Aprel ob-havosi syurprizlarga to‘la: issiqmi yoki kutilmagan sovuq?

O‘zbekistonda aprel oyi odatdagidek barqaror emas — bu yil ham ob-havo o‘zining “xarakterini” ko‘rsatadi. “O‘zgidromet” ma’lumotlariga ko‘ra, oy davomida bahorga xos beqarorlik saqlanib, issiq kunlar yomg‘ir va qisqa sovuqlar bilan almashib turishi kutilmoqda.
Oyning ilk kunlaridanoq ayrim hududlarda qisqa muddatli yomg‘irlar yog‘ishi, hatto momaqaldiroqlar ham kuzatilishi mumkin. Biroq barcha joylarda bir xil emas: ba’zi hududlarda havo quruq va quyoshli bo‘lib qoladi. Masalan, Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysida 1–3 aprel kunlari yog‘ingarchilik kuzatilmasligi ehtimoli yuqori.
Asosiy prognozlarga qaraganda, aprel oyida harorat nisbatan yuqori darajada saqlanadi. Kechalari havo odatda +12…+17 daraja atrofida bo‘lsa, ba’zi kunlari +7…+12 darajagacha pasayishi mumkin. Kunduzi kunlari esa harorat +27…+32 darajadan +15…+20 darajagacha “skachok” qilib turadi. Eng iliq kunlarda esa havo +28…+33 darajagacha chiqishi ehtimoli bor.
Oyning birinchi o‘n kunligida deyarli butun respublika bo‘ylab vaqti-vaqti bilan yomg‘irlar kuzatiladi. Lekin bu yog‘ingarchiliklar mahalliy xarakterga ega — ya’ni bir hududda yomg‘ir yog‘sa, qo‘shni hududda quyosh charaqlab turishi mumkin.
Ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarda ham ob-havo “tinchimaydi”. Sinoptiklar ma’lumotiga ko‘ra, har bir o‘n kunlikda o‘rtacha 1–3 kun yomg‘irli bo‘lishi mumkin. Shu sababli aprel oyida rejalarni ob-havoga qarab moslashtirishga to‘g‘ri keladi.
Yana bir muhim jihat — keskin isish va qisqa muddatli sovuqlar almashinishi. Ayrim tunlarda harorat ancha tushib ketib, salqinlik sezilishi mumkin. Shuning uchun “ertaga issiq bo‘lsa, demak shunday qoladi” degan fikr bu oyda ishlamaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!