07:43 / 19.09.2019
2 557

Andrey Kanchelskis: Faqat oldinga qarab, intilish lozim

Andrey Kanchelskis: Faqat oldinga qarab, intilish lozim
17 sentyabr kuni Namangan shahridagi “Markaziy” o‘yingohning anjumanlar zalida OAV xodimlari “Navbahor” bosh murabbiyi Andrey Kanchelskisdan intervyu olishdi. Quyida mazkur suhbatni e’tiboringizga havola etamiz.

- Andrey Antanasovich, biz o‘zingiz to‘g‘ringizda ko‘proq ma’lumot olmoqchimiz. Ota-onangiz kim, futbolga qanday kirib kelgansiz, kabi savollarga javob olishni istardik...
- Biografiyam uzoq tarixga ega va bu haqda soatlab gapirish mumkin. Mening hayotim haqida kitob chop etilgan. Ushbu kitob kelasi yili Namanganga olib kelinadi hamda uni rus tilida mutolaa qilishingiz mumkin. Balki bu kitobni qaytadan chop etishar, balki o‘zbek tiliga tarjima qilishar. Bu masalani klub rahbariyati hal etadi.

O‘z navbatida ta’kidlash joizki, mazkur kitobni foyda ko‘rish maqsadida chiqarmagandik. Shu bois, u juda oz miqdorda sotildi. Kitobni bolalar uylari va maxsus maktab-internatlariga sovg‘a qildik. Asosiysi, muxlislarning men haqimda ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lishlaridir.

- Iste’foga chiqarilganingizdan so‘ng, oradan ma’lum muddat o‘tganidan keyin, yana “Navbahor” boshqaruvini qo‘lga oldingiz. Ushbu qarorga izoh bera olasizmi?
- Mazkur masala yuzasidan Namangan viloyat hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Xayrullo Hayitbayevich Bozarov va klub rahbariyati, jumladan, yangi vitse-prezident Oybek Samatov bilan ko‘p bora gaplashdik. Tanganing ikki tomoni bor. Shu sababli, bo‘lib o‘tgan iste’foda men ham ma’lum ma’noda aybdorman. Ammo endi barchasi ortda qoldi hamda buyog‘iga faqat oldinga qarab, intilish lozim.

Futboldagi faoliyatim davomida shunday holat 3 marta yuz berdi. Birinchisida metr Valeriy Lobanovskiy meni Kiyevning “Dinamo”sidan Donetskning “Shaxtyor” klubiga qo‘yib yuborishni xohlamagan. Keyinchalik esa donetskliklar safiga qo‘shilishim to‘g‘ri qaror bo‘lganligini ta’kidlagan.

“Manchester Yunayted”da esa ser Aleks Fergyuson bilan oramizda biroz kelishmovchilik yuz bergan. Keyinchalik Fergyuson barcha futbolchilarning oldida nohaq ekanligini tan olib, kechirim so‘ragan. Mana endi futbol jonkuyari bo‘lgan viloyat hokimi Xayrullo Hayitbayevich ham meni “Navbahor”ga qaytardi. Bu uchala inson men uchun buyuk shaxslar sanalashadi. Lobanovskiy hamda Fergyusonning jahonga mashhur murabbiylar ekanligi barchaga ma’lum.

Xayrulla Bozarov esa katta bir viloyatning hokimi bo‘lishiga qaramay, futbolning haqiqiy jonkuyari hamda “Navbahor”ning yuksalishi uchun ko‘plab xayrli ishlarni amalga oshirmoqda.

- “Navbahor” bilan qancha muddatga shartnoma imzoladingiz?
- Uch yil muddatga. Shu vaqt davomida juda ko‘p ishlarni amalga oshirishni rejalashtirganmiz. Viloyatda bolalar va o‘smirlar futbolini rivojlantirish, shuningdek, “Navbahor”ni yanada yuksaltirish shular jumlasidan.

Kuni kecha “Paxtakor”ga qarshi kechgan bahsda asosiy tarkibning 5 nafar futbolchisi ma’lum sabablarga maydonga tushmadi. Bu esa albatta o‘yinga o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Turnir jadvali peshqadamiga qarshi 5 nafar yetakchi futbolchisiz maydonga tushish bu raqibga imkoniyat berish degani. Ularning o‘rinlarini munosib futbolchilar bilan to‘ldirish esa oson ish emas. Masalan, “Real”da Garet Beyl, Karim Benzema va Luka Modrich maydonga tushmasa, qanday holat yuzaga keladi? Bizda ham “Paxtakor” bilan bo‘lib o‘tgan o‘yinda xuddi shunday holat yuzaga keldi.

Hali oldinda 7 ta uchrashuv bor. Shunday ekan, jamoamizda sovrindorlar safidan o‘rin olish uchun imkoniyat mavjud.

Kelasi mavsumda esa jamoa oldiga bundan-da yuksak maqsadlar qo‘yamiz. Osiyo Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun kurash olib boramiz. Albatta har bir jamoa oltin medal sohibi bo‘lishni istaydi. Ammo bunga birdaniga erishish qiyin. Bu ish bosqichma –bosqich amalga oshiriladi.

- “Navbahor”ning yangi vitse-prezidenti Oybek Samatovning yangi o‘zgarishlarni amalga oshirayotgani barchani xursand etmoqda. Ta’kidlaganingizdek, 2020 yilda jamoaning oldiga yuksak maqsad – OChL yo‘llanmasini qo‘lga kiritish vazifasi qo‘yilgan.
Shu maqsaddan kelib chiqqan holda, joriy mavsum yakunlanganidan so‘ng, tarkibni kuchaytirish borasida ishlar olib boriladimi?

- Bu boradagi ishlarni biz allaqachon boshlab yuborganmiz. “Navbahor”da o‘ynash istagida bo‘lgan barcha nomzod futbolchilarni ko‘rib chiqib, ular bilan muzokara olib boramiz hamda avvalgidek futbolchilarni tanlashda xatoga yo‘l qo‘ymaslikka intilamiz.

Murabbiylar shtabiga seleksioner murabbiy Otabek G‘ulomxo‘jayev qo‘shildi. U shuningdek, O‘zbekiston U-19 yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi ham hisoblanadi.

Endi nomzodlarni sinchkovlik bilan kuzatib, tarkibni kuchaytirishga jiddiy tarzda yondoshamiz. Ko‘plab futbol agentlari ham bizga o‘z mijozlarini taklif etishadi hamda ular agentlik qilayotgan o‘yinchi maydonning har qanday pozitsiyasida o‘ynay olishini ta’kidlashadi. Shunday bo‘lsa, u noyob futbolchi ekan-da? Maydonning har qanday nuqtasida to‘p suradigan futbolchi yo‘q, aslida. Bunday futbol agentlarining gaplariga uchmasdan, jamoamizga nomzod bo‘lgan barcha futbolchilarni sinchkovlik hamda dikqat bilan kuzatamiz.

Aytish joizki, “Navbahor”ning ko‘plab futbolchilari bilan mavsum yakunida xayrlashamiz, bu hayot, bu futbol.
Ta’kidlaganimdek, kelasi mavsumda oldimizga jiddiy maqsadlar qo‘yiladi va 2020 yil “Navbahor” hamda men uchun muhim yil bo‘ladi.

O‘z navbatida ta’kidlash joizki, klubning yangi rahbariyati, jumladan, vitse-prezident Oybek Samatovning ko‘plab yangi o‘zgarishlarni amalga oshirayotgani meni ham quvontirmoqda. Biz Oybek Arifovich bilan til topisha oldik hamda bundan xursandman.

- Yangi mavsumda tarkibga qo‘shiladiganlar o‘zbekistonlik futbolchilarmi yoki ular orasida legionerlar ham bormi?
- O‘zingizga ma’lum, ayni paytda tarkibimizdagi legionerlar limiti to‘lgan. Shunday ekan, safimizga qo‘shiladigan yangi futbolchilar asosan mahalliy futbolchilardir, ya’ni tarkib o‘zagini mahalliy o‘yinchilar tashkil etishadi. Balki birorta legioner futbolchining ham nomzodini ham ko‘rib chiqarmiz.

- Hujumchi Aleksandr Kasyan maydonda yakkalanib qolmoqda. Unga tandem sifatida Ivan Solovyovni hujum chizig‘ida o‘ynatsa bo‘ladimi? - Bizga ayni paytda chiroyli o‘yin emas, natija muhim. Ta’kidlaganimdek, tarkibimizda 3-4 nafar futbolchi jarohati borligi sababli, maydonga tusholmayapti. Ularning o‘rniga esa munosib nomzodlar topish kerak. Bunday paytda esa tarkibda qandaydir taktik o‘zgarishlarni amalga oshirib bo‘lmaydi. Axir aytishadi-ku, o‘yin unutiladi, natija esa tarixda qoladi, deb.

Kezi kelganida ta’kidlash joizki, Aleksandr Kasyan hujumchi va shu bois, gol urishi uchun jamoadoshlari unga to‘pni aniq yetkazib berishlari lozim. So‘ngi o‘yinlarda esa Sashaga shu narsa yetishmadi. Kasyan barcha futbolchilar bilan birga o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida ishtirok etgan hamda jamoadoshlarini yaxshi tushunadi. Davralar oralig‘idagi transfer “oynasi” vaqtida esa bir qator yangi futbolchilar tarkibga qo‘shilishdi va ular orasida biroz tushunmovchilik yuzaga keldi.

Shuningdek, Aleksandrda biroz ruhiy tushkunlik ham yuzaga keldi. Umid qilamanki, Sasha bu qiyin vaziyatdan tezda chiqib ketadi hamda keyingi o‘yinlarda boshqa, ya’ni o‘sha goleador Kasyanni ko‘rasizlar.

- Sizningcha, Superliga klublari nimalarga ko‘proq e’tibor berishi lozim?
- Superliga jamoalari yaxshi infratuzilma, maydon va bazaga ega bo‘lishlari shart.
Shuningdek, klubning farroshidan tortib, rahbariyatigacha o‘z ishining ustasi bo‘lishi kerak. Masalan, farrosh hammayoqni chinniday qilib, tozalab qo‘ysa, buni ko‘rib, ko‘ngling quvnaydi, kayfiyat yaxshilanadi.

Shuningdek, ovqatlanish, yashash sharoiti, vitanimizatsiya, moliyaviy ahvol ham a’lo darajada bo‘lishi lozim.
Futbolchi pul haqida o‘ylamasligi, uning fikri faqat maydonga qaratilishi lozim.

"Navbahor"da bu borada kamchilik yo‘q. Ayniqsa, klub vitse-prezidenti Oybek Samatov bizga barcha qulay sharoitlarni yaratib beryapti va fursatdan foydalanib, buning uchun unga minnatdorchilik bildiraman.

- Jamoamiz tarkibidagi legionerlar kelasi mavsumda ham “Navbahor” sharafini himoya qilishadimi?
- Uch nafar rossiyalik futbolchilar aniq jamoada qolishadi. Shuningdek, tojikistonlik yarim himoyachi Amirbek Jo‘raboyevning ham o‘yinidan qoniqish hosil qilyapman. Slavko Lukich esa yaqindagina jarohatidan forig‘ bo‘ldi va uning 3-4ta o‘yindagi harakatlariga qarab, yakuniy xulosaga kelamiz.

- Namanganga qanday ta’rif berasiz?
- Namangan – mehribon va sodda kishilar viloyati. Meni bu yerda juda yaxshi kutib olishdi. Asosiysi, esa Namanganda futbolni juda sevishadi. Futbol muxlislar uchun bu hayot. Barcha namanganliklar bitta jamoa - “Navbahor”ga muxlislik qilishadi. Namanganda 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan barcha millionlar o‘yiniga qiziqadi va futbol bilan ovunadi. Shuningdek, Namanganda “Akvapark” qurilyapti hamda viloyat ancha rivojlanyapti. Barchamizni esa futbol birlashtirib turibdi. Buyog‘iga bir maqsad yo‘lida birlashib, harakat qilamiz.

“Navbahor” PFK matbuot xizmati.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Andrey Kanchelskis: Faqat oldinga qarab, intilish lozim