19:40 / 18.12.2019
1 971

Messi yoki Benzema, Fati yoki Rodrigo: klasiko qahramoni kim bo‘ladi?

Messi yoki Benzema, Fati yoki Rodrigo: klasiko qahramoni kim bo‘ladi?
Foto: Sport-Ekspress
Chorshanba oqshomida bo‘lib o‘tadigan o‘yin arafasida «Barselona» va «Real» bir xilda ochko jamg‘arib turibdi. Quyida Ispaniya chempionatining birinchi qismida kim ustun kelishini belgilab beradigan muhim o‘yin haqidagi mulohazalar keltiriladi.

Ispaniya chempionati. 10-turning qoldirilgan o‘yini
Barselona — Real

18 dekabr. Barselona. «Kamp Nou» stadioni. 00.00
Hakam: Ernandes-Ernandes.

Kurtua «orzudagi hujum uchligi»ga qarshi

O‘tgan hafta oxiridagi o‘yinlardan kelib chiqqan holda aytadigan bo‘lsak «Real»da kayfiyat yaxshiroq. Bir tomondan ular «Kamp Nou»ga turnir yakkapeshqadami sifatida kelish imkoniyatini qo‘ldan chiqarishdi. Boshqa tomondan, madridliklar Valensiyadagi o‘yin so‘nggida qahramonlik ko‘rsatib o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarning beshinchisida o‘yinni qutqarib qolishdi. Bunda so‘nggi daqiqalarda raqib jarima maydoniga borgan Kurtuaning ulushi katta, u burchak zarbasidan keyin boshi bilan zarba bergach, raqib darvozabonidan qaytgan to‘pni Benzema osonlik bilan darvoza to‘riga joyladi.

Bir yil muqaddam sotib olgan belgiyalik darvozabon bu mavsumga kelib o‘z darajasiga qaytdi va ishonchni oqlay boshladi. La Ligada 13 o‘yindan 7tasida darvozasi daxlsizligini saqlagan Kurtua klub rekordiga yaqinlashayotgandi, ammo «Real Sosedad»ga qarshi o‘yinni ilk daqiqalaridayoq ortga noqulay uzatma bergan Serxio Ramos barchasini chippakka chiqardi. Umuman, «Qirollik klubi» mudofaasi bu mavsumda ishonchli o‘ynamayapti, ammo Kurtua o‘z mahoratini ko‘rsatib, jamoani gollardan saqlab qolmoqda.

«Barselona»ga qarshi safar o‘yinida esa bu dolzarb ahamiyat kasb etadi. Raqib San-Sebastyandagi durang bilan yakunlangan o‘yindan keyin alamzada holatda, katalonlar so‘nggi o‘n yillikda eng ko‘p marta shu stadionda ochko yo‘qotgan. 2:2 — qoniqarsiz natija bo‘lsada, jamoa hujumida ahvol yomon emas. Jamoaga moslashishda davom etayotgan Grizmann qatorasiga ikkinchi turda gol urdi, Suares bir gol urib, bir golga hammuallif bo‘ldi, Messi golli pas bilan cheklandi. Bu trio har qanday o‘yinga tayyor.

Kurtua supermen rejimini yoqishi talab etiladi. «Barsa» hujumida Dembelening jarohati tufayli yuzaga kelgan bo‘shliq Chempionlar ligasida omadli debyut qilgan Karles Peres va 17 yoshli vunderkind Fati orqali yopilishi mumkin. Lekin ular katta o‘yinlar taqdirini hal qilishga qanchalik tayyor?

Pik formadagi Benzema katalonlar mudofaasiga qarshi

«Real»ning asosiy hujumchisi bo‘lish hammagayam emas. Bu doimiy ravishda muxlislar tomondan ham, klub prezidenti tomonidan ham bosim ostida bo‘lish demakdir. Telba Florentino Peres o‘z vaqtida klub darajasiga javob bermaydi deb Iguaindan osonlik bilan voz kechgandi. Pipitoni qaymoqranglilar futbolkasida 121 gol urgani ham qutqarib qololmagandi. Benzema esa barcha turnirlardagi o‘yinlarni qo‘shib hisoblasa klub safida urgan gollari sonini 300tadan oshirdi, u madridlik to‘purarlarning La Liga bo‘yicha reytingida yaqinda afsonaviy Ferens Pushkashni oltinchi o‘rindan tushirib yubordi. Yana birozdan keyin yana bir afsona — Ugo Sanches ortda qoldirishi kutilmoqda, ammo bunday natija ham Peresni yangi forvard qidirishdan to‘xtatib qololmasligi mumkin.

Ehtimol, kelgusida Yovich asosiy hujumchiga aylanadi, lekin o‘tgan mavsumda Bundesligani titratgan serbiyalik yosh hujumchi «Santyago Bernabeu»da o‘zini ko‘rsata olmayapti va o‘ziga sarflangan 60 million yevroni oqlamayapti. Lekin hecha kim Lukaga ishonchsizlik bildirgani yo‘q. Zinedin Zidan u «Ayntraxt»da odatlangan ikki markaziy hujumchi bilan o‘ynash sxemasini ham qo‘llashga rozi bo‘lmoqda. Lekin bu bergan natija atigi bitta gol, ha, u jarohatini tuzatishga ko‘p vaqt sarfladi hamda ko‘p amaliyotiga ega bo‘lmadi, lekin bitta gol juda kam. Qolaversa, bu Yovichning ham o‘ziga bo‘lgan ishonchini sindirishi mumkin.

Benzema sifatli o‘yini bilan ajralib turadi. U turli mish-mishlarga va tribunalardagi hushtakbozliklarga e’tibor qaratmasdan bosh murabbiy o‘zidan talab qilgan ishlarni bajarishda davom etdi. U o‘z vaqtida Krishtianu Ronaldu uchun ideal juftlik bo‘ldi. Hozir esa uning o‘zi — madridliklar hujum chizig‘i yetakchisidir. Fransuz hujumchisi snayperlar poygasida Messi bilan teng ketmoqda (12tadan gol), Chempionlar ligasida ham 4ta gol urdi, jumladan «PSJ» darvozasiga qilingan dubl u «Barselona» himoyachilari uchun asosiy xavf ekanini anglatadi.

Ayni vaqtda himoya chizig‘i — Valverdening asosiy bosh og‘rig‘idir, ba’zi vaziyatlarda ter Shtegen ham jamoani qutqara olmayapti. Ko‘k-anorranglilar joriy mavsumda La Ligadagi 16 turda faqat 4 o‘yinda darvozani «quruq» saqlashdi, o‘tkazib yuborilgan gollar soni (20) bo‘yicha katalonlar La liga oltinchi o‘rinda. Taqqoslash uchun, «Atletiko»da bu ko‘rsatkich ikki barobar kam (9). «Real» jami 12 gol o‘tkazgan, «Barsa» esa bu borada «Real Sosedad», «Osasuna» va «Valyadolid» qatorida.

Valverde alaloqibat Pike — Langle juftligiga ishonch bildirishga qaror qildi, bu futbolchilarning eng yaxshi o‘yini «Atletiko»ga qarshi o‘yin bo‘ldi (1:0). Balki, endi katalonlar himoyasi barqaror o‘yin ko‘rsata boshlashar. Qolaversa, Jordi Alba jarohatidan tuzaldi. Katalonlar himoya chizig‘ini bugun Benzema jiddiy sinovdan o‘tkazadi.

Valverde Valverdega qarshi
Mavsum boshida Valverde de Yong va Arturni yarimhimoya chizig‘ining almashtirib bo‘lmas futbolchilar sifatida belgilab oldi va qolganlar bitta pozitsiya uchun raqobat qiladigan bo‘ldi. Shu bilan birga murabbiy Busketsdan voz kecholmasdi, Rakitich va Vidalga ham imkon berishiga to‘g‘ri kelardi.

Mavsum boshida asosiy tarkibdan tashqarida qolgan xorvatiyalik futbolchi Artur jarohat olgach yana asosiy tarkibga qaytdi. Endi Valverdeda faqat Buskets yoki Vidaldan qaysi birini maydonga tushirish bo‘yicha savol qolmoqda. Jamoa o‘z maydonida o‘ynashi hisobga olinsa, to‘pga egalik qilishga harakat qiladi va bu holda boshlang‘ich tarkibda ispaniyalik faxriy futbolchi harakat qiladi, chililik futbolchi esa ikkinchi bo‘limda o‘yinning borishiga qarab natijani saqlab qolish uchun yoki o‘yinni yanada kuchaytirish uchun tushirilishi mumkin.

Zidanning bu shaxmat partiyasidagi vaziyati murakkabroq, lekin aftidan, fransuz murabbiy barchasini o‘zi uchun hal qilib olgan ko‘rinadi. Valensiyada u sinalgan jangchilar Modrich va Kroosga ishonch bildirdi, lekin «Real»da dam olish kun vaqt kamroq bo‘ldi, shuning uchun bu faxriy futbolchilar bugungi o‘yinni zaxira o‘rindig‘ida boshlashi mumkin. Yakshanba kungi o‘yinda esa Kazemiro zaxirada qolgandi, Zidan uni klasikoga asragani tayin. Shuningdek, bu mavsumda «Barselona» bosh murabbiyiga familiyadosh bo‘lgan 21 yoshli Federiko Valverde kuchli o‘yin namoyish etmoqda. «Real» bu mavsumda urugvaylik ushbu yosh futbolchisi maydonda ilk daqiqalardan paydo bo‘lgan o‘yinlarda umuman yutqazmagan (6 g‘alaba, «Valensiya» va «Atletiko» bilan o‘yinlarda esa durang).

21 yoshli Valverdening 22 yoshli de Yong bilan qarama-qarshiligi — ikki ispan grandidagi yangi avlod to‘qnashuvi bo‘ladi. Vaqti kelib klasikoni Messi va Benzema emas, Fati va qaymoqranglilarning braziliyalik futbolchilari Rodrigu hamda Vinisius Junior hal etishiga ko‘nikamiz. Lekin ular bugun ham maydonda nimalar qilishini oldindan aytib bo‘lmaydi.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Messi yoki Benzema, Fati yoki Rodrigo: klasiko qahramoni kim bo‘ladi?