
Bugungi kunda butun dunyo koronavirus pandemiyasi bilan kurashmoqda. Barchaning e’tibori koronavirusni bartaraf etishga qaratilgan bo‘lib, buning uchun barcha davlatlarda karantin e’lon qilingan yoki favqulodda holat o‘rnatilgan.
Shu o‘rinda butun diqqat bir narsaga qaratilganda atrofimizdagi bo‘layotgan holatlarga e’tibor bermaymiz yoki ko‘rib turgan bo‘lsakda beparvolik qilamiz. Shunday beparvolikka berilmasligimiz uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan fuqarolarimiz mobil telfonlariga uy hayvonlariga qo‘lqop bilan teginishni tavsiya qilib sms xabarlar yuborilmoqda.
Koronavirus kasalligini keltirib chiqaruvchi tabiiy manba – bu ko‘rshapalaklar. Ko‘rshapalaklarning COVID-19’ni chaqiradigan turi O‘zbekiston hududida uchramaydi. Odamlarimiz ham ular bilan muloqotda bo‘lmaydi, lekin shu narsani yodda tutishimiz kerakki, uy hayvonlari ham o‘rtadagi vosita bo‘lib qolishi mumkin. Xitoylik olimlar o‘tkazgan tadqiqotlarga ko‘ra, uy hayvonlariga ham koronavirus yuqishi mumkinligi aniqlangan.
Qolaversa, uy hayvonlaridan juda ko‘p: exinokokkoz, iyersinioz, parazitar kasalliklar, gijja kasalliklari hamda yuqumli ichak kasalliklari yuqishi mumkin. Shu nuqtai nazardan Sog‘liqni saqlash vaziriligi tomonidan fuqarolarning mobil telefonlariga yuborilayotgan xabarlar shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya etgan holda yashash tarzini joriy qilish bo‘yicha tavsiya hisoblanadi.
Hozirgi karantin davrida oziq-ovqat mahsulotlarini sotish, tayyorlash bilan shug‘ullanadigan umumiy ovqatlanish shoxobchalari faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan. U yerlardagi qoldiq ovqatlarni yeb, yashab yurgan daydi hayvonlar ham ko‘chaga chiqib ketdi. Shu sababli aholi punktlarida daydi it-mushuklarning ko‘payish holatlari uchramoqda. Aholi yashash punktlaridagi epidemiologik vaziyatning barqarorligini ta’minlash ko‘p jihatdan fuqarolarimizning o‘ziga bog‘liq.
Shu o‘rinda yana bir muhim jihat borki O‘zbekistonda bahor fasli quturish kasalligining asosiy davri hisoblanadi. O‘zbekistonda aholi uchun quturish kasalligining asosiy manbai – itlar va mushuklardir. Quturish kasalligi — neyrotrop virus qo‘zg‘atadigan, muloqot yo‘li bilan yuqadigan, nerv tizimining kuchli zararlanishi bilan kechadigan va o‘lim bilan tugaydigan o‘ta xavfli zooantroponoz yuqumli kasallikdir.
Statistika ma’lumotlariga ko‘ra, qarovsiz hayvonlar tishlashidan jabr ko‘radiganlarning 50 foizdan ortig‘i bolalar va o‘smirlarga to‘g‘ri keladi. Davlat veterinariya ko‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab xar yili 1 millionga yakin inson xayvonlar kuturishi oqibatida ortirilgan kasallikdan vafot etadi. Ushbu ko‘rsatkichning 95% karovsiz daydi itlar tomonidan yetkazilgan jaroxatlar bo‘lib, 60-65 % holatda 14 yoshgacha bo‘lgan yosh bolalarda aniqlanadi.
Ba’zi fuqarolar uylaridagi iti kasal bo‘lsa yoki uni boqa olmasa, yo bo‘lmasa biror kishini tishlasa, itlarini ko‘chaga haydash, yashab turgan joyidan uzoqroq joyga itni adashtirib kelish bilan cheklanadi. Shundan keyin bu itlar qarovsiz, daydi itlarga aylanib qoladi. Bunday daydi itlar karantin davrida turli viruslarning asosiy manbai sifatida atrofdagilarga juda katta xavf tug‘diradi.
Joylarda mahalliy hokimiyat idoralari, ichki ishlar organlari tomonidan yetarli nazorat o‘rnatilmagani oqibatida fuqarolar tomonidan itlarni saqlash qoidalari qo‘pol ravishda buzilmoqda. Xususan, karantin davrida it saqlash qoidalariga rioya qilmagan holda o‘zini va atrofdagilarni xavf ostiga qo‘yib iti bilan kechki sayrda yurgan fuqarolarimizni uchratish mumkin. Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi velosiped haydash ta’qiqlandi, bolalarni ko‘chaga chiqarish ta’qiqlandi, lekin it bahona sayr qilish mumkinmi? “Uyimni atrofida yuribmanku” deb iti bilan ko‘chada daydib yon atrofdagilar uchun virus tashuvchi bo‘layotgan fuqarolarga qonunchilikda qanday ta’qiqlar bor?
Karantin davrida o‘rnatilgan normalarda aynan it-mushuk egalariga ularni saqlashga oid ta’qiqlar belgilanmagan.
Biroq sayr qildirishda ehtiyot choralari sifatida quyidagilarga rioya qilish talab etiladi:
• uy atrofidan uzoqlashmaslik;
• itga tumshuq bog‘ taqish;
• it orqasidan tozalab yurish(axlati uchun paket bo‘lishi).
Mazkur qoidalarga rioya qilmagan holda it yetaklab yurgan fuqarolarni ichki ishlar xodimlari nafaqat karantin qoidalarini buzish bo‘yicha, balki qonunchilikda belgilangan “It va mushuk boqish qoidalariga amal qilish yuzasidan ham tekshirishi, ya’ni itni emlanganligi, bo‘yinbog‘iga, tumshuqboniga qo‘yiladigan va boshqa talablarga rioya etilganligi, it yetaklab yuruvchida itning axlatini olib ketish uchun maxsus paketi bor yoki yo‘qligini o‘rganishi va bu talablardan birotasi buzilgan bo‘lgan taqdirda, it egasini Ma’muriy kodeksning tegishli moddasi bilan javobgarlikka tortish chorasini ko‘rishlari kerak bo‘ladi.
Respublikamizda it va mushuk saqlash qoidalariga rioya etmaslik faqat ma’muriy qonunchilik bilan tartibga solinadi. O‘zbekiston respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 110-moddasi it va mushuk boqish qoidalarini buzish deb nomlanib, bunday huquqbuzarlik fuqarolarning sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga zarar yetishiga olib kelsa, fuqarolarga eng kam ish haqining ikkidan bir qismidan bir baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — bir baravaridan ikki baravarigacha miqdorda jarima solinishi belgilab qo‘yilgan.
Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi oqibati quturish bilan tugaydigan bunday huquqbuzarlik uchun ma’muriy jarima jazosi yetarlimi? Bu borada xorijiy davlatlarda qanday qonuniy choralar ko‘rilgan?
Xorijiy mamlakatlar qonunchiligida it saqlash qoidalari
AQSHda fuqarolar itlarga egalik qilish to‘g‘risida litsenziya olishlari, hamda sotib olgan yoki boqib olgan itni veterinariya departamentlaridan ro‘yxatdan o‘tkazib, ularni saqlaganlik uchun soliq to‘lab borishlari lozim.
O‘rnatilgan qoidalarga muvofiq itining har qanday harakati uchun uning egasi javob beradi. Yetkazilgan zarar miqdoridan kelib chiqib shtatlar sudi tomonidan itning egasiga nisbatan jarima yoki ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanadi. Shu bilan birga AQSH da hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lganlik uchun ham jinoiy javobgarlik belgilangan bo‘lib, bunday jinoyat uchun katta miqdordagi jarima jazosi yoki ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.
Yevropaning Shvetsiya, Daniya, Fransiya, Germaniya, Latviya kabi mamlakatlarida ayrim it zotlarini uyda saqlash man etilgan. Masalan, ispan mastifi, argentina dogi, amerika buldogi, bulterer kabi it zotlarini. Yevropada it egalari oldindan itlari tomonidan yetkaziladigan zararni, ya’ni “tishlanish” oqibatlarini sug‘urta qiladilar. Quturish kasalligini oldini olish uchun bir yilda uch marta itlarini tibbiy tekshiruvdan o‘tkazadilar. Qarovsiz hayvonlar va ular tomonidan kelib chikadigan kuturish va boshka kasalliklarni bartaraf etish bo‘yicha alohida soliq joriy etilgan. Ya’ni har bir boqilayotgan it uchun majburiy to‘lov amalga oshiriladi. Masalan, Gretsiya va Belgiyada bu soliq 50 yevrogacha bo‘lsa, Ispaniya, Bolgariya, Italiya, Chexiya, Litva, Estoniya, Shvetsiyada 10-66 yevrogachadir.
Hayvonlarni saqlash qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida insonlarni yashash huquqidan mahrum bo‘lishiga sabab bo‘lgan holatlarda Latviya respublikasi qonunchiligida quyidagicha jazo choralari mavjud:
Latviya Jinoyat kodeksining 230.1-moddasiga muvofiq, hayvonlarni saqlash qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida jabrlanuvchiga yengil, o‘rta tan jarohati yetkazilganda, qisqa muddatli ozodlikdan mahrum qilish, majburiy mehnatga yo‘naltirish yoki jarima jazolari qo‘llaniladi. Agar jabrlanuvchiga og‘ir tan jarohati yetkazilganda va bu uning o‘limiga sabab bo‘lganda, uch yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi, majburiy mehnat yoki yetkazilgan zarar miqdoricha jarima jazosi qo‘llaniladi.
Italiya respublikasida fuqaro iti yoki mushugini qarovsiz qoldirsa va bu og‘ir oqibatlarga olib kelsa, Italiya Jinoyat kodeksi 150.3-moddasiga muvofiq uch yil ozodlikdan mahrum qilish yoki 10.000 yevro miqdorida jarima jazosiga belgilanadi.
Singapur hukumati 2002 yil 1 mayda mamlakat ichkarisidagi hamda tashqaridan olib kirilayotgan barcha itlarga mikrochip o‘rnatilishini joriy etdi. Mazkur mikrochip xotirasida itni ro‘yxatdan o‘tkazilgan joyi va egasi haqida, itni emlanganligi, tibbiy tekshiruvdan o‘tkanligi, veterinar vrachi to‘g‘risidagi ma’lumotlar saqlanadi. Bunday ma’lumotlar it tomonidan zarar yetkazilganda jabrlanuvchi tarafga da’vo ochish uchun asos bo‘ladi.
Rossiya Federatsiyasi hukumati tomonidan “Potensial xavfli itlarning ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida” gi 974-sonli Qaror 2019 yil 29 iyulda qabul qilingan. Mazkur qarorga muvofiq xavfli itlarning 13 ta turi kiritilgan ro‘yxat tasdiqlangan . Mamlakatda “Xayvonlarga munosabat to‘g‘risida” gi 2018 yil 27 dekabrdagi 498-F3-son Qonunning 13 moddasiga muvofiq xavfli itlar bilan sayr qilish ta’qiqlanadi.
Qonunchilikka takliflar
Yuqorida aytib o‘tilgan xorijiy davlatlarni tartibga solish tajribasidan kelib chiqqan holda, O‘zbekistonda ham quyidagilarni nazarda tutuvchi tegishli qonun hujjatlarini qabul qilish lozim:
O‘zbekiston respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 110-modda sanksiyasini kuchaytirish. Shaharlar va boshqa aholi punktlarida it va mushuk boqishning qoidalarini buzish, xuddi shuningdek mansabdor shaxslar tomonidan egasiz hayvonlarni tuttirish choralarini ko‘rmaganlik — fuqarolarga eng kam ish haqining ikkidan bir qismidan bir baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — bir baravaridan ikki baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik fuqarolarning sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga zarar yetishiga olib kelsa, — fuqarolarga eng kam ish haqining bir baravaridan ikki baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — ikki baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Jinoyat Kodeksga it va mushuk saqlash qoidalarini buzish to‘g‘risidagi 2001 - modda kiritish. Shaharlar va boshqa aholi punktlarida it va mushuk saqlash qoidalarini buzish, xuddi shuningdek mansabdor shaxslar tomonidan egasiz hayvonlarni tuttirish choralarini ko‘rmaganlik odamlarning ommaviy kasallanishi, hayvonlar, parrandalarning qirilib ketishi yoxud boshqacha og‘ir oqibatlarning kelib chiqishiga sabab bo‘lsa, — eng kam oylik ish haqining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. O‘sha harakatlar odam o‘lishiga sabab bo‘lsa, — muayyan huquqdan mahrum qilib, uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida ushbu sohada bo‘shliq mavjudligi, ya’ni it va mushuk saqlash qoidalariga rioya qilmaganlik uchun jinoiy javobgarlik o‘rnatilmaganligi, it va mushuk egalarining beparvoligi yoxud mansabdor shaxslar tomonidan egasiz hayvonlarni tuttirish choralarini o‘z vaqtida ko‘rmaganlik holatlarida kelib chiqadigan oqibatlar uchun javobgarlikdan qutilib ketish imkoniyatini yaratadi.
Ma’muriy javobgarlik kodeksidagi norma sanksiyasini kuchaytirish hamda Jinoyat kodeksiga it va mushuk saqlash qoidalarini buzish uchun javobgarlikni kiritish jamiyatimizda sodir bo‘layotgan qonun buzilishlarini oldini oladi.
Shunday ekan, xorijiy davlatlar tajribasini va O‘zbekistondagi qarovsiz hayvonlar tufayli kelib chiqadigan oqibatlarni huquqiy tartibga solish uchun qonunchilikka tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Dildora Anvarova
Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat
tadqiqot instituti mas’ul xodimi
Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat
tadqiqot instituti mas’ul xodimi
Karantin QoidalariUy HayvonlariKoronavirus PandemiyasiSog'liqni SaqlashKutilmagan HolatlarO‘zbekiston Respublikasi O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing