Yuragi “janob” san’atkor: Shohruhxon konsertida ko‘z yoshga to‘lgan lahzalar (video)

Xonanda Shoxruhxonning konserti ayni damda yuqori kayfiyatda davom etmoqda. Ushbu konsert ko‘pchilikka manzur bo‘lib, unutilmas, yoqimli va iliq taassurotlarga boy tarzda o‘tmoqda.
Konsert davomida xonanda Yorqinxo‘ja Umarovning onasi Zohida Umarova sahnaga chiqib, Shohruhxonga gul taqdim etdi va peshonasidan mehr bilan o‘pdi. So‘ng u xonanda haqida juda ta’sirli va samimiy fikrlarini bildirdi:
“Bir kuni Yorqinxo‘ja sen bilan telefonda gaplashayotgan edi. U seni "Shohruhxon janoblari" deb atadi. Men esa: "Nega janob deyapsan?" deb so‘radim. Shunda o‘g‘lim: "Oyijon, hamma chiroyli kiyinganlar, yulduzlar yoki zo‘r ish qilganlar janob bo‘ladimi? Bu bolaning yuragi janob-ku", dedi”.
Shundan so‘ng Zohida Umarova yana mehr bilan: “Kel, seni yana bir bor o‘pay”, deb Shohruhxonning yana peshonasidan o‘pdi va davom etdi:
“Men juda afsusdaman, seni yaqindan bilmaganimdan. Yorqinxo‘ja kichkina bo‘lsa ham, seni qanday inson ekaningni — yuragingni, yaqinlaringga sodiqligingni bilibdi. Sen bilan faxrlanaman, jonim bolam”, dedi.
U so‘zini yakunlar ekan, xonandaning onasiga yuzlanib:
“Zeboxonim, farzandingiz bilan sizning o‘rningizdan men faxrlandim”, deya iliq va ezgu tilaklarini bildirdi.
Bu samimiy va ta’sirli lahzalar zalda o‘tirganlarning yuragiga yetib bordi — ko‘pchilikning ko‘zlariga yosh keldi.