08:30 / 26.09.2018
4 615

Ilhom Moʻminjonov “Navbahor” oʻyinlarini sotgan…mi? (video)

Ilhom Moʻminjonov “Navbahor” oʻyinlarini sotgan…mi? (video)

Ismi nomaʼlum ekani aytilgan shaxsning “Navbahor” bosh murabbiyi Ilhom Moʻminjonov haqidagi keskin gaplari Championat.asia nashri tomonidan eʼlon qilindi.

Xabarda anonim shaxs tomonidan murojaat qilingani yozilgan edi. Ammo, audioyozuvda Roʻzim nomi tilga olingan. Natijada, gapirgan odam “Navbahor”ning sobiq hujumchisi Roʻzimboy Ahmedov ekani gumon qilinmoqda.

Audioyozuvdagi shaxs quyidagilarni soʻzlagan.

“U yosh futbolchilarning shartnomasiga maoshini koʻpaytirib yozyapti, keyin bir qismini oʻzi oʻzlashtirmoqda. Bundan tashqari, safardagi oʻyinlarni sotgan. U hamma pullarni oʻzlashtirib, ketib qolmoqchi. U meni mavsum oʻrtasida haydab yubordi, bolalarimning rizqini qirqdi. U menga bir tiyin pul bermadi, ammo hokimga «hamma bilan hisob-kitob qilindi”, deb aytdi. Bu bilan hokimni aldadi.

“Navbahor”da ikki marta oyogʻim sindi. Ammo meni davolashga qoʻymagan, oldin mana shu oʻyinda maydonga tush, keyin davolanasan degan. Ukol qilib, singan oyogʻim bilan oʻynaganman. Ikkinchi marta oyogʻim singanidan soʻng, meni haydab yubordi. Operatsiyaga bir soʻm pul bermadi. Oyogʻimga temir qoʻyilgan. Shunday boʻlsa-da, muxlislar hokimga murojaat qilib, meni chaqirib olishgan. Ammo, shunda ham maydonga tushirmadi. Yordamchi murabbiylar “Roʻzimni tushir”, desa ham, unamagan.

Yozda bir necha marta kabinetiga chaqirib, meni haydab yubormoqchi boʻlgan. Meni muxlislar chaqirganini, ular uchun oʻynayotganimni aytganimdan soʻng, jahl qilib, “endi butunlay haydalding”, degan».

Biroz oʻtgach, PFL xodimi Diyor Imamxodjayev bu xabarga oʻz munosabatini bildirdi va audioyozuvdagi shaxsni Roʻzimboy Ahmedov, u gapirgan odam “Navbahor” bosh murabbiyi Ilhom Moʻminjonov ekanini oshkor qildi.

“Navbahor bosh murabbiyi haqida futbolchi Roʻzimboy Ahmedov aytgan gaplar bugun eng koʻp mavzu qilinyapti. Men Navbahor bosh murabbiyiga ham, futbolchiga ham ishonmayman. Oʻrtada pullik masala turganidan keyin bunday mojarolarning chiqishi oddiy bir hol. Ammo futbolchi qilgan ishni oqlamayman” – deb yozdi Imamxodjayev oʻz telegram kanalida.

«Birinchidan, murabbiy shaʼniga tegadigan gaplari koʻp. Shuning oʻziga uni sudga berish mumkin.

Ikkinchidan, agar futbolchining Navbahordan ketishida biror qoidabuzarlik (yoki qonun) boʻlsa, unda mazkur ish yuzasidan Professional futbol ligasiga murojaat qilish huquqi bor. Shu yilning oʻzida bu kabi oʻttizga yaqin futbolchining masalasi ijobiy tomonga hal qilib berildi.

Uchinchidan, murabbiy oʻz funksiyalarini bajarishi va aqli yetmaganiga aralashmasligi kerak. Murabbiy natija uchun, mashgʻulotlar uchun, klubning maydondagi falsafasi uchun javobgar boʻlgan shaxs. Klublar bosh direktorlari (menejer) esa shartnomalar, hisob-kitob kabi ishlarni joyiga qoʻyishi kerak. Oʻzbekiston futbolini orqaga tortadigan eng ahmoqona ishlardan biri aynan murabbiylarning oʻz vazifasidan ortiq masalalarga daʼvogarlik qilishidir.

Professional futbol ligasi bunday ishlarni nazorat qilish yuzasidan allaqachon ish boshlagan. 2018 yil soʻngiga qadar barcha futbol klublariga FIFA qoidalari asosida tayyorlangan shartnoma nusxasi taqdim etiladi. Mazkur shartnomalarga klub va futbolchi oʻz shartlarini, qoʻshimchalarini kiritishi mumkin. Biroq u yoki bu tomonning shartnomani bekor qilishi, qarzdorliklar va boshqa qator masalalar bunda konkretlashtiriladiki, futbolchilarda igʻvo, fisq-u fasod uchun hojat qolmaydi.

Endilikda OʻFA Xavfsizlik boshqarmasi Roʻzimboy Ahmedov bilan albatta koʻrishadi (futbolchi aytganlari uchun javob berishi kerak). Uning fikrlarida qanchalik jon borligi, Moʻminjonovning aslida qanday faoliyat olib borayotgani yuzasidan tekshiruv boʻladi (oʻzini hurmat qilgan klub sifatida buni Navbahorning oʻzi amalga oshirishi kerak aslida).

Avval ham aytganman, yana takrorlayman. Oilasini harom pullar bilan boqayotgan va oʻyinlarni sotish orqali totalizatordan pul ishlayotganlar oramizda koʻp. Ularning aynan kimligini esa fakti bilan bilmaymiz. Ularning qoʻlga tushishi va asl yuzi fosh boʻlishini oddiy bir muxlis sifatida juda istagan boʻlardim», – deb tugatdi Imamxodjayev.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ilhom Moʻminjonov “Navbahor” oʻyinlarini sotgan…mi? (video)