolarini silkitishi g‘alati... Biror aktyorni yollashi yoki boshqa kadrlar bilan asosiy urg‘uni qo‘shiqning o‘ziga qaratsa ham bo‘lardiku?!
Aftidan u navbatdagi bachkana «shou»si bilan yana omma e’tiboriga tushishni xohlagan.
Shou-biznes, garchi chetdan qaralganda sirli va jozibali ko‘rinsa-da, aslida juda shafqatsiz va o‘ta kuchli raqobat olami. Bunda bugun eng e’zozlilar erta butkul unutilishga mahkum. Bugun hech kim bilmagan bir to‘pori ertaga bir klipi yo qilig‘i (!) bilan taniqli bo‘lib ketishi hech gapmas. Eng yomoni, Jahongir Otajonov kabi qachondir duppa-durust ijodi bilan tanilgan, endi esdan chiqayotganlar «yashab qolish» yoki o‘zini bir-bir eslatib turish uchun hatto janjal chiqarib, shov-shuv ko‘tarishdan ham toymayapti. Xonanda yaqindagina Ozoda Nursaidova bilan «g‘ijillashib» ko‘targan shov-shuvlari hali bosilmay turib, bu klipga qo‘l urdi. U bir paytlar kuylagan «Uchrashmadik», «Arazlamang», «Rashk», «Dog‘man» kabi xalqimiz sevgan qo‘shiqlar ohangi yodi, endi «Oq bulutlar» kabi tarqalib ketgandek.
Biz istardikki, «Qaddi baland» bu qo‘shiqchimiz qancha «O‘ynasa o‘ynasin-u» axloqiy mezonlardan «Chetga chiqmasin», yo‘qsa uning avvalgi ijodiga, uning san’atiga bu bir dog‘ bo‘lib tushishi aniq.
Muallif Shuhrat Normurodov
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Har payshanba jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilanadi
Ramzan Qodirov G‘arb davlatlariga hujum qilishga chaqirdi: “Haqiqiy urush qandayligini his qilishsin”
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»
Italiya sudi Quddus Isroil poytaxti emasligi haqida qaror chiqardi
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
2026 yilda bo‘lajak mundialning favoritlari reytingi taqdim etildi