Kulgi ortida fojia: «Zita va Gita» filmidagi Manoramaning og‘ir taqdiri

Hind kinosi tarixida shunday aktrisalar mavjudki, ular ekranda bir necha lahza ko‘rinsa ham, tomoshabin yuragida o‘chmas iz qoldiradi. Ana shunday noyob iste’dod egalaridan biri – «Zita va Gita» filmidagi zolim kennoyi obrazi bilan tanilgan Manorama edi.
Uning asl ismi – Erin Isaak Daniyel. Ammo millionlab muxlislar uni faqat bir nom – Manorama sifatida biladi.
Manorama 1926 yil 16 avgust kuni Lahorda tavallud topgan. Uning otasi irlandiyalik, onasi esa hindistonlik bo‘lgan. Bolalik yillari oson o‘tmadi – moddiy qiyinchiliklar va turmush sinovlari uni erta ulg‘aytirdi.
Bo‘lajak aktrisa yoshlik chog‘laridanoq san’atga, ayniqsa sahnaga qiziqish bildirdi. Bu ishtiyoq uni kino olamiga yetakladi. O‘sha davrda Bollivudda o‘z o‘rnini topish oson emas edi, ammo Manorama tinimsiz mehnat va o‘ziga xos iste’dod orqali bu yo‘lni bosib o‘tdi. Keyinchalik u klassik Bollivud davrining eng yorqin ikkinchi plandagi aktrisalaridan biriga aylandi.
Manoramaning ijro etgan obrazlari oddiy emasdi. U qattiqqo‘l qaynona, ayyor va makkor ayol, bir vaqtning o‘zida ham kulgili, ham dahshatli qahramonlarni gavdalantirar edi. Aktrisaning mimikasi, ovozi va harakatlari shu qadar ta’sirli ediki, hatto kichik rollari ham tomoshabin xotirasida saqlanib qolardi.
1972 yilda namoyish etilgan «Zita va Gita» filmi Manoramaga haqiqiy shuhrat olib keldi. Unda aktrisa zolim, ochko‘z va shafqatsiz kennoyi – Kaushaliya rolini mahorat bilan ijro etdi. Bu obraz tomoshabinni ham g‘azablantirdi, ham kuldirdi va uni kino tarixida muhrlab qo‘ydi. Manorama ushbu roli orqali «negativ komediya ustasi» sifatida nom qozondi.
Ekranda qattiqqo‘l va qo‘rqinchli ko‘ringan bu ayolning shaxsiy hayoti esa ancha mushkul kechdi. U turmush qurgan bo‘lsa-da, oilaviy baxtni to‘liq his qila olmadi. Umr yo‘ldoshi bilan munosabatlari murakkab bo‘lgan. Keyinchalik eri vafot etgach, bu Manorama uchun katta ruhiy zarbaga aylandi.
Ammo aktrisaning eng og‘ir dardi – qizining bedarak yo‘qolishi edi. Rita Axtar uning eng yaqin va aziz insoni bo‘lib, sirli tarzda yo‘qolgan. Ona esa farzandini yillar davomida kutdi, izladi, umid qildi... ammo bu orzu hech qachon ro‘yobga chiqmadi. Qizidan ayriliq dardi Manorama qalbida umrining so‘nggigacha saqlanib qoldi.
Yosh o‘tgani sayin Manoramaga kino sohasidan takliflar kamaya boshladi. Daromad manbai ham qisqardi.
Bir paytlar millionlar olqishiga sazovor bo‘lgan aktrisa moliyaviy qiyinchilikka duch keldi, hatto uyidan ham ayrildi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Manorama hatto ko‘chada yashashgacha tushib ketgan. Bu holat uning shonli o‘tmishi bilan keskin qarama-qarshi edi.
Hayotining so‘nggi yillarida Manorama bir necha loyihada qatnashib, qisman bo‘lsa-da moliyaviy barqarorlikka erishdi. U kichikroq uy sotib olib, tinch va sokin hayot kechirishga intildi.
Manorama 81 yoshida insult sabab vafot etdi. Eng achinarlisi, uning dafn marosimida juda kam inson qatnashdi. Aktrisa deyarli unutilgan holda hayotdan ko‘z yumdi. Bir vaqtlar ekranni zabt etgan bu ayol hayot sahnasini jimgina tark etdi. U ekranda zolim kennoyi edi, ammo hayotda mehrga muhtoj, qalbi yaralangan inson bo‘lib dunyodan o‘tdi.