O‘zbekistonda san’atkorlardan har bir to‘y uchun soliq undirish rejalashtirilmoqda

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni soliqqa tortish va hisobini yuritish tizimini soddalashtirish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, san’atkorlardan har bir to‘y va boshqa tomoshalar uchun soliq undirish rejalashtirilmoqda.
Ta’kidlanishicha, 2026 yil 1 sentyabrdan boshlab ijrochilar va ijodiy jamoalarning ijodiy faoliyati bilan bog‘liq barcha xizmatlar soliq organlarining “Soliq” mobil ilovasida ro‘yxatga olinishi shart bo‘ladi.
Shuningdek, 2026 yil 1 sentyabrdan 2029 yil 1 yanvargacha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i “bir xizmat — bir to‘lov” tamoyili asosida, tabaqalashtirilgan qat’iy miqdorlarda amalga oshiriladi.
Loyihaga muvofiq, 2029 yil 1 yanvardan boshlab konsert-tomosha faoliyatini litsenziya asosida amalga oshiruvchi ijrochilar va ijodiy jamoa faqat naqdsiz to‘lovlar orqali ishlashi belgilanmoqda.
Bu esa san’atkorlar daromadining rasmiy hisobini yuritish va soliqqa tortishni soddalashtirishga xizmat qiladi hamda to‘y va boshqa tadbirlardan tushgan mablag‘larning qonuniy nazoratini kuchaytiradi.