date

“Paxtakor” kambek qildi: Tojiyev jamoa o‘yinidan mamnun

“Paxtakor” kambek qildi: Tojiyev jamoa o‘yinidan mamnun

O‘zbekiston Superligasining 4-turida "Paxtakor" o‘z maydonida "So‘g‘diyona"ni qabul qildi. Gollarga boy va shiddatli o‘tgan uchrashuvda “sherlar” iroda ko‘rsatib, 4:2 hisobida ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi.

Bellashuv kutilmagan tarzda boshlandi — mezbonlar tezkor gol o‘tkazib yubordi va bu jamoa uchun ma’lum darajada bosim yuzaga keltirdi. Ammo "Paxtakor" futbolchilari vaziyatni tezda nazoratga olishdi va birinchi bo‘limning o‘zida hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘lishdi.

Ikkinchi taymda esa maydonda butunlay boshqa manzara kuzatildi. “Sherlar” tashabbusni to‘liq qo‘lga olib, o‘z uslubida hujumkor o‘yin namoyish qildi va raqib darvozasiga yana bir necha bor yo‘l topdi. Natijada jamoa muhim uch ochkoni ishonchli tarzda o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi.

Uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida jamoa bosh murabbiyi Kamoliddin Tojiyev o‘yin haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:

— Tez gol o‘tkazib yuborganimiz bizga biroz qiyinchilik tug‘dirdi. Shunga qaramay, birinchi bo‘limdayoq hisobni tiklashga erishdik. Tanaffusdan keyin esa o‘z o‘yinimizni ko‘rsata oldik va g‘alabani ta’minladik. Jamoadagi har bir futbolchi maydonga tushishga tayyor, shuning uchun tarkibda o‘zgarishlar bo‘lib turadi, — dedi murabbiy.

Shuningdek, Tojiyev jamoaning har bir o‘yinda o‘sib borayotganini alohida ta’kidladi. Uning fikricha, Paxtakor hujum chizig‘ida yanada samarali harakat qila boshlaydi va gollar soni ham ortib boradi.

— O‘yindan o‘yinga kuchayib boramiz, deb ishonaman. Ko‘proq gol uramiz va hujumdagi harakatlarimiz yanada yaxshilanadi. Ilgarigi bahslarda ayrim xatolarga yo‘l qo‘ydik va imkoniyatlardan foydalana olmadik. Lekin o‘yin jihatidan yomon emasdik, — deya qo‘shimcha qildi murabbiy.

Ushbu g‘alaba orqali "Paxtakor" o‘z muxlislariga ijobiy kayfiyat bag‘ishladi va chempionlik uchun kurashda jiddiy raqib ekanini yana bir bor namoyon qildi. Agar jamoa shu ruhda davom etsa, oldinda yana ko‘plab yorqin g‘alabalar bo‘lishi aniq.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » “Paxtakor” kambek qildi: Tojiyev jamoa o‘yinidan mamnun