22:05 / 14.08.2019
2 706

"Nasaf" - "Bunyodkor" uchrashuvi tahlili. Alisher Nikimbayev talqinida (video)

"Nasaf" - "Bunyodkor" uchrashuvi tahlili. Alisher Nikimbayev talqinida (video)
Bugun SPORTS.uz saytida Qatarda faoliyat yuritayotgan hamyurtimiz, ko‘pchilik yaxshi taniydigan mutaxassis Alisher Nikimbayev bilan Superligada turning markaziy o‘yini tahlil qilindi.

Bu gal Superliga 16-turdan o‘rin olgan “Nasaf” – “Bunyodkor” uchrashuviga e’tibor qaratildi. Unda Alisher Nikimbayev quyidagilarni bayon etdi.

- Nega “Nasaf” – “Bunyodkor” turning markaziy o‘yini sifatida tanlandi? Sababi, “Surxon” – “Lokomotiv” uchrashuvida g‘olib nomi aniqlanmadi va o‘z navbatida ikkinchi o‘rin uchun “Lokomotiv”, “Bunyodkor” kurashadimi yoki “Nasaf” ham oraga qo‘shiladimi degan savol ko‘paydi, mana shu o‘yindan avval. Shu bois Qarshidagi bellashuvga e’tibor qaratdik.

Oxirgi paytlarda “ajdarlar” va “qaldirg‘ochlar” yaxshi o‘yin namoyish etishmoqda. Endi o‘zaro to‘qnashuvda qanday harakat qilishlari qiziq edi. Ikki jamoa asosan 4-3-2-1 sxemasidan foydalangan. Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlari ba’zan 4-4-2 taktikasida ham to‘p tepishgan.

Uchrashuvga to‘xtaladigan bo‘lsak, deyarli birinchi taym mezbonlarning ustunligi ostida o‘tgan. Qarshiliklar yuqori pressing uyushtirishdi. Eng qizig‘i, ular qarshi hujumlarda ham toshkentliklardan yaxshi harakat qilishdi. Mehmonlarda ilk bo‘limda bitta vaziyat yaratildi. Unda 4-daqiqada jarima maydoni tashqarisidan zarba berildi.

Birinchi golgacha bir tomonlama ustunlikni ko‘rish mumkin, ya’ni maydon egalarining. “Bunyodkor” raqibning yuqori pressingiga qarshilik yo‘q edi. Ammo tanaffusdan so‘ng o‘yin 180 gradusga o‘zgardi. “Bunyodkor”ning ko‘pgina futbolchisi “Nasaf” darvozasi yaqinida o‘ynadi. O‘shanda hisobni tenglashtirishlari mumkin edi. Biroq 52-daqiqada markaziy yarim himoyachi pas berayotganda xatoga yo‘l qo‘ygan va raqib qarshi hujumda ikkinchi golni urgan.

Bu o‘yin taqdirini deyarli hal qildi. Shundan so‘ng “ajdarlar” himoyaga to‘liq o‘tib olishdi. Poytaxtliklar esa qolgan vaqtni hujumda o‘tkazgan bo‘lishsa ham bir marta darvozani ishg‘ol etishdi xolos. Vadim Abramov shogirdlarida golgacha kamida ikkita yaxshi vaziyat bor edi. Ammo ulardan foydalana olishmadi.

“Bunyodkor” balki gollarni ertaroq urganda mezbonlarga qiyinroq bo‘lishi mumkin edi. “Qaldirg‘ochlar” bellashuv oxirida hisobni qisqartirishdi. Biroq ikkinchi golga vaqt kam edi va so‘nggi daqiqada markaziy himoyachi to‘pni sherigiga uzatayotganda xatoga yo‘l qo‘ydi. Natijada, “Nasaf” vakili yakkami-yakka holatdan darvozani ishg‘ol qildi.

O‘yinning to‘liq “kartinasi” borasida biror nima deyish qiyin. Chunki yuqorida aytganimdek, dastlabki taymda “Nasaf”, keyingi 45 daqiqalikda “Bunyodkor” ustunlikka erishdi. “Ajdarlar” ayni paytda 3-o‘ringa ko‘tarilib olishdi. Lekin keyingi tur qarshiliklarning “Lokomotiv” bilan kuch sinashishini inobatga olsak, vaziyat o‘zgarishi ham mumkin, - dedi Alisher Nikimbayev.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Nasaf" - "Bunyodkor" uchrashuvi tahlili. Alisher Nikimbayev talqinida (video)