date
views 677

Falastin—Isroil urushining yakuni bormi?

Falastin—Isroil urushining yakuni bormi?

1947 yilda Iosif Stalin Yaqin Sharqda Isroil davlatini tashkil etish yuzasidan BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyasini imzolar ekan, miyig‘ida kulib, “endi bu yerda hech qachon tinchlik bo‘lmaydi” deb aytgan edi. Diniy seminariyada tahsil olgan, dinlar tarixi va ularning ichidagi ixtiloflarni yaxshi bilgan Stalinning bashorati hozircha to‘g‘ri chiqmoqda.

7 oktyabr kuni HAMAS guruhi Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. Shundan so‘ng Isroil “Temir qilich” operatsiyasini boshladi va G‘azo sektorini bombardimon qildi. Hozirda soat sayin har ikki tarafdan qurbonlar va jabrlanganlar soni ortib bormoqda.

“Daryo” ushbu mavzuda siyosatshunos Farhod Karimov bilan suhbatlashdi. Quyida mazkur suhbat bayonini e’tiboringizga havola qilamiz.

— HAMAS qanday tashkilot?

— HAMAS tashkiloti 1987 yilda tashkil topgan. Bu tashkilot Arab-Isroil urushi fonida Falastin hududlaridan isroilliklarni siqib chiqarish va Falastin hududini 1947 yildagi chegaralarga qaytarish uchun tashkil etilgan. Falastin hududida HAMASdan tashqari 11 ta kichik guruhlar mavjud. Bu guruhlarning yagona maqsadi — Falastin mustaqilligini saqlab qolish bo‘lgan. Ammo vaqt o‘tishi bilan guruhlar o‘rtasida bir qator muammolar yuzaga keldi. Ayniqsa, 2007 yilda ro‘y bergan voqealardan so‘ng Fath va HAMAS ikkiga bo‘linib ketdi.

Mahmud Abbos boshchiligidagi Fath tarafdorlari urush yo‘li bilan emas, balki Isroil bilan muzokaralar olib borish orqali kelishishga harakat qiladi. HAMASda esa buning aksi. Hatto HAMAS o‘zining maktab ta’limiga Isroil davlati yo‘q, degan g‘oyani kiritishgan. Ya’ni Falastinning o‘zi ikki qutbga ajralishi natijasida, HAMAS guruhida radikal g‘oyalar kuchayib ketdi.

Aslida bu to‘qnashuv 100 yildan ortiq vaqt davomida bo‘lib kelayotgan urushning bir qismi. HAMASning Isroilga katta ko‘lamda hujum qilgani va Isroil ham Falastinga yaxshigina javob berayotgani juda achinarli holat. Bu to‘qnashuv butun dunyo hamjamiyatini ikki qismga ajratib qo‘ydi. Shuningdek, bu masala dunyodagi boshqa muammolarni uyg‘otib yuboruvchi bir vositaga aylanib qolishi mumkin. Mana shundan qo‘rqish kerak!

— Nega HAMAS kutilmaganda Isroilga hujum qildi?

— Bu hujumni kutilmagan deyish bir oz bahsli. Hozir sharqshunos olimlar bu hujum juda katta tayyorgarlik asosida amalga oshirilganini aytmoqda. Bir necha yil oldin Isroil razvedkasi HAMAS katta qurol omborlarini qurayotgani haqida ma’lumot bergan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, HAMAS Isroil tomon dastlab 5 mingga yaqin raketa uchirgan. Bunday miqdordagi raketalar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmaydi. Shu nuqtai nazardan, bu hujumni kutilmagan deyish bir oz bahsli.

— Isroil razvedkasi HAMASning hujumi haqida ma’lumot olgan bo‘lsa, nega bu hujumning oldi olinmadi?

— Bu yerda ikki xil taxminim bor. 2020 yilda Arab davlatlari (Sudan, Qatar, BAA va Bahrayn) va Isroil o‘rtasida “Ibrohim kelishuvi” bo‘lgan. Bu yerda Isroil davlatini hududi bilan tan olish masalasi ko‘tarilgan edi. Bir asr davomida Isroilga qarshi kurashgan Arab davlatlari asta-sekin uni tan olishni boshladi. Ya’ni bir qancha Arab davlatlari ma’lum bir hududda Isroil davlatining to‘liq tashkil etilishiga rozilik berib bo‘lgan edi. Menimcha, Isroil butun hududni birlashtirish uchun arab dunyosidan qaysidir ma’noda ruxsat olgan. Bu narsa bugun bo‘lmasa, ertaga amalga oshar edi. HAMASning hujumi ortidan Isroil bu hududdagi muammoni birato‘la yakuniga yetkazmoqchi.

To‘g‘ri, hozir Isroil harbiylari HAMASning bunday keng ko‘lamda hujum qilishini kutmaganini ta’kidlamoqda. Hatto Isroil hukumati ham HAMASning hujumiga ishonmagan. Ya’ni bu orqali HAMAS o‘zining taqdiriga o‘zi nuqta qo‘yishi mumkin edi. Balki Isroil bu hujumga yo‘l qo‘yib bergan bo‘lishi ham mumkin. Chunki Xalqaro huquq normalari hujumga uchragan davlatga urush boshlagan tomonning hududlarini egallab olishga ruxsat beradi.

— HAMASning hujumi Falastin jamiyatining xohish-istaklari asosida ro‘y berdimi yoki bu yerda asosiy rolni ayrim kuch markazlari o‘ynadimi?

— Tashqaridan moliyaviy qo‘llov bo‘lmaganida, HAMAS 50-60 yil yashay olmasdi. Chunki bu hududga oziq-ovqat olib kirish juda murakkab. Ya’ni hudud iqtisodiy qamal holatida. Bunday sharoitda HAMASga tashqaridan dastaklov bo‘lmasa, Isroilga qarshi keng ko‘lamli hujumni amalga oshirib bo‘lmasdi.

Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, Qatar bir necha yil davomida HAMASga moliyaviy ko‘mak bergan. Bundan tashqari, Eron Livandagi Hizbulloh harakati orqali HAMASni qo‘llab-quvvatlagan. Shuningdek, bu yerda Xitoy omili ham bo‘lishi mumkin. Chunki joriy yilning sentyabr oyidagi BMTning 78-sessiyasida Xitoy Falastin masalasini ko‘tarib, uni qo‘llab-quvvatlagan edi. Bu yerda tashqi kuchlar haqida bahslar ko‘p. Shu narsa aniqki, tashqi kuchlarning aralashuvisiz bu ish ro‘y bermas edi.

Sardor Ali suhbatlashdi

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Falastin—Isroil urushining yakuni bormi?