07:31 / 22.09.2018
7 396

Prezident farmoni: Oʻzbekiston 2030 yilga kelib 50 ta ilgʻor mamlakatlar qatoriga kiradi

Prezident farmoni: Oʻzbekiston 2030 yilga kelib 50 ta ilgʻor mamlakatlar qatoriga kiradi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisidagi farmonni imzoladi.

Ilm-fan va texnika yutuqlarini keng qoʻllagan holda iqtisodiyot tarmoqlariga, ijtimoiy va boshqa sohalarga zamonaviy innovatsion texnologiyalarni tezkor joriy etish Oʻzbekiston Respublikasi jadal rivojlanishining muhim sharti hisoblanadi. Jamiyat va davlat hayotining barcha sohalari shiddat bilan rivojlanayotgani islohotlarni mamlakatimizning jahon sivilizatsiyasi yetakchilari qatoriga kirish yoʻlida tez va sifatli ilgarilashini taʼminlaydigan zamonaviy innovatsion gʻoyalar, ishlanmalar va texnologiyalarga asoslangan holda amalga oshirishni taqozo etadi.

Shu bilan birga, oʻtkazilgan tahlil ishlab chiqarishni modernizatsiya, diversifikatsiya qilish, uning hajmini oshirish hamda ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh mahsulotlar turlarini kengaytirish borasidagi ishlar lozim darajada olib borilmayotganini koʻrsatdi. Xususan, bu borada koʻplab koʻrsatkichlarning mavjud emasligi va ishlar samarali muvofiqlashtirilmagani sababli mamlakatimiz soʻnggi yillarda nufuzli va obroʻli xalqaro tuzilmalar tomonidan tuziladigan Global innovatsion indeks reytingida ishtirok etmayapti. Shu yuzasidan davlat rahbari 2019-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasi hamda strategiyani amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasini 2030 yilgacha innovatsion rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlarini tasdiqladi.

Mamlakatning xalqaro maydondagi raqobatbardoshliligi darajasini va innovatsion jihatdan taraqqiy etganini belgilovchi asosiy omil sifatida inson kapitalini rivojlantirish – Strategiyaning bosh maqsadi sifatida qabul qilindi. Bosh maqsadga erishishda Strategiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

- Oʻzbekiston Respublikasining 2030 yilga kelib Global innovatsion indeks reytingi boʻyicha jahonning 50 ilgʻor mamlakati qatoriga kirishiga erishish;

- barcha darajada taʼlim sifati va qamrovini oshirish, uzluksiz taʼlim tizimini rivojlantirish, kadrlar tayyorlash tizimining iqtisodiyot ehtiyojlariga moslashuvchanligini taʼminlash;

- ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalarning ilmiy salohiyatini mustahkamlash va samaradorligini oshirish, ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va texnologik ishlar natijalarini keng joriy etish uchun taʼlim, ilm-fan va tadbirkorlikni integratsiya qilishning taʼsirchan mexanizmlarini yaratish;

- innovatsiyalar, ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va texnologik ishlarga davlat va xususiy mablagʻlar kiritilishini kuchaytirish, bu sohalardagi tadbirlarni moliyalashtirishning zamonaviy va samarali shakllarini joriy etish;

- boshqaruvning zamonaviy usullari va vositalarini joriy etish orqali davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish;

- mulkchilik huquqlari himoyasini taʼminlash, raqobatbardosh bozorlar tashkil etish va biznes yuritish uchun teng shart-sharoitlar yaratish, davlat-xususiy sherikligini rivojlantirish;

- barqaror faoliyat yuritadigan ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmani yaratish.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Prezident farmoni: Oʻzbekiston 2030 yilga kelib 50 ta ilgʻor mamlakatlar qatoriga kiradi