12:30 / 12.12.2022
1 430

Xitoyning arablar bilan yaqinligidan muddaosi nima?

Xitoyning arablar bilan yaqinligidan muddaosi nima?
Arab-Xitoy, Fors ko‘rfazi-Xitoy va Saudiya Arabistoni-Xitoy sammitlarida ishtirok etish uchun Saudiya Arabistoniga borgan Xitoy rahbari Si Szinpin qirol Salmon bin Abdulaziz, valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon va Fors ko‘rfazi mamlakatidan ba’zi arab liderlari bilan uchrashdi.

Saudiya Arabistoni mezbonlik qilgan sammitlarda Xitoy mintaqa davlatlari bilan strategik sheriklikni mustahkamlash, aloqalarni rivojlantirish, savdo hajmini oshirishni niyat qilgan holda ishtirok etdi.

Xitoyning muddaosi nima? Arablar bilan aloqalarni kuchaytirish nimaga uchun kerak bo‘lib qoldi? Axir Sharqiy Turkistondagi uyg‘urlarga nisbatan qilayotgan zulmlari Chin davlatini musulmon o‘lkalardan uzoqlashtirishi kerak emasmi? Aslida shunday, ammo siyosatda foyda ko‘p narsalardan ustun turadi. Ayniqsa, arab siyosatchilari uchun... Buni xitoyliklar ham allaqachon anglab yetishgan. Qolaversa, arablar uchun ummon ortidan musht ko‘tarib turgan dushman va shundoqqina quchog‘ida esa uning inisi turibdi...

Xitoy-arab sammitlari global bir qutbli dunyodan ko‘p qutbli dunyoga o‘tish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholanmoqda. Yaratilmoqchi bo‘lgan bu yangi tartib belgilari ko‘plab hududlarda o‘zini namoyon qilmoqda.

Ushbu tashrif sabab Xitoy AQSH gegemonligiga qarshi ko‘p qutbli dunyo tartibini barpo etish uchun arab davlatlari bilan strategik hamkorlik o‘rnatishni maqsad qilgan.

Qolaversa, o‘zining gigant iqtisodiyoti g‘ildiraklarini aylantirmoqchi bo‘lgan va jahon savdosida hukmronlik qilmoqchi bo‘lgan Xitoy uchun ham energiya manbalari, ham katta bozor bo‘lgani uchun Yaqin Sharq geosiyosiy ahamiyatga ega.

Xitoy 2030 yilga kelib eng yirik global kuchga aylanishni va AQSH taxtiga o‘tirishni maqsad qilgan ekan, Uzoq Sharq va Yevropa o‘rtasidagi eng muhim global savdo yo‘llarida hukmronlik qiluvchi arab dunyosi bilan strategik hamkorlikka muhtoj.

Arab dunyosi esa Xitoyning texnologiya va infratuzilma sarmoyalaridan foyda olishi, shuningdek, AQSHning gegemonligi va Isroilga nisbatan mutlaq tarafkashligidan qutulishi kerak.

Xitoy Prezidentining 7-9 dekabr kunlari tashrifi doirasida qirol Salmon bin Abdulaziz raisligida va valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon ishtirokida bo‘lib o‘tadigan “Saudiya Arabistoni-Xitoy sammiti”, shuningdek, “Ar-Riyod Ko‘rfaz-Xitoy hamkorlik va taraqqiyot sammiti" Ar-Riyoddagi Arab-Xitoy hamkorlik va taraqqiyot sammitida ishtirok etdi.

Xitoy eng yirik neft yetkazib beruvchi Saudiya Arabistoniga alohida e’tibor qaratmoqda.

Ma’lumki, kuniga 10 million barreldan ortiq neft import qiladigan Xitoy eng yirik neft yetkazib beruvchi Saudiya Arabistoniga alohida ahamiyat berishi tabiiy.

Valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon esa AQSH bosimidan qochish uchun o‘z mamlakatining yirik davlatlar bilan hamkorligini kuchaytirishga harakat qilmoqda.

Chunki Neft eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti (OPEK) va unga a’zo bo‘lmagan mamlakatlardan tashkil topgan OPEK+ guruhi neft qazib olishni kamaytirishga qaror qilganlaridan so‘ng, Vashington ma’muriyati tomonidan Saudiya Arabistonining “Rossiya tomoniga o‘tgani” borasidagi ayblovlarga duch keldi. Bu qaror siyosiy bo‘lgani va Ukraina-Rossiya urushida rusni qo‘llab-quvvatlashni anglatishi haqida fikr bildirildi va tashkilotning eng katta hamkori Saudiya Arabistoni tanqid (va tahdid)ning asosiy nishoniga aylandi.

Bu ayblovlar AQSH va uning Yevropadagi ittifoqchilari Rossiyaga qaratgan hamda unga qo‘shilish uchun butun dunyoga bosim o‘tkazayotgan iqtisodiy sanksiyalar Xitoy va Saudiya Arabistoniga “navbat sizga kelishi mumkin” degan ogohlantirishdir. Bu holat ushbu davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni majburiy qilib qo‘yadi.

Bundan tashqari, Eron tahdidi va Yamandagi urush davom etar ekan, Saudiya Arabistonining strategik hamkori AQSHdan voz kechishga hali tayyor emasligi ham ko‘rinib turibdi.

Xitoy ko‘rfaz mintaqasidagi neft, gaz va kapitalga boy davlatlar bilan aloqalarini mustahkamlashga harakat qilmoqda. U Qatardagi jahon chempionati uchun qurilgan stadion misolida bo‘lgani kabi milliard dollarlik shartnomalar imzolamoqchi.

Xitoyni Fors ko‘rfaziga tortadigan yagona narsa neft emas...

Ta’kidlanishicha, neft Xitoyni ko‘rfazga tortadigan yagona narsa emas. Qatarning dunyoning birinchi raqamli tabiiy gaz eksportchisi bo‘lishi ham Pekinning bu mintaqaga yo‘naltirilganligi sabablaridandir. Eslatib o‘tamiz, tomonlar 2021 yilning noyabr oyida 2026 yildan boshlab 27 yil muddatga Xitoyga har yili 4 million tonna suyultirilgan gaz yetkazib berishni ko‘zda tutuvchi kelishuvni imzolagan edi.

Qolaversa, Fors ko‘rfazidagi qurol bozoridan Xitoy ham ko‘proq ulush olishni istaydi. Saudiya Arabistoni va BAA arab dunyosida mudofaa sohasiga eng katta budjet ajratadigan davlatlardir. Qatar, Quvayt, Bahrayn va Ummon ham milliardlab dollarlik qurol import qiladi.

430 milliondan ortiq aholisi bo‘lgan arab dunyosi AQSH aholisidan oshib ketadigan yirik bozordir. Xitoy nisbatan arzon mahsulotlar bilan arab bozorlarini egallab, u yerdagi sarmoyaviy imkoniyatlardan unumli foydalanmoqchi.

Ko‘p qutbli dunyo

Harbiy yoki iqtisodiy qudratidan qat’i nazar, hech bir davlat o‘zini xalqaro ittifoqlardan tashqarida global qutb sifatida ko‘rsata olmaydi va buni Rossiya bilan birgalikda ko‘p qutbli dunyo yaratishga harakat qilayotgan Xitoy yaxshi biladi. Shu sababli, AQSH Moskva tahdidiga qaramay, Xitoyni eng katta tahdid deb biladi.

Rossiya-Ukraina urushi ham Shanxay hamkorlik tashkiloti va BRIKS kabi xalqaro koalitsiyalarning naqadar muhimligini isbotladi.

Moskvaning bu urushdagi zaif siyosiy va huquqiy pozitsiyasiga qaramay, BMT Bosh Assambleyasidagi bir qancha davlatlar Ukraina hududiga bostirib kirishni qoralovchi rezolyutsiyani yoqlab ovoz berdi yoki hech bo‘lmaganda betaraf qoldi.

Arab dunyosi aholisi, strategik joylashuvi, energetika va mineral resurslari, siyosiy o‘rni, shuningdek, savdo va investitsiyaviy imkoniyatlari Xitoyning ustuvor manfaatlaridan sanaladi.

Isroil bilan harbiy va texnologik hamkorlikka qaramay, Xitoy Falastin muammosini hal qilishda o‘z rolini o‘ynashi mumkin, ayniqsa, AQSHdan ko‘ra mo‘tadilroq pozitsiyaga ega.

Pekin ma’muriyati, shuningdek, arab dunyosining AQSH bilan Tayvan masalasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan har qanday ixtilofda o‘z tomonida bo‘lishini, arab o‘lkalarining ko‘proq sarmoya va kreditlar evaziga uyg‘ur musulmonlariga qilingan zulmlariga ko‘z yumishini istaydi.

Ahmad Ali tayyorladi

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Xitoyning arablar bilan yaqinligidan muddaosi nima?