22:45 / 16.04.2019
2 549

Messi, Ronaldu, Gvardiola va Klopp. Madriddagi finalga kim yetib boradi?

Messi, Ronaldu, Gvardiola va Klopp. Madriddagi finalga kim yetib boradi?
Bu haftada Chempionlar ligasida chorak final doirasida javob uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi.

Sulsher - Fergyuson: shogird davom ettiradimi?

«Barselona» - «Manchester Yunayted»
16 aprel. Barselona. «Kamp Nou» stadioni
Birinchi o‘yin: 1:0


20 yil muqaddam «Manchester Yunayted» «Kamp Nou»da uddalab bo‘lmas ishni uddalab bo‘lgan. Ko‘pchilik eslaydi: Chempionlar ligasi finalida «Bavariya» 90-daqiqaga qadar 1:0 hisobida oldinda borgan - keyin esa qo‘shimcha daqiqalarda ikkita gol o‘tkazib yuborgan. O‘shanda «qizil iblislar» hozirgidan bir necha barobar qiyin vaziyatda qolgandi, o‘shanda mo‘’jiza sodir etish uchun Aleks Fergyuson (u hali ser emasdi) shogirdlarida bir necha daqiqa bo‘lgan, hozir esa butun 90 daqiqa bor.

Buyuk shotland bugun ham Barselonada - «MYu» sobiq bosh murabbiyni bortda birga olib kelgan. Bu «Yunayted» uchun katta qo‘llov, Fergyusonning katta yoshli futbolchilar oldida ham, yosh futbolchilar oldida ham, murabbiylar oldida ham mavqei beqiyos.

Aynan Fergyuson 1999 yilgi finalda Teddi Sheringem va Sulsherni zaxiradan o‘yinga tushirgan, bu ikki futbolchi yakunda fantastik natija keltirgandi. Hozirda norvegiyalik sobiq futbolchi o‘z ixtiyoridagi futbolchilarni o‘yinga qanday ruhlantirish ustida bosh qotirmoqda. «Manchester Yunayted» «Old Trafford»dagi birinchi o‘yinda raqib darvozasi tomon biror marta aniq zarba yo‘llamagan, shu bilan birga o‘z darvozasidan atigi bitta gol o‘tkazib yuborgandi. Lekin yoddan chiqarmaslik kerakki, bu jamoa nimchorak finaldagi birinchi o‘yinda «PSJ»ga ikki to‘p farqi bilan yutqazgan, ammo javob o‘yinida bu farqni yo‘qqa chiqarib, keyingi bosqichga yo‘l olgandi.

Albatta, «Barsa» parijliklardan birmuncha kuchliroq raqib, bu jamoaning birinchi o‘yindagi natijasiga pragmatik nuqtai nazardan qarash lozim, kataloniyaliklar bu safar ehtiyotkor o‘ynashmoqda, 2015 yilgi chempionlikdan keyingi 3 mavsumda chorak finalda qoqilgan. Manchesterdagi oxirgi o‘yinga qadar pley-offda 6 o‘yinda biror marta g‘alaba qozonolmagan (+0=2-4, to‘plar nisbati - 1:13).

Shu bilan birga, bu o‘yinga tayyorlanish uchun Sulsherga vaqt yetarli bo‘lmagan bo‘lishi mumkin. Shu kunlarda u matbuot orqali UYeFAga e’tirozlarini bildirdi. U «MYu» va «Barselona» nega birinchi haftada chorshanba kuni o‘ynab, ikkinchi haftada seshanba kuni o‘ynashga majbur bo‘lishiga izoh talab qildi.

Ronaldu «Ayaks» yoshlariga qarshi

«Yuventus» - «Ayaks»
16 aprel. Turin. «Yuventus Arena» stadioni
Birinchi o‘yin - 1:1.


«Ayaks» avvalgi bosqichda ham uy uchrashuvida favoritga qarshi munosib o‘ynab yutqazib qo‘ygandi. Turindagi javob o‘yini arafasida barcha amsterdamliklar qanday qilib «Real» to‘sig‘idan o‘tganini eslamoqda.

Niderlandlar «Yuventus»ga qarshi birinchi o‘yinda ham kuchli o‘yin namoyish etishdi. Yevropa bir hafta davomida Amsterdamdagi o‘yinning stop-kadrlarini muhokama qilmoqda. Quyidagi misolda ham «Ayaks» qanday qilib «Yuventus»ni qamal qilganini ko‘rish mumkin.

Turinliklar bu raqibdan cho‘chishga asoslar yetarlicha: «Ayaks» hamisha bir xil uslubda o‘ynaydi, uydami safardami farqi yo‘q. Bu shuni anglatadiki, biz raqibni hurmat qilishimiz kerak», deydi Massimiliano Allegri. Ayaksidlarning kuchiga yetarlicha baho bermagan oxirgi murabbiy yirik hisobda mag‘lub bo‘lib, iste’foga ketgandi. Ammo Allegri Santyago Solarining xatolarini takrorlamaslikka urinmoqda, qolaversa uning ixtiyorida sog‘lom va tetik Krishtianu Ronaldu bor.

«Yuventus» dam olish kunlarida o‘tkazilgan tur o‘yinida SPALga qarshi ikkinchi tarkib bilan o‘ynadi va mag‘lub bo‘lib, chempionlikni kechiktirdi. Shu bilan birga oldindagi murakkab o‘yin uchun kuch tejaldi. Turinliklardan farqli ravishda «Ayaks» o‘tgan haftada tur o‘yinida jiddiy yo‘qotishga uchradi - jamoa yetakchilaridan biri Frenki de Yong belidan jarohat oldi va u ko‘p ehtimol bilan javob o‘yinida jamoaga yordam bera olmaydi.

Klopp yarimfinalga tayyorlanmoqda

«Portu» - «Liverpul»
17 aprel. Portu. «Dragau» stadioni
Birinchi o‘yin - 0:2.


«Liverpul» o‘tgan haftada Angliya chempionatidagi hal qiluvchi o‘yinda g‘olib bo‘ldi. «Chelsi»ni 2:0 hisobida mag‘lub etgan qizillar endi qolgan turlarda «Manchester Siti» ochko yo‘qotishini kutadi. Mersisaydliklarda yana 4ta raqib qoldi va bu raqiblar bilan o‘yinlarda 12 ochko olish mumkin: «Kardiff» va «Haddersfild» turnirni allaqachon amalda tark etgan va hech qanday motivatsiyasiz qolgan, Klopp jamoasi «Nyukasl» va «Vulverhempton»ni ham ortiqcha kuch ishlatmasdan, shunchaki saviya evaziga mag‘lub eta oladi. «Shaharliklar» esa «MYu» va «Tottenhem» kabi kuchli raqiblarga qarshi maydonga tushadi.

Chempionlar ligasida esa har bir o‘yinga jiddiy yondashuv zarur. Hatto «Enfild»dagi birinchi o‘yinda 2:0 hisobida mag‘lub etilgan «Portu»ga qarshi javob o‘yiniga ham. «Liverpul» o‘z uyida «ajdarlar»ni juda yirik hisobda mag‘lub etolmadi va javob o‘yinida ham ehtiyotkor harakat qilishga to‘g‘ri keladi.

Lekin «Portu» o‘z uyidagi o‘yinda bir gol o‘tkazib yuborsa, 4ta gol urishiga to‘g‘ri keladi. Hozirgi «Liverpul»ga qarshi esa bunday natijaga erishish deyarli imkonsiz. Shunday ekan, yarimfinalning ilk ishtirokchisi ma’lum bo‘lib ulgurgan, deyish ham mumkin.

«Liverpul» ham turnir favoritlaridan biri. Bu jamoa bir yil muqaddam finalda o‘ynab ulgurgan, o‘tgan vaqt davomida esa Klopp jamoani sezilarli darajada kuchaytirgan.

Gvardiola halokat yoqasida

«Manchester Siti» - «Tottenhem»
17 aprel. Manchester. «Etihad» stadioni
Birinchi o‘yin - 0:1.


«Manchester Siti» bosh murabbiyi «kvadrupl» (quadruple - so‘zma-so‘z tarjimada to‘rt karra) haqidagi savollardan charchadi. Tarixda hech bir ingliz jamoasi bir mavsumda to‘rtta sovrinni o‘ziniki qila olmagan, ammo aprel oyi holatiga ko‘ra «Siti»da buning uchun nazariy imkoniyatlar mavjud: Angliya Ligasi kubogi allaqachon qo‘lga kiritilgan, Angliya Kubogida esa jamoa finalga chiqqan, premer-ligada «Liverpul» bilan qo‘shhokimlik qilmoqda, Chempionlar ligasida esa ahvol biroz qiyinroq.

Yevrokubok doirasida Gvardiola Londondagi birinchi o‘yinda «Tottenhem»ga gol urolmay yutqazdi va vaziyatni og‘irlashtirdi. Ayni vaqtda bukmekerlar «Siti»ni favorit deb hisoblayotgan bo‘lishsada, maydonda istalgan voqealar ro‘y berishi mumkin. «Tottenhem» bilan o‘yinda biz «Shalke»ga qarshi birinchi o‘yinimizdan yaxshiroq o‘ynagandik. Ammo Londonda biz penaltidan unumli foydalana olmadik, Germaniyada esa Sane 45 metrdan gol urgandi», dedi o‘yindan oldingi matbuot anjumanida Xosep Gvardiola.

Kataloniyalik mutaxassis bilan bemalol bahslashish mumkin: Londondagi bahsda «Siti»da o‘yin borasida jiddiy muammolar ko‘zga tashlandi. Gap faqat penaltidamas: «Tottenhem» Angliya chempioniga qarshi yaxshi tayyorlangan va sifatli o‘yin namoyish etgandi. To‘g‘ri, bu o‘yinda «shporlar» asosiy futbolchisidan ayrildi - shu o‘yinda jarohat olgan Harri Keyn mavsum yakuniga qadar safdan chiqqan. Ammo uning yo‘qligini Son Xin Min bildirmay turadi. Gvardiola javob o‘yinida o‘ta ehtiyotkor bo‘lishi kerak - yo‘qsa «Siti» qatorasiga ikkinchi mavsumda ingliz jamoasiga yutqazib, YeChLni chorakfinaldayoq tark etishi mumkin.

Agar Gvardiola Barselonadan keyingi faoliyatida Chempionlar ligasida kuzatilayotgan kompleksdan qutula olsa va yarimfinalga o‘tsa, uning jamoasini turnir favoritlaridan biri deb hisoblay boshlashadi. Buning uchun jamodan xalqaro turnirda ham Angliya chempionatidagi kabi o‘yin namoyish etish talab qilinadi.

Bugun va ertaga o‘tkaziladigan o‘yinlardan keyin Yevropaning 4ta eng kuchli jamoasi aniq bo‘ladi. Agar Ronaldu boshchiligidagi turinliklar ayaksidlar to‘sig‘idan o‘ta olsa, may oyida yarimfinalda «Tottenhem» va «Siti» juftligi g‘olibiga ro‘baru keladi. Lionel Messi boshchiligidagi katalonlar esa «MYu»ga qarshi o‘yinda vazifani bajarsa, final ostonasida katta ehtimol bilan o‘tgan mavsum finalchisi «Liverpul»ga qarshi ikki o‘yinda maydonga tushadi. Yevropaning eng kuchli jamoasi esa 1 iyun kuni Madriddagi «Vanda Metropolitano» o‘yingohida aniqlanadi.

Ayni vaqtda ko‘pchilik futbol muxlislari «Barselona» va «Yuventus» o‘rtasidagi finalni orzu qilishmoqda. Ammo yozning birinchi kunida afishalarda Ronaldu va Messi emas, Aguero va Saloh yoki mo‘’jizalar davom etsa, Pogba va Ziyoshning suratlarini ko‘rishimiz ham mumkin. Maydon tekis, to‘p yumaloq, futbolda har qanday natija ro‘y berishi mumkin.

Manba: Tribuna.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Messi, Ronaldu, Gvardiola va Klopp. Madriddagi finalga kim yetib boradi?