FIFA yangi ofsayd qoidasini sinovdan o‘tkazmoqda

Jahon futbolida katta o‘zgarishlar davri boshlanmoqda. FIFA tomonidan «yorug‘lik ofsaydi» (daylight offside) deb nomlangan mutlaqo yangi talqin rasman taqdim etildi. Bu yangilik futbol qoidalariga jiddiy taʼsir ko‘rsatishi mumkin.
Ushbu tashabbus muallifi — FIFAning global futbol rivoji bo‘yicha rahbari Arsen Venger hisoblanadi. Uning fikricha, yangi yondashuv o‘yinni yana-da adolatli, tezkor va tomoshabop qilishga xizmat qiladi.
Yangi qoidaga ko‘ra, hujumchi futbolchi faqat himoyachidan to‘liq o‘zib ketgan holatdagina «o‘yindan tashqari» deb topiladi. Yaʼni, ikki futbolchi o‘rtasida aniq ko‘rinadigan masofa — “yorug‘lik” bo‘lishi shart. Agar hujumchining gol urishga ruxsat etilgan tanasining istalgan qismi himoyachi bilan bir chiziqda bo‘lsa, unda ofsayd qayd etilmaydi.
Bu esa amalda hujumchilar uchun katta ustunlik yaratadi. Ilgari santimetrlar hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan vaziyatlarda gol bekor qilinishi mumkin edi. Endi esa bunday bahsli holatlar kamayishi, gollar soni esa ortishi kutilmoqda.
Arsen Venger bu loyihani muhim eksperiment sifatida baholadi:
«Bu juda ahamiyatli sinov. Yangi talqinni professional musobaqalarda tekshirish orqali uning o‘yin dinamikasiga, aniqlikka va hujumkor futbolni rivojlantirishga qanday taʼsir qilishini yaxshiroq tushunamiz», — dedi u.
Shu bilan birga, yana bir yangilik — Football Video Support (FVS) tizimi ham ilk bor amalda sinovdan o‘tkaziladi. Bu tizim to‘liq VAR o‘rnini bosmaydi, balki uning soddalashtirilgan ko‘rinishi hisoblanadi.
FVS orqali bosh murabbiylar o‘yindagi bahsli epizodlarda — gol, penalti, qizil kartochka yoki noto‘g‘ri jazo holatlarida cheklangan miqdorda video ko‘rib chiqishni talab qilish huquqiga ega bo‘ladi. Buning uchun murabbiy maxsus kartani darhol to‘rtinchi hakamga taqdim etishi kerak.
Mutaxassislar fikricha, bu tizim hakamlar qarorlarining adolatliligini oshirishga xizmat qiladi, biroq o‘yinni ortiqcha to‘xtatib qo‘ymaslik uchun cheklangan imkoniyatlarga ega bo‘ladi.
Maʼlum qilinishicha, ushbu yangi qoidalar va texnologiyalar ilk bor Kanada chempionati doirasida amaliyotda sinab ko‘riladi.
Futbol muxlislari esa allaqachon qiziqish bilan kuzatmoqda: yangi ofsayd qoidasi o‘yinni yana-da jonlantiradimi yoki aksincha, yangi bahslarga sabab bo‘ladimi — buni vaqt ko‘rsatadi. Bir narsa aniq: futbol yana o‘zgarish ostonasida turibdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!