16:46 / 06.12.2019
2 206

Manchester derbisi va yana to‘rtta superto‘qnashuv

Manchester derbisi va yana to‘rtta superto‘qnashuv
Angliyada futbol kunlari uzluksiz davom etadi. Hafta o‘rtasidagi «midvik»dan keyin dam olib ulgurmagan futbolchilar dam olish kunlari yana maydonga tushishadi. Bu hafta oxirida Italiyada ham keskin to‘qnashuvlar guvohi bo‘lamiz. Tribuna.uz uik-endning eng asosiy o‘yinlari anonsini taqdim etadi.

INTER – ROMA (7 dekabrga o‘tar kechasi, 00:45)

Nihoyat turnir jadvalining eng yuqorisiga qaytgan «Inter»ni navbatdagi jiddiy sinov kutib turibdi. A Seriyadagi so‘nggi olti o‘yinning beshtasini o‘z foydasiga hal qilgan «Roma» ahvolini biroz o‘nglab oldi va uchinchi o‘ringa juda yaqin keldi. Qolaversa, bu ikki raqibning so‘nggi o‘zaro o‘yinlari ham juda murosasiz kechgan: oxirgi uch o‘yinda uch durang qayd etilgan. Qizig‘i, har uchala o‘yinda ham hisobni mehmonda to‘p surayotgan jamoa ochgan, mezbonlar yakunda hisobni tenglashtirib, mag‘lubiyatdan qutulib qolishgan.

Uchrashuvga e’tiborni oshirgan yana bir holat, Italiyaning eng mashhur nashrlaridan biri Corriere dello Sport nashrining ushbu o‘yinga bag‘ishlangan muqovasi bo‘ldi. Gazetada «Inter» hujumchisi Romelu Lukaku hamda «Roma» himoyachisi Kris Smollingning rasmlari berilgan va «Qora juma» deb tagso‘z yozilgan. Bu klublar, muxlislar va jamoatchilik tomonidan katta rezonans keltirib chiqardi. Nashrni rasizmda ayblamoqda.

Jamoalar tarkibiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Aleksis Sanches va Nikolo Barella «Inter» safiga qaytishiga yana kamida bir oy bor. Shuningdek, Stefano Sensi sonidan olgan jarohati tufayli maydonga tusha olmaydi. Mehmonlardan esa, Jastin Klyuvert va Davide Dzappakosta tiklanib ulgurgani yo‘q. Xaver Pastore lazaretni tark etgan bo‘lsa-da, hali mashg‘ulotlarga to‘liq kirishmadi. Uni ham maydonda kutish befoyda.

Ushbu o‘yin keyingi haftada, seshanba oqshomida «Barselona»ga qarshi kechadigan muhim uchrashuv oldidan bo‘lib o‘tayotgani «Inter»ning zarariga ishlashi mumkin. YeChLning keyingi bosqichiga chiqish uchun milanliklar g‘alaba qozonishlari shart. Turli frontlarda kurashish, rotatsiya qilish va kuchlarni taqsimlash borasida muammolar mavjudligini esa «Inter» murabbiyi o‘sha mashhur matbuot anjumanida aytib o‘tgandi.

EVERTON – ChELSI (7 dekabr, 17:30)

Liverpul derbisidagi mag‘lubiyatdan so‘ng «Everton» ham bosh murabbiyi Markus Silvani iste’foga chiqardi. Albatta, bu qarorga faqat «Liverpul»dan qabul qilingan mag‘lubiyat sabab bo‘lmadi. «Everton» APLda qatorasiga uch o‘yinda mag‘lub bo‘ldi, turnir jadvalida 18-o‘ringa tushib ketdi. Yozda deyarli top-6 darajasida transfer xarajatlari qilgan, tarkibida «Arsenal», «Barselona» va «MYu» kabi jamoalarning sobiq a’zolari to‘plangan «Everton» bu darajada sho‘ng‘ishi kerak emasdi.

Jamoani vaqtincha Dunkan Fergyuson boshqarib turadi. Shotlandiyalik mutaxassis o‘z vaqtida «Everton» tarkibida olti yil to‘p surgan, 2014 yildan esa, klub tizimida murabbiy sifatida faoliyat olib borayotandi. Boshqa tarafdan, vaziyat u qadar qo‘rqinchli emas ham, aslida «Everton»ni turnir jadvalining birinchi yarmidan, jumladan, YeChL o‘rinlari uchun da’vogar bo‘lgan «Arsenal», «Tottenhem» kabi jamoalardan atigi 5-6 ochko ajratib turibdi. Ya’ni muvaffaqiyatli o‘tkaziladigan 2-3 o‘yin vaziyatni butunlay o‘zgartirib yuborishi mumkin. Yomon tomoni mana shu o‘yinlarning kimlar bilan o‘tkazilishi – «Everton» keyingi 4 o‘yinni «Chelsi», «Manchester Yunayted», «Lester» va «Arsenal»ga qarshi o‘tkazadi.

«Chelsi» safiga kichik jarohatlardan so‘ng Abraham ham, Maunt ham qaytishdi, qora palla tugab, nihoyat, uch o‘yindan iborat g‘alabasiz seriyaga barham berildi. Keyingi o‘yinlardagi g‘alabalar «Chelsi»ning kuchli to‘rtlikda mustahkamlanishida ham, YeChLda keyingi bosqichga chiqishida ham muhim ahamiyat kasb etadi. «Boksing dey» kunlaridagi ikki katta derbi («Arsenal» va «Tottenhem»ga qarshi) oldidan «Chelsi»ning raqiblari u qadar qo‘rqinchli emas - «Lill» va «Bornmut».

O‘zaro o‘yinlarga kelsak, Liverpulda o‘tgan oxirgi besh o‘yinning uchtasida mezbonlarning qo‘li baland kelgan. O‘tgan yilgi uchrashuv 2:0 hisobida «Everton» g‘alabasi bilan yakunlangan edi.

BORUSSIYA M – BAVARIYA (7 dekabr, 19:30)

Turnir jadvali yuqorisi haqida gap ketganda, kuchli beshlikda Bundesliganing oldiga tushadigani yo‘q. Hali yaqqol favorit aniq emas, 1-o‘rindagi jamoa bilan 7-o‘rindagi «Hoffenhaym»ni atigi 6 ochko ajratib turibdi, xolos. Bu masalan Angliyadagi dastlabki ikki o‘rinlar o‘rtasidagi masofadan ham qisqaroq. Agar jadvalni «Bavariya» boshqarib turganida, balki, myunxenliklarning o‘z yo‘lida ketayotgani, raqobat esa, asosan keyingi o‘rinlar uchun deyish mumkin edi. Ammo unday emas, «Bavariya»da 24 ochko bor va bu turdagi raqibi – «Borussiya»dan 4 ochko ortda bormoqda.

Menxengladbaxliklarga rostan ham qoyil qolsa arziydi. So‘nggi olti o‘yinning beshtasini o‘z foydasiga hal qilgan Marko Roze shogirdlari o‘z oldilariga jiddiy maqsadlar qo‘yishgan. Jamoa har ikki frontda – Bundesligada ham, Yevropa Ligasida ham peshqadam bo‘lib turibdi. «Bavariya» esa, murabbiy almashgach, qatorasiga to‘rt o‘yinda ishonchli g‘alabaga erishib kelayotgandi. Lekin o‘tgan turda «Bayer»ga qarshi uy o‘yinidagi mag‘lubiyat vaziyatni ham, bosimni ham ancha noziklashtirib qo‘ydi.

Jamoalarning o‘zaro o‘yinlariga qarasak, oxirgi 20 o‘yinning faqat 6tasida «Borussiya»ning qo‘li baland kelgan. O‘tgan mavsumda «Borussiya Park»da bo‘lib o‘tgan o‘yinda mehmonlar 5:1 hisobida g‘alaba qozongan edi. Bu jamoalar so‘nggi turlarni duransiz o‘tkazishmoqda. «Borussiya» 8 o‘yindan beri, «Bavariya» esa 9 o‘yindan beri durang qayd etmay kelmoqda. Menxengladbaxliklar so‘nggi 5 uy uchrashuvida muntazam gol urgan.

Tarkiblar borasida mezbonlar uchun yaxshi yangiliklar bor. Oldingi chiziqda samarali harakat qilishi mumkin bo‘lgan Xulio Vilyalba, Kinan Bennetts hamda Mattias Ginter jamoa bilan shug‘ullanishni boshladi va balki kerak bo‘lganda, ushbu o‘yinda ham maydonda paydo bo‘lishlari mumkin. «Bavariya» safida xuddi shu gapni Xaver Martinesga nisbatan ishlatsa bo‘ladi. Lyuka Ernandes kelasi haftalarga jarohatidan to‘liq forig‘ bo‘lsa kerak.

MANChESTER SITI – MANChESTER YUNAYTED (7 dekabr, 22:30)

Ikki yil oldin 10 dekabrda raqiblar «Old Trafford»da ro‘baru kelgandi. O‘shanda «Yunayted» turnir jadvalida «Siti»ni ta’qib qilayotgandi. Aynan shu o‘yindagi g‘alaba Pep Gvardiola shogirdlariga ochkolar farqini 11 ochkoga yetkazish, chempionlik yo‘lida yanada dadilroq davom etish imkonini bergandi. Hozir vaziyat boshqacharoq – «Manchester Siti» shuncha farq bilan «Liverpul»dan ortda bormoqda va har bir yo‘qotilgan ochko jamoani chempionlik orzusidan uzoqlashtiryapti.

«Yunayted»ning o‘z muammolari bor. Sulsher hali turnir jadvaliga ham, kimdir bilan ochkolar farqiga ham qaragani yo‘q – o‘yinni tashkil qilish, jarohatdan qaytayotganlarni kutish, har tomondan kelayotgan iste’fo bosimlarini yengish bilan ovora. Lekin qayd etish kerakki, chorshanba kuni «Tottenhem»ga qarshi o‘yinda «Yunayted» ancha iliq taassurot qoldirdi. Har qancha muammolar bo‘lmasin, top o‘yinlarga jamoa doim tayyor ekani namoyish qilindi. Statistika ham bundan dalolat bermoqda.

O‘tgan yili «Old Trafford»dagi derbida «Siti» 2:0 hisobida g‘alaba qozongan, shundan keyin «Manchester Yunayted» top-o‘yinlarda mag‘lubiyatga uchramayapti – 3 g‘alaba va 3 durang. Ayniqsa, «Etihad»da kechadigan o‘yinlarda ham «MYu» ishonchli ekanini ta’kidlash kerak. So‘nggi to‘rt uchrashuvdan faqat bittasida, o‘tgan mavsumda mezbonlar g‘alabaga erishdi, xolos. Ikki o‘yinda «Yunayted» g‘alabani ilib ketgan bo‘lsa, bir uchrashuvda hisob ochilmagandi.

Tarkiblarga qaralsa, so‘nggi yillardagi derbilar bombardiri Serxio Aguero bu uchrashuvda qatnasha olmaydi. Lyaport va Sanening qaytishiga hali ancha bor. Faqat Aleksandr Zinchenko nihoyat mashg‘ulotlarga qaytganini ijobiy xabar sifatida ta’kidlash mumkin. Mehmonlardan esa, Pol Pogbaning holati hamon mavhumligicha qolmoqda. U go‘yoki mashg‘ulotlarda qatnashmoqda, lekin Sulsher aniq sana haqida fikr aytmayapti. Bundan tashqari, «Aston Villa»ga qarshi o‘yindagi kichik jarohat tufayli Marsiyal so‘nggi o‘yinni o‘tkazib yubordi. «Etihad»dagi o‘yinda ham u maydonga qaytmasligi ehtimoli katta. Erik Bayi, Fosu-Mensa, Matich, Dalot kabi futbolchilarning tiklanib ulgurganliklari haqida xabarlar bor, ularning har biri uchrashuv zayavkasida paydo bo‘lib qolishi mumkin.

LATSIO – YUVENTUS (8 dekabrga o‘tar kechasi, 00:45)

Rimga safar oldidan «Yuventus»ning kutilmagan ochko yo‘qotishi noo‘rin bo‘ldi. Chunki bu o‘yinda ham ochko yo‘qotilishi xavfi bor, u holda «Inter» farqni yanada ko‘paytirishi mumkin. «Latsio» – A Seriyada ketma-ket olti o‘yinni o‘z foydasiga hal qilgan, so‘nggi 9 uchrashuvda mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan, ligada eng yaxshi to‘plar nisbatiga ega bo‘lgan klub. Jamoa yetakchisi Chiro Immobile bilan esa Yevropada hozircha faqat Robert Levandovski teng kelyapti, xolos. «Yuventus» uchun og‘ir o‘yinlar o‘tgan yili ham yetarlicha kuzatilgan, to‘g‘ri, lekin turnir jadvalidagi «Inter»ning raqobati qo‘shimcha bosim yuklamoqda. Bu holat «Yuventus»ga har o‘yinda g‘alaba qozonish majburiyatini yuklayapti. Bu esa, eng muhim intrigadir.

Lekin «Latsio» o‘zaro o‘yinlarda turinliklar uchun ancha qulay raqib. So‘nggi 26 o‘yinning atigi 3tasida Rim jamoasi g‘olib chiqqan. Uy o‘yinlarida esa, qatorasiga 6 yildan beri «Latsio» imkoniyatni boy berib kelyapti. Umuman, «Latsio»ning Rimda «Yuventus» ustidan qozongan so‘nggi g‘alabasi salkam yetti yil oldin, 2013 yilning yanvarida qayd etilgandi. Darvoqe, bu jamoalar ikki haftadan so‘ng Italiya Superkubogi uchun bahsda ham to‘qnash keladi.

Umuman, «Yuventus» bu yili aynan top-raqiblarga qarshi o‘yinlarni ishonchli o‘tkazayotganini alohida ta’kidlash kerak. Yo‘qotilgan ochkolar «Lechche», «Fiorentina» va «Sassuolo» jamoalariga qarshi o‘yinlarga to‘g‘ri keldi. «Napoli» ham, «Inter» ham, «Milan» ham qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, mag‘lub etildi.

Mezbonlardan faqat Rikardo Kishna o‘yinda qatnasha olmaydi. Turinliklardan Adrian Rabo va Jorjo Kellinining qaytishiga hali vaqt bor. Duglas Kostaning sog‘ayishi shu kunlarga kutilgandi, ammo uning ham shug‘ullanishni boshlagani haqida ma’lumot yo‘q.

BOShQA O‘YINLAR
7 dekabr. Bornmut – Liverpul (20:00), Tottenxem – Byornli (20:00), Borussiya D – Fortuna (19:30), Real – Espanol (17:00), Monpele – PSJ (21:30), Udineze – Napoli (22:00), Barselona – Malorka (8 dekabrga o‘tar kechasi, 01:00)
8 dekabr. Aston Villa – Lester (19:00), Bolonya – Milan (9 dekabrga o‘tar kechasi, 00:45)
9 dekabr. Vest Hem – Arsenal (10 dekabrga o‘tar kechasi, 01:00).

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Manchester derbisi va yana to‘rtta superto‘qnashuv