date

Berlinda ayol besh yegizak chaqaloqni dunyoga keltirdi

Berlinda ayol besh yegizak chaqaloqni dunyoga keltirdi

Germaniya poytaxti Berlinda voqea tarixga kirdi — mahalliy ayol bir vaqtning o‘zida besh nafar bolani dunyoga keltirdi. Bu haqda Telegrafi nashri ma’lumot berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, tug‘ruq sentyabr oyining oxirida mamlakatning eng yirik tibbiyot muassasalaridan biri — “Sharite” klinikasida amalga oshirilgan. Tug‘uruq kesarcha kesish orqali o‘tkazilgan va unda 25 nafar shifokor ishtirok etgan. Ayol uch nafar qiz va ikki nafar o‘g‘il bolani dunyoga keltirgan.

Berliner Morgenpost gazetasi yozishicha, hozirda ona va chaqaloqlar sog‘lom, o‘zlarini yaxshi his qilmoqdalar. Hozircha ular shifokorlar nazoratida bo‘lib turibdi va yaqin kunlarda uylariga chiqarilishi rejalashtirilgan.

“Sharite” mutaxassislarining ta’kidlashicha, besh nafar egizakning tug‘ilishi juda noyob holat hisoblanadi — tabiiy yo‘l bilan bu kabi homiladorlik 50 million holatdan faqat bittasidagina uchraydi.

Klinikaning akusherlik bo‘limi mudiri Volfgang Xenrix bu haqda shunday dedi:

“Bunday tug‘ruqlar hatto ko‘p yillik tajribaga ega shifokorlar uchun ham jiddiy sinov hisoblanadi. Bu faqat jismoniy emas, balki jamoaviy ish va yuksak mas’uliyat talab qiladigan jarayon.”

Shuningdek, Germaniyada bolali oilalar uchun davlat tomonidan keng ko‘lamli moddiy yordam tizimi ham mavjud. U “Kindergeld” yoki “bola nafaqasi” deb ataladi. Bu nafaqa farzandli ota-onalarga har oy avtomatik ravishda to‘lanadi.

2024-yildagi amaliy me’yorlarga ko‘ra:

– birinchi va ikkinchi bola uchun — oyiga 219 yevro,

– uchinchi bola uchun — 225 yevro,

– to‘rtinchi va undan keyingi har bir bola uchun — 250 yevro.

Ushbu to‘lov bola 18 yoshga to‘lguncha amal qiladi. Agar u o‘qishni davom ettirayotgan yoki ish izlayotgan bo‘lsa, nafaqa 21 yoshgacha uzaytirilishi mumkin.

Shu tariqa, Berlindagi bu tug‘ruq nafaqat tibbiyot jamoasi uchun katta yutuq, balki Germaniyadagi oilalarga bo‘lgan e’tibor va qo‘llab-quvvatlashning yana bir yorqin namoyishidir.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Agar kod o‘qilmasa, yangilash uchun rasmga bosing
Yangiliklar » Dunyo » Berlinda ayol besh yegizak chaqaloqni dunyoga keltirdi